O‘zbekiston | 01:10 / 22.12.2018
61165
3 daqiqa o‘qiladi

Fazliddin Parpiyevga nisbatan hech qanday jinoiy ta'qib mavjud emas - Bosh prokuratura

Joriy yilning 26 noyabr kuni fuqaro Fazliddin Parpiyev tomonidan Internetning “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “Soqol qo‘ysangiz ruschani ham o‘rganib oling” nomli maqolasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan xulosa berilgan.

Mazkur xulosaga ko‘ra, “Mamlakatimizda ko‘p millat va elat istiqomat qilishini inobatga olinsa, bu kabi bir millatdan ikkinchisini ustun qo‘yish yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlikka raxna solishi hamda yurtimizdagi ijtimoiy vaziyat va olib borilayotgan islohotlarga shubha bilan qarash, noxolis kayfiyatni uyg‘otish, aholi orasida tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin”ligi bildirilgan.

Shu munosabatdan, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 18 dekabr kuni maqola muallifi bilan millatlararo va diniy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablari borasida suhbat o‘tkazildi, deb xabar beradi Kun.uzʼga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

20–25 daqiqalik suhbat davomida hech qanday huquqiy me'yorlar buzilmagan.

“Hozirda Parpiyevga nisbatan hech bir jinoiy ta'qib mavjud emas, shu nuqtai nazardan uning mamlakat hududidan chiqib ketishi masalasi nazoratimiz doirasida emas”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi “Omina” masjidining sobiq imomi Fazliddin Parpiyev 2018 yil 7 sentabr, juma kuni erkaklarga soqol, ayollarga hijob taqiqlanayotgani yuzasidan prezidentga video murojaat qilgan edi.

12 sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “rahbariyat bilan maslahatlashmay, o‘z bilganicha minbarda chiqish qilgan” imom noshukrlikda ayblangan edi.

19 dekabr kuni Fazliddin Parpiyev “facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida post qoldirib, Vatandan ancha ming kilometr uzoqdaligi, hozircha uning qayerda ekanini hech kimga aytmasliklarini iltimos qilgan.

Mavzuga oid