Jamiyat | 17:50 / 27.12.2018
172439
8 daqiqa o‘qiladi

Autizm kasallikmi yo ruhiy holat? G‘ayritabiiy bolalar haqida faktlar 

Kun.uz «Sog‘lom hayot» loyihasi orqali bugungi kunda ko‘p uchrayotgan kasalliklar to‘g‘risida foydali va kerakli ma'lumotlar berib borishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Bugun defektolog Shahnoza Imomxo‘jayeva bilan bolalarda uchraydigan autizm kasalligi haqida suhbatlashamiz. Bu sirli kasallik hozirda olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. Autizmli bola atrofga o‘zgacha nazar bilan qaraydi. Ma'lumotlarga ko‘ra hozirda dunyodagi har 88 ta bolaning birida autizm kuzatilishi mumkin. Bunday bolalar tashqi ko‘rinishidan boshqalardan farq qilmaydi, faqat u o‘zgacha fikrlaydi. Autizm kasalligiga chalingan bolalar bilan ishlash usullari haqida bugun foydali ma'lumotlar berib o‘tamiz. Shuningdek, bu kasallikni davolash bo‘yicha O‘zbekistondagi birinchi xususiy maktab ish faoliyati, dars o‘tish usullari haqida ham aytib o‘tamiz.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Autizm nima?

Autizm (grekcha «autos» – «o‘zim» degan so‘z) – bu ruhiyatning o‘ziga xos holati bo‘lib, bemor tashqi olam, atrofdagilar bilan muloqot qilishni istamaydi. U yolg‘izlikni yoqtiradi. Yana bir xil xatti-harakat va shunday so‘zlarni takrorlaydi. Autizm tashxisli bola o‘z olamida yashaydi. Fikrlashi boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Ularning xatti-harakatlari real voqelik bilan bog‘liq emas. Bemorlarning harakatlarida hissiy kechinmalar asosiy o‘rin tutadi. Bu kasallik sindromi o‘g‘il bolalarda qiz bolalarga nisbatan ko‘p uchraydi. Simptomlarning har xilligi va kasallik o‘zgaruvchanligi ushbu kasallikni qiyinligidan dalolat beradi: sezilarsiz autistik xususiyatlardan to doimiy parvarish talab etilishigacha.

Shahnoza Imomxo‘jayeva

Autizm kasalligini kelib chiqish sabablari

Olimlarning fikricha,autizm kassaligini kelib chiqish sabablaridan biri bu – homilani ona qornidalik davrida ma'lum bir turdagi oqsillarning yetishmovchiligi. Ikkinchi sababi, organizmda ikki xil og‘ir metalning, qo‘rg‘oshin va simobni, ko‘payib ketishi. Uchinchi sabab atrof muhitni ekologik buzilishi va homiladorlik paytida kuchli stress holatlarini kechirish. Anemiya hamda qon bosimning oshishi, buyrakda bosim oshishi – bularning hammasi autizimni kelib chiqish sabablari hisoblanadi. Bundan tashqari autizm kasalligi belgilarining kengayishini, ya'ni rivojlanishdan ortda qolish belgilari Retta sindromi, Aspergera sindromi va autizmning klassik simptom komplekslarining ko‘p uchrashi. Shuningdek, kasallik haqida ma'lumot ko‘paymoqda. Ilgari tortinchoq, uyatchan, introvert va shizofreniyaga moyil bolalarni «g‘ayritabiiy bolalar» deyishgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bunday bolalarni autistik bolalar (autizm) deyishmoqda.

Autizm kasalligi yoshga qarab quyidagilarga bo‘linadi:

Erta bolalik autizmi – 2 yoshgacha;

Bolalik autizmi – 2-11 yoshgacha;

O‘smirlik autizmi 11-18 yoshlargacha.

Autizm belgilari

• Ijtimoiy qoloqlik;

• Muloqotda o‘z-o‘zi bilan gaplashish, har xil qo‘l harakatlari qilish;

• Umumiy belgilarning erta boshlanishi.

• Bolaning onasiga bee'tiborliligi (kulish, jismoniy harakatlar, ovoz chiqarishlar);

• Bolaning «tayyorgarlik» holati yo‘qligi ya'ni uni ko‘tarishga uringanda qo‘llarini cho‘zmasligi, tizzalarida turishga harakat qilmasligi, emishdan butunlay to‘xtashi;

• Jamoa bilan o‘ynashni istamaslik, ota-ona va boshqalar bilan o‘ynaganda injiqlik qilish, yolg‘iz holda o‘ynashni xohlash;

• Ovoz, yorug‘likka bo‘lgan sezuvchanlikning oshib ketishi, bundan tashqari qo‘rqitish, baqiriq, arg‘imchoq uchish kabi o‘yinlar paytida injiqliklar qilish;

• Gapirish qobiliyatining susayishi, hatto mutizm holatigacha. Exolaliyalar, ya'ni so‘zlarni takrorlash, ota-onadan eshitgan iboralarni qayta-qayta aytib yurish yoki multfilmda eshitgan so‘zlarni doimo aytib yurish, bu Asperger sindromi deyiladi;

• Ovqatni tanlab yeyish, ishtaha sustligi, uyquning yomonlashuvi;

• Buyruqlarni bajarmaslik, buyumlarni ko‘rsatsa qaramaslik, o‘zining ismiga e'tibor bermaslik;

• Belgilangan tartibga qat'iy rioya qilishi, ya'ni bir vaqtda uyg‘onishi, buyumlarni bir joyda saqlash, jismlar shakliga qarab saralash va shu kabilar;

• So‘zlashish qobiliyatining yaqqol buzilishi kattalar kabi iboralar ishlatib gapirish, bir xil so‘zlarni takrorlab yurish, dialogga kirishmaslik;

• Xavflardan qo‘rqmaslik: balandlik, avtotrassa, hayvonlardan qo‘rqmaslik, lekin oddiy buyumlardan qo‘rqish, masalan qaynab turgan choynak, elektr yoqgich va shu kabilar;

• Harakatlardagi takrorlar aylanib turish, tebranib turish, imo-ishoralarning takrorlanishi;

• Jahldorlik, kulgi, vahimaning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi;

• Ba'zi bir g‘ayritabiiy holatlarga e'tibor qaratish, masalan eslab qolish qiyin bo‘lgan sonlarni eslab qolish, qo‘shiqlar so‘zlarini esda saqlash, o‘qib bo‘lmaydigan yozuvlar yozish;

O‘smirlik autizmida belgilarga autistning gormonal o‘zgarishlari ham qo‘shiladi. Diagnozni faqatgina belgilarga asoslanib, psixiatr shifokor qo‘yadi. Ko‘pchilik autist bolalar adabiyotlarda keltirilgan autizm belgilariga mos kelmasligi mumkin. Ba'zi hollarda autist bolalar insonlar bilan muloqotga ham kirishishlari mumkin, bu esa diagnoz qo‘yishda qiyinchiliklar tug‘diradi.

Autizmni davolash

Davolash maqsadida ortda qolayotgan jihatlarni korrektsiya qilish uchun barcha turdagi autist bolalarga mos keladigan quyidagi chora tadbirlar qo‘llash mumkin:

• Gapirish qobiliyatini yaxshilash maqsadida logoped bilan mashg‘ulotlar olib borish;

• So‘zlashish uchun rasmli kartochkalardan foydalanish yoki planshet, kompyuterda so‘zlarni yozib o‘rgatish;

• Bola bilan har xil o‘yinlar o‘ynash, bir sferada faqat bir mutaxassis bilan;

• Medikamentoz davo faqatgina qo‘shimcha sifatida bolada kuchli agressiya bo‘lsagina buyuriladi.

Autizmga chalingan bemor bolalarni qanday bo‘lsa, shunday qabul qilish kerak. Kattalar buni o‘z vaqtida aniqlab, ularni qo‘llab-quvvatlashlari zarur. Autizm kasalligi homila ona qornidalik davridayoq uning bosh miyasi rivojlanishida ba'zi oqsillarning yetishmasligi sababli paydo bo‘lishi mumkin, degan taxminlar mavjud. Bu xastalikning irsiyat bilan bog‘liqligi hali to‘liq o‘rganilmagan. Amerikalik va fransiyalik olimlar guruhi bosh miya rivojlanishining ilk bosqichlarida hid sezishda ishtirok etadigan o‘zak hujayralarni o‘rganish zarur, degan xulosaga kelishdi. Chunki, burundan osonlik bilan olinadigan biopsiya surtmasi bu hujayralarni o‘rganishda bebaho usul hisoblanadi.

Autizm kasalligini davolash bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi xususiy «Shukrona Ta'lim» maktabi 2018 yilning sentyabr oyida o‘z faoliyatini yuritishni boshlagan. Ushbu maktabda autizm tashxisli bolalarga aligafrenopedagogikadan tashqari, butun dunyo tan olgan xulq atvorning amaliy tahlili metodikasi – ABA terapiya yo‘nalishi bo‘yicha ishlar, amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. Bunda ular muloqotga kira olmaydigan bolalar bilan peks terapiya yordamida mashg‘ulotlar olib borishadi.

Shu vaqtgacha autizm kasalligini genetik kasallik deb hisoblashgan. Lekin so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, autizm kasalligi atrof-muhitdagi zararli-kimyoviy moddalarning ko‘payishidan kelib chiqmoqda. Kasallikni erta aniqlab muhitni o‘zgartirish ijobiy samara beradi.

Mavzuga oid