Light | 19:16 / 25.12.2018
55158
11 daqiqa o‘qiladi

Koreya kundaligi. O‘qishga jo‘nab ketishning ilk taassurotlari

Foto: Pinterest

Dunyoning shubhasiz innovatsion davlatlaridan biri - Janubiy Koreya yiliga yuz minglab xorijiy talabalarni o‘z bag‘riga jamlaydi. 2017 yilda mamlakat xalqaro talabalarni qabul qilish bo‘yicha rekord o‘rnatgan. Mamlakat Ta'lim vazirligining statistikasiga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida 124 mingga yaqin talaba Koreyaga kelgan bo‘lib, ulardan 2716 nafarini o‘zbekistonliklar tashkil etadi.

Koreyada o‘qish istagini bildirayotgan o‘zbek yoshlari yildan yilga ko‘payib borayotgani yangilik emas. Shu jumladan, men ham magistr darajasini olish maqsadida mazkur davlatga otlandim.

Xorijda o‘qish jarayoni, o‘zga yurtdagi ijtimoiy muhit va hamyurtlar hayoti barchani birdek qiziqtirishi tabiiy. Shu sababdan Kun.uz «Koreya kundaligi» ruknini yo‘lga qo‘ymoqda. Bunda o‘quvchilar Koreya Respublikasi va u yerdagi vatandoshlarimizga oid turli mavzulardagi maqolalarni o‘qib borishingiz mumkin.

O‘qishga qabul qilinish bu – siz Koreyadasiz, degani emas

«Chet el bilim yurtlariga o‘qishga kiraman va uchib ketaman...» Xuddi men kabi, avvaliga ko‘pchilik buni oddiy jarayon deb taxmin qilgani turgan gap. Bir qarashda hammasi sodda va tushunarlidek, ammo byurokratik mashmashasi biz o‘ylagandan ko‘p. O‘qishga kirish jarayoni – bir, jo‘nab ketish esa alohida bir hikoya ekan.

Koreyada tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun ta'limning asosan uch ko‘rinishi mavjud: koreys tili kurslari, bakalavriat va magistratura. Bilimingiz xorijdagi universitet tomonidan tan olingach, quyidagi bir olam hujjatni yig‘ish uchun 1-2 oylik «bordi-keldi»ni boshlaysiz: OVIR, diplom apostil, ota-onaning yillik daromadi haqidagi ma'lumot notarial idoralarning tasdig‘idan o‘tgan tarjimasi bilan, bankdan kontrakt to‘lovchining hisobida kamida 20-30 ming AQSh dollari borligini isbotlovchi hujjat...

Navbat olish uchun navbatga turing!

Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi atrofi ish kunlarida kichik bozorchadek doim gavjum bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, IIV xodimlari boshqa elchixonalarga qaraganda ko‘proq biriktirilgan. Kimdir viza olish uchun, yana boshqasi suhbatdan o‘tish maqsadida keladi. Bu borada tajribasi katta hamyurtlarimizning aytishicha, misol uchun, seshanba kuni elchixonaga kirmoqchi bo‘lsangiz, dushanba kuni soat 23:00larda borib navbat olib qo‘yishingiz kerak ekan.

Men ham xuddi shunday yo‘l tutdim. Soat 22:30da ishdan chiqib, to‘g‘ri elchixonaga bordim. Afsuski, navbat olish nasib qilmadi. Elchixonani qo‘riqlab turgan, shartnoma asosida ishlovchi ichki ishlar xodimi bu kabi norasmiy navbat olish tartiblari bugun bekor bo‘lgani, ertasi kuni ertalab kelishim kerakligini aytdi. Taksida uyga qaytarkanman, yarim yo‘lda do‘stim qo‘ng‘iroq qilib, ikkimizni 22- va 23-navbatga yozdirib qo‘yganini aytdi. «Qanday qilib?» degancha qolaverdim. Aftidan, bu tartib odat tusiga aylanib ulgurgan. Viloyatlardan kelayotgan fuqarolar ham shu taqlid navbatga yozdirib qo‘yishni unutgan bo‘lishsa, katta ehtimol bilan ertasiga ishi o‘ngidan kelmaydi.

Mahalla ahli fuqarolarning shovqin-suronidan norozi

Soat 9da ish boshlaydigan elchixonaga tong sahar 6dan yetib bordik. Navbat uchun ro‘yxat hamon to‘ldirilyapti, 351-tartib raqamga kelgan. Ko‘p qavatli turar joylar orasida tumonat odam yig‘ildi.

 Koreya elchixonasi (17.08.2018)

Avvaliga mahallada istiqomat qiluvchilarning navbat kutib turgan fuqarolarga nisbatan salbiy munosabati g‘ashimni keltirdi. So‘ng ularni ham tushunishga urindim: har kuni 400-500 kishi bir joyda o‘ralashadi, suhbatlashadi, pista chaqadi va hokazo.

Hududda kutish uchun maxsus joy yo‘q yoki bu qadar ko‘p sonli fuqarolarga bir paytning o‘zida xizmat ko‘rsatish hisobga olinmagan. Elchixona hududida taxminan 50 kishi uchun mo‘ljallangan kutish maydonchasi bor, u yerga kirish uchun ruxsat faqatgina ish vaqti boshlanishiga 30 daqiqa qolganda beriladi.

Elchixonada ishlovchi koreys xodimlarning etikasi esa maqtovga arziydi: kutib turganlarga nimtabassum bilan, ko‘zlar va ta'zim orqali ko‘rishib elchixonaga kirib ketishdi.

Ichkarida esa hujjatlarimizni o‘zbek qizlari qabul qilishdi: chehrasi qanchalar chiroyli bo‘lsa, muomalasi shunchalik xunuk edi, afsuski. Nazarimda, Koreyaga «odam jo‘nataverib» zerikishgan. Xalqimiz xo‘p andishali; ishi tezroq, muammosiz bitishi ilinjida hurmatsizlikka ham xijolat-aralash kulib javob qaytaraverdi.

Yarimorolga «O‘zbekiston havo yo‘llari» orqali uchib ketdik, aeroportda ortiqcha muammo yuzaga kelmadi.

Anneong, Korea! (Salom, Koreya!)

Aeroportga qo‘nishimiz bilan koreyscha tartib-intizom e'tiborimizni tortdi. Jamoat transportlari belgilangan yo‘nalish, aniq vaqt bilan harakatlanadi. Avtobusda Incheondan Busanga yo‘l oldik. Hatto avtobuslar Wi-Fi bilan ta'minlangan.

Aytsam ishonmaysiz, salkam 6 soatlik muddatda, transportlarning yo‘nalishdagi harakatlarini kuzatdim – biror marta avtomobil signali quloqqa chalinmadi. Hatto 5-10 daqiqalik tirbandlik ham haydovchining toqatsizligiga, jig‘ibiyron bo‘lishiga sabab bo‘lmadi: «No signal».

Men bo‘lsam, ko‘nglim torayib, portlab ketay dedim. Bu xalq odamlari o‘z asabini astoydil parvarishlar ekan, degan ilk taassurot qoldi.

Culture shock o‘z so‘zini aytdi

Odamlarning bir-biriga munosabati e'tirofga loyiq: har qanday buyum yoki pulni uzatishda va qabul qilishda ikki qo‘l ham qatnashishi kerak. Shifoxonada, kassalarda va hokazo xizmat ko‘rsatish maskanlarida navbat masalasi havas qilgudek. Mansab va yoshning katta-kichikligi umuman ahamiyatsiz, birin-ketinlikda navbatga qarab ish ko‘riladi. Mana madaniyat. Lekin ba'zida jamoat joylaridagi, aytishga til bormas harakatlarini ko‘rib, «Eh madaniyatsizlar» degan o‘y ham xayolingizdan o‘tadi. Xullas, madaniyatlar to‘qnashuvi, ular o‘rtasidagi qarama-qarshi holatlarni ko‘plab uchratish mumkin.

Koreyaga ilk bor tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz uchun eng og‘riqli nuqta bu – ovqatlanish masalasi bo‘lsa ajab emas. Nafaqat o‘zbeklar, balki butun musulmon ahli uchun ham halol yegulik topib iste'mol qilish doim kun tartibida turadi. Koreyslarning oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida aksar holda cho‘chqa go‘shti yoki yog‘i ishlatilgan bo‘ladi. Hatto shirinliklarda ham uchratish mumkin.

Ammo o‘zbek tadbirkorlari orasida bu muammoni bartaraf etishga bel bog‘laganlari yetarlicha topiladi. Koreya bo‘ylab halol go‘sht va hatto tandir nonlarni istalgan manzilga yetkazib berish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

«Xalqlar do‘stligi» oshxonasidan jo‘natilgan tandir nonlar. Tegu

Amerikalik tahlilchi Jorj Fridmen o‘zining «Kelasi yuz yil» (The Next 100 Years) kitobida aholining qarishi muammosiga asosan Germaniya va Rossiya davlatlari duch kelishi to‘g‘risida bashorat qilgan bo‘lsa-da, Janubiy Koreya ham bu xavfdan butunlay yiroq emasligini his qildim. Jamoat transporti, ko‘chalar va ovqatlanish shoxobchalari katta yoshlilar bilan gavjum.

Bu borada ba'zi raqamlarga murojaat qilsak. Worldometers.info ma'lumotiga ko‘ra, 1990 yilda Koreya aholisining o‘rtacha yoshi 26,9 bo‘lgan. 2018 yilga kelib esa bu ko‘rsatgich 41,3 yoshni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi – 26,7.

Shaharda katta va tashkilot binolari tarqoq joylashgani bois manzilingizga 2-3ta jamoat transportidan foydalangan holda yetib borasiz. Menga yoqqan jihati shu bo‘ldiki, metrodan chiqib 30 daqiqa ichida shahar ichidagi har qanday avtobusni tutsangiz, mutlaqo bepul. Bu to‘lovning elektron tizimi, doimiy kartochkalar orqali amalga oshiriladi. Bu haqda avvalroq metro to‘g‘risidagi reportajda batafsil to‘xtalgan edik.

Har bir metro va avtobus bekatlari yaqinida veloturargohlar mavjud bo‘lib, aholining aksariyat qismi bekatgacha velosipedda, belgilangan manzilga jamoat transporti yordamida yetib oladi.

Busan shahridagi veloturargoh

Ko‘pchilik singari, mening ham qulog‘imga quyishgandi: «Toshkentda rus tilini qay darajada bilishsa, Koreyada ham ingliz tili xuddi shunday». Ehtimol, poytaxt Seul haqida gapirishgandir, lekin Busan va Tegu shaharlarida bu gapning isbotini topmadim. Garchi koreys xalqi ingliz tilini bilish borasida dunyo davlatlari orasida yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lsa-da, oddiy aholining aksariyati umuman tushunmaydi. Xizmat ko‘rsatish sohasida ingliz tili oqsoqlanadi, talabalar bilan esa amal-taqal suhbat qursa bo‘ladi.

Tegu shahridagi peshtaxta

Maslahat

Koreyaga o‘qish yoki ishlash niyatida kelmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimizga tavsiyam – koreys tilini qunt bilan o‘rganing. Balki boshqa yurtlarda davlat tilini bilmay turib kun ko‘rib ketish osondir, lekin Koreyada bu juda mushkul ish. Omadingiz kelib, o‘zingiz so‘zlashadigan til diasporasiga tushib qolsangiz, balki sezilmas, ammo yashash, ishlash borasida koreys tilisiz muvaffaqiyatga erishish amrimahol.

Rukn doirasidagi navbatdagi maqolalarda Janubiy Koreya ta'lim tizimidagi qulayliklar, talaba vizasi bilan ishlash mumkin yoki mumkin emasligi kabi masalalar bilan tanishasiz.

Eldor Vohidov
Kun.uzʼning Janubiy Koreyadagi muxbiri

Mavzuga oid