Jamiyat | 18:44 / 27.12.2018
11465
5 daqiqa o‘qiladi

“Obod qishloq” dasturi: navbatdagi obod maskan Toshkent viloyatining “Tong yulduzi” qishloq fuqarolar yig‘inida

Prezidentning 2018 yil 29 martdagi farmoniga asosan mamlakat hududida “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda. Dasturning maqsadi qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yaxshilash, yo‘l-transport, muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish hisoblanadi. 

Toshkent viloyati Chinoz tumani “Tong yulduzi” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Tojik ovul” mahallasi uzoq yillar davomida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmaganligi natijasida juda ham abgor holga kelib qolgan edi. 

248 ta xonadon joylashgan mahallada qisqa vaqt ichida aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. 

Xususan, yillar davomida hal bo‘lmagan ichimlik suvi muammosi bartaraf etildi. Hozirda u yerda 90 nafar shaxs doimiy ish o‘rni bilan ta'minlandi. Uyda ishlamoqchi bo‘lgan ayollarga tikuv mashinalari olib berildi. Bundan tashqari, aholiga uy sharoitlarida tadbirkorlik qilish imkoniyatini yaratish uchun tovuq, quyonlar tarqatildi. Issiqxona tashkil etish maqsadida yurgan fuqarolarga tegishli yordam ko‘rsatildi.

Qishloq qancha obod bo‘lmasin aholining turmush madaniyatini ko‘tarish, boqimandalik kayfiyatidan xalos bo‘lmas ekan, vaqt o‘tib yana abgor holga kelib qolishi tayin. Shu sababli Adliya vazirligi tomonidan dastur doirasida mutasaddi tashkilotlar bilan “Obod qishloq madaniyati” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi aholining dunyoqarashini o‘zgartirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish olib borilayotgan ishlarga daxldorlik hissini paydo qilishdir.

Shu maqsadda 2018 yilning  25-26 dekabr kunlari Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Tojik ovul” mahallasida “Huquqiy axborot kunlari” nomli tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida viloyat, tuman hamda mutasaddi jamoat tashkilotlari (adliya, davlat xizmatlari markazi, hokimiyat, FHDYo, notarius, advokatlar, davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari va boshqalar) vakillari tomonidan fuqarolar “Sayyor qabul”i tashkil etildi. “Sayyor qabul” davomida o‘nlab fuqarolarning muammolarini hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha, “Tomorqada kichik issiqxonalarni tashkil etish va unda limon yetishtirish qoidalari” hamda “Quyon, tovuq ko‘paytirish tartibi va qoidalari” mavzularida biznes-treninglar ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari kun davomida hududda uyma-uy yurib, aholi bilan suhbat o‘tkazish, ularga gaz, svet, suvdan foydalanish, sanitariya-gigiyena masalalariga rioya etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni tushuntirish ishlari olib borildi. Yuqoridagi masalalar yuzasidan tayyorlangan 10 dan ortiq turdagi 5 00 dan ziyod buklet, flayer va boshqa turli yozma targ‘ibot  materiallari tarqatildi.

26 dekabr kuni tadbirlar davom ettirilib, unda aholi bandligini ta'minlash maqsadida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Aholi uchun yangi yil bayrami arafasida arzonlashtirilgan oziq-ovqat savdo yarmarkasi tashkil etildi. Basketbol, voleybol, shashka, tosh ko‘tarish, turnikka tortilish, arqon tortish, kurash, yugurish musobaqalari o‘tkazildi.

Bundan tashqari, tadbir dasturiga ko‘ra bolajonlar uchun ko‘ngilochar teatr tomoshasi, taniqli so‘z ustalari va san'atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyishi o‘tkazildi.

Kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogiron fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish, gaz plitalari, kir yuvish mashinalari va nogironlik aravachalari topshirildi.

Og‘ir sharoitlarda kun kechirayotgan oilalar, yaroqsiz holga kelib qolgan uy-joylar va ko‘p yillar davomida yig‘ilgan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning hal etilishi ushbu qishloq aholisida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni faqat televizorda ko‘rsatiladigan chiroyli tasvirlar emas ekanligiga balki o‘zlarining hayotiga doir real ijobiy o‘zgarishlar ekanligiga ishonchini mustahkamlaydi. 

Mavzuga oid