O‘zbekiston | 13:45 / 22.12.2018
9799
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Pan Gi Mun bilan uchrashdi. Orol fojiasi muammosi muhokama qilindi 

Foto: TIV axborot xizmati

Prezident topshirig‘iga binoan 2018 yilning 21-22 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov boshchiligidagi delegatsiya BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun rahbarlik qilayotgan Yashil taraqqiyot global instituti va Moslashuv bo‘yicha global komissiya bilan hamkorlik o‘rnatish masalalarini muhokama qilish maqsadida Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.

TIV xabariga ko‘ra, Pan Gi Mun bilan Seul shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat to‘g‘risida fikr almashildi. BMT sobiq bosh kotibi Orol inqirozining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi va prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamjamiyatning mazkur muammoga diqqatini yanada ko‘proq jalb qilish va uni yechish uchun donorlik yordamlarini safarbar qilishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda keng qamrovli masalalarni, jumladan Orol fojiasi oqibatlariga qarshi kurashish uchun xalqaro donorlik hamjamiyatlarining kuch va resurslarini jalb qilishni muhokama qilgan edik. Men O‘zbekiston rahbarining zakovatiga, yetakchilik sifatlariga va uning mazkur global muammoni hal etish uchun ko‘rsatayotgan jonkuyarligiga lol qoldim. Biz O‘zbekistonning Yashil taraqqiyot global instituti va Moslashuv bo‘yicha global komissiya bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirganini qo‘llab quvvatlaymiz», - deb qayd etdi Pan Gi Mun.

U o‘tgan oyning so‘ngida Orolbo‘yi masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatga tashrif buyurgan va prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan edi.

Mamlakat delegatsiyasi Yashil taraqqiyot global instituti (GGGI) shtab-kvartirasiga ham tashrif buyurib, mazkur tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishdi. O‘zbekistonning Koreyadagi Elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan taqdimot chog‘ida GGGI mutaxassislari Orolbo‘yidagi holat bilan mufassal tanishtirildi.

Tadbirda aniq loyihalar asosida, jumladan xalqaro donorlik tuzilmalarining moliyaviy-texnik ko‘magini jalb qilish orqali Orol fojiasi hududidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Orolbo‘yi hududini tiklash bo‘yicha loyihalarning taqdimoti yakunida mavjud vaziyatni joyning o‘zida o‘rganish va taqdim qilingan loyihalarni amaliy jihatdan hayotga tatbiq qilish uchun GGGI mutaxassislarining mamlakatga tashrifini tashkillashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Mavzuga oid