O‘zbekiston | 01:54 / 21.12.2018
33292
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xorijliklarning aksariyati qaysi davlat fuqarolari? 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Axborot-tahlil boshqarmasi so‘rovnomasiga ko‘ra, Markaziy Osiyodan O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarning asosiy qismini Qozog‘iston fuqarolari (24,1 foiz) tashkil qilmoqda. MDH mamlakatlari respondentlarining aksariyati esa - Rossiya Federatsiyasidan (11,3 foiz). Kun.uz muxbiri "Turizmning oq kitobi 2018"da taqdim etilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Shuningdek, manbaga ko‘ra, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (OTOM)dan O‘zbekistonga keluvchilarning ko‘pchiligi Xitoy fuqarolari (3,4 foiz)dan iborat. Fransiyalik mehmonlar (2,3 foiz) esa Yevropa mamlakatlari orasidagi eng yirik segment hisoblanadi. Yaqin Sharqda bu - Turkiya (1,9 foiz), Shimoliy Amerikada esa - AQSh (1,2 foiz).

Bundan tashqari, ma'lum qilinishicha, 35 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan kishilar Markaziy Osiyo (29,4 foiz), MDH (33,8 foiz) va OTOM (30,0 foiz) mamlakatlaridan tashrif buyuruvchi respondentlar orasida ko‘pchilikni tashkil qiladi. Yevropalik sayyohlarning asosiy qismi esa 55 va undan katta yoshli kishilardan iborat. 

So‘rovnomada qatnashgan ishtirokchilarning javoblariga ko‘ra, O‘zbekistonga tashrifdan asosiy maqsad tanish-bilishlar va qarindoshlar bilan ko‘rishish, bu umumiy ko‘rsatkichning 39,4 foizini tashkil qiladi. 33,6 foiz respondent O‘zbekistonga tashrifdan maqsad mehnat ta'tili, dam olish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish ekanini ma'lum qilgan. 

Turistlarning katta qismi (57,2 foiz) jamoa bo‘lib sayohat qilishni afzal ko‘radi. Markaziy Osiyo va MDH turistlarining yarmi (50,5 va 46,0 foiz) yolg‘iz sayohat qilishni ma'qul ko‘rsa, Shimoliy Amerika mamlakatlari sayyohlarining 85 foizi, OTOM sayyohlarining 81 foizi, Yevropa turistlarining 78,1 foizi va Yaqin Sharq mamlakatlari sayyohlarining 72,0 foizi O‘zbekistonga jamoaviy sayohat qilgan. 

Sayyohlarning O‘zbekistonga tashrifiga eng ko‘p do‘stlari va oila a'zolarining tavsiyalari turtki bo‘lgan, so‘rovnomada qatnashganlarning 54,3 foizi shunday javob bergan. Undan keyingi ta'sir manbalari sifatida ijtimoiy tarmoqlar (16,6 foiz), gazeta va jurnallardagi O‘zbekiston haqidagi maqolalar (15,8 foiz), televizion hujjatli filmlar va yangilik dasturlari (14,7 foiz) qayd etilgan. 

Mavzuga oid