Jamiyat | 20:15 / 27.12.2018
13877
2 daqiqa o‘qiladi

Murojaat natijasi: Fermerga yer ajratildi

Kun.uz ijodiy guruhi xalqdan tushayotgan murojaatlarni o‘rganib jamoatchilikka taqdim etib keladi. Murojaatlar tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilib qonuniy hal etilganlari ham, bee'tibor qoldirilganlari ham uchrab turadi.

Yodingizda bo‘lsa, tahririyatning noyabr oyidagi surishtiruvlaridan birida 1 milliard so‘mga yaqin mablag‘ga naslli qoramol olib kelgan fermerning muammolari haqida maqola e'lon qilingan edi. Maqolaning qisqacha mazmuni shunday: Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida faoliyat olib boruvchi «Denov Nasl Chorva» MChJ chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Kasbi tumanining 2017-2021 yillar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan. Dasturni amalga oshirish maqsadida Kasbi Xalq bankidan 117 ming AQSh dollari miqdorida kredit olgan va pullarga Ukrainadan 2018 yilning 2 sentabr kuni 69 bosh naslli qoramol olib kelingan. Bir necha marta Kasbi tumani hokimi nomiga chorva mollariga ozuqa zaxirasi yaratish uchun yer so‘rab ariza bilan murojaat qilgan, biroq urinishlari zoye ketgan.

O‘sha fermer kuni kecha mazkur masala yuzasidan tahririyatga xabar berdi. Uning aytishiga ko‘ra, maqoladan ko‘p o‘tmay Kasbi tuman hokimining qarori chiqarilgan va «Denov Nasl Chorva» MChJ ga chorva mollari uchun jami 32 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Qarorda ushbu yer maydonini 49 yilga ijaraga berish nazarda tutilgan. 

Xujjatda aytilishicha, yer uchastkalarini berish komissiyasi qaroriga binoan yer ajratilgan.

Umid qilamizki, xalq yo‘lida xizmat qiluvchi fidoyi fermerlarimiz hokimiyatga murojaatlari ommaviy axborot vositalarida bong urilmasdan ham hal etilaveradi.

 

Mavzuga oid