O‘zbekiston | 01:00 / 18.12.2018
27621
17 daqiqa o‘qiladi

Behzod Yo‘ldoshev: «Atom energetikasining muqobili yo‘q!»

19 oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va RF davlat rahbari Vladimir Putin O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasiga start berishdi. Tadbir bo‘lg‘usi atom elektr stansiyasini qurish uchun maydon tanlashda muhandislik tadqiqotlarining boshlanishini belgilab berdi. AES qurilish loyihasi SSER-1200 rusumdagi reaktorlar bilan jihozlangan ikki energoblokning qurilishini o‘z ichiga oladi. Shu munosabat bilan Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshevga murojaat qildi va atom energetikasiga oid jahon tendensiyalari, fuqarolarimizni xavotirga solayotgan, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi qanchalik muhimligiga doir asosiy savollarga javob oldi.

Suratda: Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev va
FA Yadroviy fizika instituti direktori o‘rinbosari Ilhom Sodiqov

- Behzod Sodiqovich, sizning yadroviy texnologiyalar bo‘yicha professional va ilmiy faoliyatingizga 50 yildan oshdi. O‘zbekistonda atom energetikasi shakllanishi bilan bog‘liq yarim asrlik tarixning eng faol ishtirokchilaridan biri sifatida ayting-chi, bizning mamlakatimiz va jumladan, o‘zbekistonlik mutaxassislar AES kabi yuqori texnologik loyihani amalga oshirishga tayyormi?

- O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi to‘g‘risidagi qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Mamlakatimizda bu sohada faoliyat yurituvchi jahon miqyosidagi mutaxassislar borligini inobatga olsak, bu juda to‘g‘ri qaror. Shu bilan birga, shaxsan davlat rahbarining tashabbusi bilan Toshkentda yadroviy texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlovchi "Moskva muhandislik-fizika instituti" Milliy Tadqiqot Yadroviy Universiteti (MMFIMTYaU) filialini yaratishga qaror qilindi. Bu yil esa biz litsey, maktablarni tugallagan 30 dan ortiq abituriyentni saralab oldik va ular hozirda MMFIMTYaUda ta'lim olishmoqda, har yili shunday tanlov o‘tkazamiz. Bundan tashqari, shu yerning o‘zida yiliga 100 dan ziyod talaba chiqaramiz, ya'ni mavjud kadrlar safiga yosh mutaxassislar qo‘shilishadi. Umuman olganda, AES qurilishi 10 yil atrofida davom etadi va bu kadrlar zahirasini tayyorlash uchun yetarli muddat hisoblanadi.

Nima uchun O‘zbekistonga AES kerakligi haqida gapiradigan bo‘lsak, bir misol keltiraman. 1990-yillarda, ya'ni Sovet ittifoqi parchalanayotgan bir vaqtda O‘zbekistonning bir fuqarosi uchun 2700 KVt/s energiya ishlab chiqarar edik, bugun esa 1600 KVt/s’dan biroz ko‘proq energiya ishlab chiqariladi, chunki yangi quvvatlar deyarli kiritilmagan, aholi esa 30 foizdan ko‘proqqa oshgan. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar biz rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishni istasak, birinchi navbatda to‘rt omilga e'tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi: suv, energiya, oziq-ovqat ta'minoti va inson salomatligi. Mazkur yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun esa energiya resurslari kerak va bu borada AES qurilishi vaqt chaqirig‘iga yagona to‘g‘ri javob bo‘la oladi.

- Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA) baholariga ko‘ra, 2050 yilga borib atom stansiyalari quvvati ikki baravarga, ya'ni 748 GVt’ga oshadi. Siz XAEA tuzilmasida ishlagansiz va atom jamiyati vakillari bilan hamkorlik qilib kelasiz. Fikringizcha, jahonda atom energetikasi rivoji faollashuvining sababi nimada?

- Bir necha sababni keltirmoqchiman:

Birinchidan, atom generatsiyasi mavjud barcha energiya turlari orasida ekologik jihatdan eng tozasi hisoblanadi va u mamlakat sanoati rivoji uchun zarur bo‘lgan barqaror bazaviy yuklamani ta'minlaydi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) uni to‘ldirishi mumkin, lekin bu funksiyani mustaqil bajara olmaydi, zero QTEM beqaror va u ob-havo sharoitlariga bog‘liq.

Ikkinchidan, AES 60 yildan 100 yilgacha ekspluatatsiya qilinishi mumkin, ya'ni u rivojlanish rejasini amalga oshirish imkonini beruvchi uzoq muddatli va istiqbolli loyihadir. Rivojlangan mamlakatlarda AES xarajatlari 10 yilgacha muddat ichida qoplanadi, keyingi 50 yildan ziyod davrda esa sof daromad keltiradi.

Uchinchidan, atom energiyasi arzon va u xomashyo narxiga u qadar bog‘liq emas, zero uning umumiy tannarxdagi ulushi 10 foizdan oshmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston atom elektr stansiyalari uchun xomashyo hisoblangan katta uran zaxirasiga ega.

Har qanday stansiya, har qanday inson faoliyati bir temir qoidaga rioya qilishi zarur – xavfsizlik. Deylik, gipotetik jihatdan qurilish bo‘layotgan joydan o‘tib ketayotgan kishining boshiga g‘isht tushishi mumkinligi sababli hech kim qurilishni bekor qilmaydi. Shunchaki xavfsizlik texnikasini kuchaytirishga oid choralar ko‘riladi. AESda ham xuddi shunday – gap qurish yo qurmaslikda emas, buni qanday amalga oshirishda. AES stansiyada xizmat qilish bo‘yicha yuqori madaniyat, keng qamrovli va chuqur bilimlarni egallashni, shu bilan birga, katta mas'uliyatni talab qiladi.

Bugun AES foydasiga tanlovni amalga oshiruvchi mamlakatlar eng yaxshi texnologiyalarni tanlaydi va aksariyat davlatlar Rossiya loyihalarini afzal ko‘radi, zero ular o‘zining kompleks yondashuvi bilan ajralib, nafaqat loyihalashtirish va qurilish, balki kadrlarni tayyorlash hamda infratuzilmani rivojlantirishda ham yordam berishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, bu loyihalar referent, ya'ni ularning Rossiyada faoliyat yuritayotgan hamda o‘zining ishonchli va xavfsizligini isbotlagan muqobillari bor. O‘zbekistonda «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda quriladigan AES atom elektr stansiyalari qurilishidagi eng so‘nggi yutuqlarga asoslanadi. Bu 9 balli zilzilaga dosh bera oluvchi obekt bo‘lib, u barcha tashqi ta'sirlardan himoyani ta'minlaydi. Ushbu AES 20 dan ortiq xavfsizlik tizimiga ega bo‘lib, ularning har biri bir-biridan mustaqil ravishda ishlaydi. Biror kishi, hatto qasddan bo‘lsa-da, reaktor rejim tartibini ishdan chiqara olmaydi. Zamonaviy atom elektr stansiyasi shundayki, unda inson omili butunlay chiqarib tashlanadi!

- Internet hamjamiyatida O‘zbekiston atom energetikasidan voz kechib, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishi kerakligiga doir bahs-munozaralar ko‘p kuzatilmoqda, bunga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

- Bugunga kelib butun dunyoda 60 ga yaqin reaktor qurilmoqda. Bunda Osiyo mamlakatlari yetakchilik qiladi. Masalan, Xitoyda 2030 yilgacha 34 ta AES qurilishi rejalashtirilmoqda. Pokiston yaqin vaqt ichida AESda ishlab chiqariluvchi elektr energiyasi umumiy quvvatini 40 GVt’ga yetkazmoqchi. Taqqoslash uchun aytaman, respublikamizda o‘rnatilgan quvvatning barchasi 14 GVt’dan oshmaydi. Bugungi kunda Hindiston, Yaponiya, Bangladesh, Finlyandiya, Vengriya, Slovakiya atom elektr stansiyalarini  qurmoqda, Bolgariya yana bir AES qurilishi imkonini o‘rganmoqda. Bizdan-da seysmik jihatdan xavfli hududda joylashgan +*Turkiya SSER-1200 reaktorli to‘rt blok qurmoqda. Eng qizig‘i, neft-gaz hamda quyoshli kunlarga boy Birlashgan Arab Amirliklaridek davlat har biri 1200 MVt keladigan 4 yadroviy blokni intensiv ravishda qurmoqda. 

Gap shundaki, qazib olinuvchi uglevodorodlar, qanchalik hamyonbop va jozibali bo‘lmasin, tugash tendensiyasiga ega va buni hamma tushunadi. Bundan tashqari, ulardan foydalanish atrof-muhitni ifloslantiradi va issiqxona gazlari chiqarilishiga turtki beradi, insoniyat esa bugun sayyoradagi iqlim o‘zgarishlaridan jiddiy xavotirda va shu bois global isishni to‘xtatish harakatida. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari haqida so‘zlasak, ha, quyosh energetikasi shiddat bilan rivojlanmoqda, biroq hozircha u katta energetika darajasiga yetgani yo‘q. Nima uchun? Birinchidan, quyosh energiyasining narxi juda qimmat. Ikkinchidan, xizmat ko‘rsatish qimmatga tushadi va juda murakkab. Uchinchidan, xizmat muddati katta emas. To‘rtinchidan, biror seriyali loyiha yo‘q – deyarli barcha ishlar tajriba darajasida olib boriladi. Bugungi kunda birorta o‘zini hurmat qiluvchi kompaniya  quyosh elektr stansiyalari uchun 20 yildan ortiq kafolat bermaydi. Bundan tashqari, 1 GVt quyosh elektr stansiyasi 60 kvadrat kilometrdan ortiq maydon degani. Quyosh panellari bilan ta'minlangan ulkan maydonni tasavvur qilib ko‘ring-a, ularni nazorat qilish, ta'mirlash, boz ustiga bizning sharoitlarda muntazam ravishda chang va tuzdan tozalash kerak... Tabiat tomonidan belgilangan yana bir raqamni yodda tutish kerak – elektr energiyasiga aylantirish kerak bo‘lgan va hech ham o‘zgartirib bo‘lmaydigan quyosh doimiyligi, bizning sharoitlarda bu - yer yuzining har kvadrat metriga 600-700 vatt. Bugungi kunga kelib, hech bo‘lmaganda 20 foizga yaqin quyosh nurini elektr energiyasiga aylantira oluvchi biror seriyali quyosh elektr stansiyasi yo‘q. Chekka hududlar haqida gapirganimizda, ha, u yerlarda mahalliy maqsadlarda quyosh energetikasidan foydalanish mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, kunning qorong‘u qismi va ayniqsa tungi vaqtda bunday stansiyalar elektr energiyasini ishlab chiqarmaydi. Hozir quyosh energetikasini arzonlashtirish va uning samaradorligini oshirishga doir intensiv tadqiqotlar olib borilayotganiga qaramay, u qimmat energiya turiligicha qolmoqda. O‘ylashimcha, yaqin kelajakda energiyaning bu turi ham keng talabgor bo‘ladi.

Shamol energetikasi, o‘z o‘rnida, maxsus sharoitlarni talab qiladi. Shamol elektr stansiyalari faoliyati uchun eng optimal shamol tezligi – taxminan soniyasiga 5-7 metr, bunda shamol tezligi doimiyligi va yo‘nalishi juda muhim. Shunday ekan, shamol elektr stansiyalari ham ob-havo sharoitlariga bog‘liq va yetarlicha qimmat. Ta'kidlash joizki, shamol elektr stansiyalari talaygina bo‘lgan Yevropa so‘nggi 2 yilda shamol oqimi va tezligi o‘zgarishi bilan bog‘liq katta muammolarga duch kelmoqda, bu faqatgina qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘ziga ishonib qolmaslik kerakligiga yaqqol misoldir. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, QTEM haqiga gap ketganda, O‘zbekiston hududida bugunga qadar katta ko‘lamda energiya berishi mumkin bo‘lgan jiddiy geotermal manbalar topilmagan (masalan, Islandiyadagi kabi). Bir energiya turi ikkinchisini siqib chiqarmaydi – energiya manbalarini diversifikatsiyalash zarur, biroq katta energetika haqida gapiradigan bo‘lsak, hozircha atom elektr stansiyasining muqobili yo‘q.

- Yaqinda Germaniyada Yevropa va AQSh ekologik tashkilotlari tashabbusi bilan AESni qo‘llab-quvvatlovchi aksiya bo‘lib o‘tdi. Nima uchun ekologlar Yevropada AESning yopilishiga qarshi chiqish qilishmoqda?

- So‘nggi vaqtlarda Belgiya, Polsha, Germaniya va umuman butun Yevropa bo‘ylab “yashillar” namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda, ular ko‘mirdan olinadigan elektr energiyasini butunlay taqiqlash hamda gaz va neft mahsulotlarini yoqishni qisqartirishni talab qilishmoqda. Atmosferaga chiquvchi zararli chiqindilarning katta qismi esa aynan issiqlik elektr stansiyalari (IES)dan kelib chiqadi. Yevropada AESdan to‘liq voz kechish yo‘q. Qator mamlakatlarda eski reaktorlarni yopish va rejali ravishda “yashil energetika”ga o‘tishga doir dasturlar qabul qilingan. Biroq reaktorlarni to‘xtatish kerak yoki yo‘qligiga oid munozaralar davom etmoqda. Masalan, Germaniyada QTEMga o‘tildi, ammo buning natijasida aholi elektr energiyasi uchun to‘rt baravar ko‘p pul to‘lamoqda, zero elektr energiyasi Fransiyadan import qilinmoqda va bu energiya ham AESda ishlab chiqilgan. Hozir esa atom energetikasini qayta tiklash uchun butun boshli harakat yuzaga keldi. Ekologlar atom stansiyalari yopilishiga qarshi chiqishdi, chunki zamonaviy AES, umuman olganda, atrof-muhitga hech qanday ziyon yetkazmaydi. Lekin men yuqorida sanab o‘tgan qator ijobiy tomonlari bor. Shu bois gigavattlar darajasidagi katta energetika haqida gap ketganda, butun dunyo ekologik tozalik, ishonchlilik va uzoq xizmat muddati hisobiga atom elektr stansiyasining muqobilini ko‘rayotgani yo‘q. 

- Atom energetikasi global isish xavfiga qarshi kurashda, jumladan, Parij iqlim kelishuvi kontekstida qanday rol o‘ynaydi?

- AES faoliyati atmosferaga karbonat dioksidi chiqishi oldini oladi va aynan shuning uchun u “yashil” energetikaga mansub. 2017 yilning aprelida O‘zbekiston iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini imzoladi, shu yilning 2 oktyabrida esa Prezident “Parij kelishuvini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mamlakatimizning Parij kelishuviga qo‘shilishi natijasida biz 2050 yilga borib havo haroratining 1,5 darajadan ortiq isishi oldini olishga oid choralar qabul qilish majburiyatini o‘z zimmamizga olganmiz. Bu maqsadga esa AESsiz erishib bo‘lmaydi hisob. Masalan, agar amaldagi barcha AESning quvvati ko‘mir va gaz manbalari hisobiga ta'minlanganida edi, atmosferaga har yili qo‘shimcha 2 milliard tonna karbonat dioksidi chiqar edi. Ayni damda butun dunyo bo‘ylab qurilayotgan yangi atom elektr stansiyalarining ishga tushishi esa atmosferaga ko‘tariladigan zararli moddalar miqdorini sezilarli darajada qisqartirishga yordam beradi.

Radiatsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, XVI-XVII asrlarning buyuk mutafakkiri Frensis Bekon aytganidek: “Bilim – bu kuch demak”. Bunga “Bilimsizlik esa jaholatdir”, deya qo‘shimcha qilgan bo‘lar edim. Insoniyatning ko‘p fojialari aynan bilimsizlik, jaholat natijasida kelib chiqadi. Masalan, Fransiyada elektr energiyasining deyarli 80 foizi AESda ishlab chiqariladi, ularning aksariyati yirik aholi punktlaridan u qadar uzoq emas. AQShda 48 reaktorning ekspluatatsiyasi litsenziyasi 60 yildan 80 yilgacha uzaytirildi. Barcha AESlardagi radiatsiyalar to‘liq nazorat ostida va reaktor bakining himoya qobig‘idan tashqariga chiqmaydi, AES atrofidagi radiatsion fon esa me'yordan tashqariga chiqmaydi.  

Ta'kidlash joizki, “tabiiy radiatsiya” degan tushuncha mavjud. Usiz biror tirik organizm yashay olmaydi! 3,5 milliard yil davomida organik hayot evolyutsiyasi va xususan, inson organizmi evolyutsiyasi 3-6 million yil mobaynida tabiiy radiatsiya sharoitlarida o‘tgan. Radiatsiyasiz biror galaktika yoki sayyora yo‘q, barchasi radiatsiyaga to‘lgan. Radiatsiyaning belgilangan me'yorlardan tashqariga chiqishi esa boshqa gap. Biz bu bilan ham ishlashni bilamiz, nazorat qila olamiz. Qo‘rquvga hojat yo‘q. Nima uchun boshqa mamlakatlar qo‘rqmaydi?

Suhbatga yakun yasagan holda, shuni ta'kidlamoqchimanki, energiyaning barcha turlari yaxshi. Biroq biz rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishni istar ekanmiz, hozircha atom energetikasining muqobili yo‘q!

Ma'lumot uchun: Behzod Yo‘ldoshev – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, professor, yadroviy fizika va elementar zarrachalar fizikasi olimi. 1968 yilda Toshkent davlat universitetining fizika fakultetini a'lo baholarga tugallagan, Dubna (Rossiya)dagi Birlashgan yadroviy tadqiqotlar instituti bazasida diplom ishini bajarish uchun Moskva davlat universitetiga yo‘llangan, mazkur institut tarixidagi eng yosh tajribachi-fan nomzodi hisoblanadi. 36 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zSSSR Davlat mukofoti sovrindori. Amerika fiziklar jamiyati a'zosi, Indiana universiteti (AQSh) hamda Kembrij universiteti (Angliya) hurmatli doktori, Islom olami mamlakatlari akademiyasi akademigi va Birlashgan yadroviy tadqiqotlar instituti hurmatli doktori, xalqaro YeSO mukofoti sovrindori. Behzod Yo‘ldoshev 5 yildan ortiq vaqt davomida AQShda faoliyat yuritgan, u yerdagi turli yadroviy markazlarda tajribalar o‘tkazgan. 4 yil davomida Xalqaro atom energetikasi agentligida ilmiy maslahatchi sifatida ishlagan. XAEAdagi faoliyati davomida u yadroviy xavfsizlik va yangi turdagi yadroviy reaktorlarni yaratishga oid atom loyihalariga rahbarlik qilgan.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid