O‘zbekiston | 13:18 / 20.12.2018
15987
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi botulizm kasalligi bo‘yicha eslatma bilan chiqdi

Foto: Depositphotos

Dasturxondagi oziq-ovqat mahsulotlarini kimdir uyida tayyorlasa, kimdir dehqon bozorlaridan, savdo majmualaridan, yana kimdir belgilanmagan joylarda savdo qilayotgan fuqarolardan sotib oladi. 

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xabariga ko‘ra, bu mahsulotlarning hammasini ham xavfsizligi kafolatlanmagan, ularni saqlash va sotish jarayonida sanitariya qoida va me'yorlariga rioya etilmagan bo‘lishi mumkin. 

Ayniqsa, tez buziluvchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, kremli qandolat, salatlar, xamirli va boshqa xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlarni iste'mol qilinishi natijasida ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqishi mumkin.

Xavfsizligi va sifati kafolatlanmagan uy sharoitida tayyorlangan, botulizm qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan konserva mahsulotlarini iste'mol qilish ovqatdan zaharlanishlarning eng og‘ir turi – botulizm kasalligini kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, boshqa tez buziluvchi oziq-ovqatlar mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va sotish jarayonida sanitariya qoida va me'yorlariga rioya etilmasligi ularni kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar bilan zararlanishiga, iste'mol qilganda esa ovqatdan zaharlanishlarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. 

Botulizm va boshqa bakteriyalardan zaharlangan odamda kasallik belgilari ikki soat o‘tib, yoki sakkiz-o‘n kun davomida paydo bo‘ladi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq, ichning tez-tez kelishi, tana haroratini ko‘tarilishi kuzatiladi. Botulizm kasalligida   nafas olish qiyinlashadi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlarini osilib qolishi  (ptoz), yutishni  qiyinlashishi va gapirish qobiliyati  pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kabi kasallikning klinik belgilari namoyon bo‘ladi. Ushbu belgilar kuzatilganda, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur, kasallikni uy  sharoitida o‘z bilganicha davolash qat'iyan man etiladi. 

Turli xil noxush holatlar va ko‘ngilsizliklarni oldini olish maqsadida, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda juda ham ehtiyotkor bo‘lish, belgilanmagan joylardan noma'lum sharoitda tayyorlangan, sifati va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan, tashqi ko‘rinishi shubhali bo‘lgan, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarini sotib olmaslik, ayniqsa tez buziluvchi oziq-ovqat  mahsulotlarni saqlash sharoitlariga  e'tiborli bo‘lish talab etiladi. 

Xonadonda past haroratda saqlanishi talab etilgan mahsulotlarni sovutgichlarda saqlash lozim. Pishgan va xom mahsulotlar bir joyda saqlanmaydi, taomlar, salatlarni ehtiyojga qarab tayyorlash, uzoq saqlanib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilmaslik kerak.

Mavzuga oid