Jamiyat | 14:12 / 18.12.2018
40001
19 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Konstitutsiyaviy Sudi: propiska tizimi konstitutsiyaga zid

Oxirgi 1 oy ichida propiska mavzusi har galgidan ham keng muhokama qilina boshlandi. Ko‘pchilik shu bo‘yicha o‘z fikrini bildirmoqda, kimdir propiskaga qarshi, kimdir esa uni yoqlab chiqyapti.

Mavzuni o‘rganar ekanman, eng avvalo xorijiy davlatlarning amaliyotini ko‘rib chiqdim. Xo‘sh, qolgan davlatlarda, ayniqsa sobiq sovet ittifoqi davlatlarida propiska tizimi qay ko‘rinishda tartibga solingan? Tabiiyki, meni dastlab Rossiya Federatsiyasidagi amaliyot ko‘proq qiziqtirdi. O‘rganish jarayonida RF Konstitutsiyaviy Sudi tomonidan chiqarilgan bir nechta qarorni uchratdim va ular haqida maqola yozishni ma'qul topdim. Bugungi maqolamizda shu haqida so‘z yuritiladi.

Barchasi nimadan boshlangan?

Aslida propiska tizimi ildizi o‘tgan asr boshlariga borib taqaladi. Sovetlar davrida uzoq yillar umrini o‘tagan propiska tizimiga barham berish haqida ilk marta SSSR Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasining 1990 yil 26 oktyabrdagi xulosasi chiqariladi. Unda propiskaga oid ayrim qoidalar konstitutsiyaga zid deya baholandi va bekor qilish haqida xulosaga kelinadi.

Ammo ushbu Xulosa talablari yetarli darajada bajarilmagach, SSSR Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi 1991 yil 11 oktabr kuni o‘z tashabbusi bilan mazkur masalani yana bir bor qayta ko‘rib chiqdi. Qo‘mita parchalanish arafasida turgan ittifoq tarixidagi eng dadil qarorlardan birini qabul qildi va propiska tizimini SSSR Konstitutsiyasiga zid, degan xulosaga keladi. Xususan, xulosada shunday deyiladi: «Ruxsat berish mazmunidagi propiska tizimi fuqarolarning harakatlanish erkinligini asossiz ravishda cheklaydi.

Ishga joylashish propiskaning borligi bilan belgilanadi. Propiskasiz xodimlarni ishga olganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilangan. Moskva shahrida boshqa hududlardan kelgan fuqarolarni ishga qabul qilishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq mavjud. Bu kabi qoidalar SSSR Konstitutsiyasining 40-moddasi va Inson huquqlari va erkinliklari Deklaratsiyasining 23-moddasiga zid.

Propiska tizimi SSSR Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan mulkdor bo‘lish huquqini inkor qiladi. Uy-joyi va kvartirasi, dala hovlisi, garajini sotish, hadya qilish, ularni ijaraga berish yoki ularga oid boshqa bitimlarni tuzishda oluvchi tomon ham o‘sha hududning propiskasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Uy-joy bozoriga qo‘yilgan bunday asossiz to‘siqlar o‘z navbatida erkin tadbirkorlik, pul, tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishiga ham to‘siq bo‘lmoqda.

Shunga ko‘ra, SSSR Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi quyidagi xulosa keldi:
1. Fuqarolarning yashashi, ish va o‘qishga joylashishi, uy-joy, kvartira, dala hovli, garajlar uchun mulk huquqining vujudga kelishi uchun ma'muriy organlardan ruxsat olishi, shuningdek, ushbu majburiyatlarni buzgani uchun javobgarlik belgilanishiga oid Propiska haqidagi yo‘riqnoma hamda SSSR Hukumatining propiskaga oid boshqa qarorlari SSSR Konstitutsiyasi, Inson huquqlari va erkinliklari Deklaratsiyasi hamda inson huquqlariga oid xalqaro aktlarga muvofiq emas».

Yangi Rossiyadagi holat

1993 yil 25 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining «Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida harakatlanish, yashash va turar joyini tanlash erkinligi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinadi. Ushbu qonunda fuqarolarning harakatlanish erkinligi kafolatlangan bo‘lib, sovetlar davridagi propiska o‘rniga xabardor qilish xarakteridagi qayd etish tizimi joriy qilinadi. Biroq 1995 yil 17 iyul kungi hukumat qarori bilan tasdiqlangan fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha qayd etish qoidalarida yuqoridagi qonundan farqli o‘laroq fuqarolarni qayd etishni rad qiluvchi o‘nlab asoslar keltiriladi. Hukumatning ushbu qarori natijasida joylarda vaziyat murakkablashadi, xalq noroziligi yuzaga kela boshlaydi.

Shunday kunlarning birida Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy Sudi ushbu mojaroga bosh suqadi va hukumatning konstitutsiyaga zid qarorlariga qarshi ayovsiz «jang» boshlaydi.

Konstitutsiyaviy sudning ketma-ket «zarbalari»

1995 yil
Dastlab, RF Konstitutsiyaviy Sudi 1995 yil 24 aprel kuni Astraxan viloyatida yashovchi fuqaro Lidiya Sitalovaning propiskaga oid murojaatini ko‘rib chiqadi. Ushbu fuqaro 5 yil davomida fuqarolik nikohida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i V.Kaderkinning uyida yashagan bo‘lsada, lekin propiskasi boshqa manzilda bo‘lgan. Keyinchalik u ushbu uyga ro‘yxatga turish uchun ariza beradi, ammo tegishli organlar Uy-joy kodeksining 54-moddasini asos sifatida keltirib, arizani rad qiladi. O‘zining konstitutsiyaviy huquqlari buzilgan deb hisoblagan L.Sitalova Konstitutsiyaviy Sudga shikoyat qiladi. Natijada Konstitutsiyaviy sud Uy-joy kodeksining 54-moddasidagi tegishli bandni RF Konstitutsiyasida kafolatlangan harakatlanish erkinligiga zid deya topadi va bekor qiladi. Qarorni bu yerdan o‘qishingiz mumkin. 

1996 yil
Oradan 1 yil o‘tib, bir guruh fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Komi Respublikasi rahbari Yuriy Spiridonov RF Konstitutsiyaviy Sudiga murojaat qilib, Moskva va Moskva viloyati, Stavropol o‘lkasi, Voronej viloyati va Voronej shahrining qator normativ hujjatlarini bekor qilishni so‘raydi. Gap shundaki, mazkur hududlar mahalliy qonunlar bilan propiska uchun turlicha shartlar belgilab olishgan edi. Masalan, Moskva viloyatida doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish evaziga 3 kishidan ko‘p bo‘lmagan oila uchun shahar budjetiga 9 mln rubl (o‘sha paytda taxminan 2 ming AQSh dollari) to‘lash kerakligi belgilangan bo‘lsa, Moskva shahrida bu miqdor ancha baland – eng kam ish haqining 500 baravari (o‘sha paytda taxminan 7 ming AQSh dollari) miqdorida «propiska boji» belgilangandi, shuningdek fuqarolar uy sotib olishi ham kerak bo‘lgan.

Stavrapol o‘lkasida ham doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish uchun maxsus yig‘im belgilangan, shuningdek, yillik kvota ham bo‘lgan. Ya'ni yiliga mahalliy aholining 0,5 foizidan ortig‘iga doimiy propiska berilmagan.

1996 yil 4 aprel kuni RF Konstitutsiyaviy Sudi yuqoridagi barcha hujjatlarni Konstitutsiyaga zid deb topadi va bekor qilish haqida qaror qabul qiladi. Qarorni bu yerdan o‘qishingiz mumkin.

1997 yil
1996 yil 4 apreldagi Konstitutsiyaviy Sud qarorini barcha hududlar ham ijro etishga shoshilmagan. Masalan, Moskva viloyati dumasi 1996 yil 5 iyul kuni yangi qonun qabul qiladi. Unga ko‘ra, Moskva viloyati hududida doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish uchun budjetga eng kam ish haqining 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda majburiy yig‘im belgilanadi. Moddiy ahvoli tufayli ushbu to‘lovni amalga oshirishga imkoniyati bo‘lmagan bir guruh fuqarolar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishni so‘rab, murojaat qiladi. RF Konstitutsiyaviy Sudi 1997 yil 2 iyuldagi qarori bilan Moskva viloyati dumasining ushbu qonunini ham RF Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan fuqarolarning erkin ko‘chib yurish kafolatiga zid, deb topadi va bekor qiladi. Qarorni bu yerdan o‘qishingiz mumkin.

1998 yil
1998 yilning boshida RF Konstitutsiyaviy Sudi propiska masalasiga oid yana bir qaror qabul qiladi. Bu safar «Rossiya Federatsiyasidan chiqish va Rossiya Federatsiyasiga kelish to‘g‘risida»gi qonun nishonga olinadi. Gap shundaki, Rossiya fuqarosi A.Avanov 1996 yilda xorijga chiqish pasportini (zagranpasport) olish uchun Moskva shahri ichki ishlar bosh boshqarmasiga ariza beradi. Lekin uning doimiy propiskasi Tbilisi (Gruziya) shahridaligi, Moskva shahrida turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinmaganini ro‘kach qilib, unga zagranpasport berishni rad etishadi. Fuqaro Moskva IIBB tomonidan chiqarilgan ushbu qaror ustidan mahalliy sudga shikoyat bilan da'vo kiritadi, lekin sudda ham yutqazadi. Shundan keyin o‘zining konstitutsiyaviy huquqlari buzilganidan norozi bo‘lgan A.Avanov Konstitutsiyaviy Sudga murojaat qiladi. U o‘z shikoyatida fuqarolarga zagranpasport olish uchun albatta qayerdadir turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishni talab qilish cheklovchi qoida bo‘lib, fuqarolar orasida diskriminatsiya keltirib chiqarishi va Rossiya hududidan erkin chiqib ketish huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishini bildiradi. Konstitutsiyaviy Sud fuqaroning ushbu murojaatini ko‘rib chiqib, «Rossiya Federatsiyasidan chiqish va Rossiya Federatsiyasiga kelish to‘g‘risida»gi qonunning zagranpasport berish uchun propiska talab qilinishi haqidagi qismini konstitutsiyaga zid deb topadi va uni bekor qiladi. Qarorni bu yerdan o‘qishingiz mumkin.

Yakuniy zarba
1998 yil 2 fevral kuni RF Konstitutsiyaviy Sudi propiskaga oid muhim qarorlardan birini qabul qildi. Mazmunan propiska institutini butunlay bekor qiluvchi ushbu qarorda Hukumatga faqatgina xabardor qilish mazmunidagi qayd etish tizimini joriy qilishga ruxsat beriladi. Lekin bu tizim fuqarolarni hech qanday huquqdan mahrum qilmasligi, ularga biror majburiyat yuklamasligi va eng asosiysi biror joyda yashash uchun uy egasidan boshqa hech kimdan (na biror tashkilotdan, na biror shaxsdan) ruxsat olishga majbur emasligi qayd etiladi. Keling, muhimligini hisobga olib, ushbu qarorni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.

Kim murojaat qilgan?
Nijniy Novgorod viloyati gubernatori hukumatning 1995 yil 17 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan «Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida yashash va turar joyi bo‘yicha qayd etish qoidalari»ning 10, 11 va 21-bandlari fuqarolarning konstitutsion huquqlarini buzmoqda, deya RF Konstitutsiyaviy Sudiga murojaat qiladi.

Sud majlisida kimlar qatnashgan?
Sud majlisida tomonlar sifatida so‘rov yuborgan Nijniy Novgorod viloyati gubernatorining vakili hamda ko‘rib chiqilayotgan hujjatni tasdiqlagan Rossiya Federatsiyasi hukumati vakili ishtirok etgan. Shuningdek, mutaxassis sifatida Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi, Oliy Sudi, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari hamda Federatsiya Kengashidan vakillar ham qatnashgan.

Shikoyat mazmuni nimada?
Nijniy Novgorod viloyati gubernatori fikricha, hukumat qaroridagi qoidalar fuqarolarni qayd etish (vaqtincha propiska) muddatlarini chegaralashi hamda qayd etishni rad qilish imkoniyati ko‘zda tutilgani sababli, mazmunan bu ruxsat berish xarakteridagi hujjat hisoblanadi, ya'ni propiska institutini saqlab qolmoqda.
Shuningdek, gubernator ko‘rib chiqilayotgan huquqiy normalar RF Konstitutsiyasining 27-moddasi (1-qism) bilan kafolatlangan fuqarolarning erkin harakatlanish, yashash va turar joyini erkin tanlash huquqlarini chegaralashini ham ta'kidlaydi.

Sud qanday to‘xtamga keladi?

Konstitutsiyaviy Sud ushbu ishni ko‘rib chiqib quyidagi muhim xulosalarni belgilaydi:

1) Avvalo fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha qayd etish instituti qonuniyligi qayd etildi. RF fuqarosi maxsus organlarni o‘zining yashash joyi haqida belgilangan tartibda xabardor qilishi, nafaqat uning huquqi, balki majburiyati ham ekanligini ta'kidlandi.
2) Shu bilan birga, fuqaro qayd etilgani yoki qayd etilmagani fakti fuqaro uchun qandaydir huquqlar bermaydi, majburiyatlar ham yuklamaydi hamda qonun hujjatlari bilan belgilangan huquq va erkinliklarini chegaralash uchun asos ham bo‘lmaydi.
3) Tegishli organlarga faqat fuqarolarning yashash uchun erkin tanlagan joyini qayd etish vakolati berilgan. Aynan shuning uchun qayd etish tizimi ruxsat berish xarakteriga ega bo‘lolmaydi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini cheklashga olib kelmasligi kerak. Qayd etish tizimi faqat xabardor qilish xarakteriga ega bo‘lishi kerak;
4) Fuqarolarning mamlakat hududida erkin harakatlanish, yashash va turar joyini erkin tanlash huquqi mutlaq emas, RF Konstitutsiyasining 55-moddasiga (3-qism) muvofiq mazkur huquq konstitutsion tuzum asoslarini, o‘zga shaxslarning axloqi, sog‘lig‘i, huquqlari va boshqa qonuniy manfaatlarini himoyalash, mamlakatni mudofaa qilish va davlat xavfsizligini ta'minlash maqsadlarida cheklanishi mumkin.
Federal Qonunga ko‘ra, mazkur huquq muayyan rejim o‘rnatilgan hududlarda: chegara oldi hududlarida, yopiq harbiy shaharchalar va boshqa shu kabi ma'muriy-hududiy tuzilmalarda, ekologik falokat hududida, favqulodda yoki harbiy holat joriy etilgan hududlarda, shuningdek, infeksion va boshqa ommaviy noinfeksion kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan holatlarda aholi yashashi va xo‘jalik faoliyatini yuritishi uchun alohida shartlar va rejimlar joriy qilingan ba'zi bir hududlar va aholi yashash maskanlarida cheklanishi mumkin.
5) Fuqarolarning erkin harakatlanish huquqini cheklash uchun asos bo‘luvchi sabablar Qonunda aniq sanab o‘tilgan, faqat va faqat ushbu sabablargina muayyan hududlarda ruxsat beruvchi xarakterga ega bo‘lgan qayd etish tizimini joriy etish uchun asos bo‘lishi mumkin.
6) Qonunda ko‘rsatilmagan sabablar asosida ruxsat beruvchi xarakterdagi qayd etish tizimini joriy etish RF Konstitutsiyasi talablarini buzish hisoblanadi. Hukumat o‘z qarorlari bilan ushbu sabablar ro‘yxatini kengaytirishga haqli emas, bu taqiqlanadi.
7) Turar joyi bo‘yicha qayd etish uchun vakolatli organga fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, shuningdek fuqaroni turar joyga qo‘yish uchun asos bo‘ladigan hujjatni (order, shartnoma, fuqaroga turar joyni taqdim etuvchi uy-joy mulkdorining arizasi yoki boshqa shu mazmundagi hujjat) taqdim etishi lozim. Ushbu hujjatlarni taqdim etish majburiyati konstitutsiyaviy huquqlar buzilishi emas, balki bir vaqtning o‘zida o‘sha turar joyda yashayotgan o‘zga shaxslarning (mulkdorning) huquq va erkinliklarini himoya qilish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki harakatlanish erkinligi o‘zgalar huquqini buzmasligi kerak.
8) Yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilishi vakolatli organda fuqaroni qayd etish huquqini emas, balki majburiyatini keltirib chiqaradi. Vakolatli organ qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga yoki qayd etishni rad qilishga haqli emas.
9) Qonunda RF hukumati zimmasiga RF hududida fuqarolarning yashash va turar joyi bo‘yicha qayd etish tartibini tasdiqlash vazifasi yuklangan bo‘lsa-da, lekin qayd etishga ruxsat bermaslik tartibini o‘rnatish huquqi berilmagan. Bundan kelib chiqadiki, RF hukumati tartibni tasdiqlashda RF Konstitutsiyasi va federal qonunlar bilan o‘ziga berilgan vakolatlar doirasidan chiqib ketgan.
10) Amaldagi tartibga asosan fuqarolar turar joylarda 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga qayd etilishadi, faqat alohida holatlarda bu muddat uzaytirilishi mumkin. Bu bilan fuqaro o‘zi tanlagan turar joyda qancha yashashini o‘z erk-xohishi bilan belgilay olmayapti, balki tegishli organ xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
11) Ma'lum muddatdan keyin turar joyni tark etishi qat'iy belgilab berilishi fuqarolarning o‘zaro uy-joy va boshqa shu kabi huquqiy munosabatlariga ijroiya hokimiyati organlarining noqonuniy aralashishi sifatida baholanadi. Bu esa fuqarolarning o‘z yashash joyini erkin tanlashdek konstitutsion huquqini cheklaydi.
12) Fuqaro u yoki bu joyda bo‘lish muddatini o‘zi mustaqil belgilashi lozim. Bu muddat hukumat tomonidan belgilanishi, ya'ni cheklanashi mumkin emas. Chunki bu yashash joyini tanlashda fuqaro huquqlari cheklanganini anglatadi.

Yakunda qanday qaror qabul qilindi?

RF Konstitutsiyaviy Sudi yuqoridagi barcha holatlarni inobatga olib, hukumat qarori bilan tasdiqlangan qoidalarning 10, 11 va 21-bandlarini RF Konstitutsiyasining 27-moddasi (1-qism) va 55-moddasiga (3-qism) zid, deya baholagan.

Yashash va turar joyi bo‘yicha qayd etishni rad qilish asoslari hamda qayd etishning 6 oylik muddatini belgilash tartibi RF Konstitutsiyasiga mos emasligi sababli bekor qilingan. RF Konstitutsiyaviy sudining qarori oxirida ushbu qaror yakuniy qarorligi, uning ustidan shikoyat kiritilishi mumkin emasligi va e'lon qilinishi bilan darhol kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

Keyinchalik hukumat qarorlariga tegishli o‘zgarishlar kiritildi. Bugungi kunda Rossiyada turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning cheklangan muddati yo‘q, shuningdek vakolatli organlar ro‘yxatdan o‘tishni rad qilishga haqli emas.

Shuningdek, 2004 yildagi o‘zgarishlarga binoan, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 90 kungacha uzaytirildi. Ya'ni boshqa hududga 90 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kelgan fuqarolar hech qanday ro‘yxatdan o‘tishi, hech kimga hech qanday hujjat topshirishi shart emas.

Xulosa o‘rnida

Mana, ko‘rib turganingizdek, Rossiya Federatsiyada propiska bilan bog‘liq mojarolar bundan 25 yil oldin boshlangan bo‘lib, ushbu tizimning konstitutsiyaviy huquqlarga daxl qiluvchi qoidalariga qarshi fuqarolar, keng jamoatchilik va hattoki viloyat gubernatorlariyu federal hudud rahbarlari ham kurash olib borgan. Kurashlarning barchasi qonunda belgilab qo‘yilgan doirada (ko‘chalarda to‘s-to‘polon yoki janjallar bilan emas) olib borilgan. Ya'ni, fuqarolarning ohu-zorini eshitib, ularning da'volarini qanoatlantirib, hukumatning noqonuniy qarorlariga qarshi chiqqan tashkilot – Rossiya Federatsiyasining Konstitutsiyaviy Sudi bo‘lgan.

P.S.: shunchaki solishtirish uchun aytish mumkinki, RF Konstitutsiyaviy Sudi 1995 yildan buyon jami 557ta qaror qabul qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi esa xuddi shu muddat ichida atigi 32ta qaror chiqargan xolos.

Xushnudbek Xudayberdiyev, huquqshunos.

Mavzuga oid