O‘zbekiston | 18:40 / 30.12.2018
87607
7 daqiqa o‘qiladi

«Qishloqda bir tun» loyihasi. Qishni sog‘inmaydiganlar qismati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning yanvarida Qoraqalpog‘istonga tashrifi vaqtida xalq vakillari hamda rahbarlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Majlisda prezident ijro hokimiyati organlari vakillariga ko‘proq xalq dardi bilan yashashi kerakligi, pastdagi vaziyatni o‘rganib, yetarli yechimlar berilishi lozimligini uqtirgandi.

Ko‘z ochib yumguncha oradan deyarli 2 yil muddat o‘tdi. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardimi? Rahbarlar o‘z zimmasiga olgan mas'uliyatini vijdonan bajarmoqdami? O‘zbekistonning chekka hududida istiqomat qilayotgan kishilar olib borilayotgan islohotlar shamolini sezmoqdami? Qishloqlardagi odamlar kechalari sovuqdan qanday omon chiqishmoqda? Kelajagimiz bo‘lgan bolajonlar tok o‘chganda uy vazifalarini qanday qilib tayyorlashmoqda? Sho‘r suvni ichayotgan xalq hokimiyat vakillaridan rozimi?

Shunday savollarga javob izlab Kun.uz o‘zining «Qishloqda bir tun» loyihasini boshladi. Loyiha doirasida Xorazm viloyati, Urganch tumanida istiqomat qiluvchi shifokor oilasida mehmon bo‘lib, bir tunni shu xonadonda o‘tkazdik.

Video: Mover

Video: Youtube

Bizga o‘z uyidan joy bergan inson Bahodir aka Boboniyozov Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialini tamomlagan. Hozirda mazkur akademiya filiali va Urganch tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritadi.

«Qish yaqinlashishi bilan yuragimizni hovuchlaymiz. O‘tin, ko‘mir va shunga o‘xshash «xaloskor»larni g‘amlashni boshlaymiz. Topgan mablag‘imiz ro‘zg‘ordan tashqari shunday mahsulotlar va shamollashga qarshi dorilar sotib olishga ketadi. Chunki, bir uyni zo‘rg‘a isitamiz. Boshqa uylarimiz doim muzlab yotadi. Agar birdan shu uylarga kirib qolsak shamollab qolamiz.

Elektr energiyasi ham yetarli berilmaydi, tez-tez o‘chib turadi. Elektr isitish jihozlari ham shuning hisobiga buzilib qoladi. Ichimlik suvi ta'minoti ham achinarli ahvolda. Ichadigan suvimiz talablarga javob bermaydi. Tarkibida tuz moddasi juda yuqori. Beriladigan ko‘mir ham juda sifatsiz. Agar tezak qo‘shib yoqmasak yonmaydi.

Bizga davlat faqatgina uch oy: dekabr, yanvar va fevral oylarida gaz bersin, yetadi. Qolgan vaqtda suyultirilgan gaz bilan ham kunimizni o‘tkaza olamiz», - deydi Bahodir aka.

Mezbonimiz shifokor emasmi, kech bo‘lsa ham betob bo‘lib qolgan qishloqdoshlari kelib, uning ko‘rigidan o‘tib ketishar ekan. Suhbatlashib o‘tirganimizda bir necha kishi kirib kelishdi. Qishloq ahli samimiy bo‘ladi. Oldingizga borini sochadi. «Toshkon»dan jurnalist kelib qolibdida, deb dardini ham to‘kib solishdi.

«Islohotlarni sezyapmizmi? Yo‘q. O‘zgarish faqat tepada va ayrim viloyatlarda. Bizda mansabdor shaxslar hali bu siyosatni to‘liq tushunib yetganicha yo‘q. Qayerga murojaat qilsak, «xo‘p, ko‘rib chiqamiz»dan nariga o‘tilmaydi. Pechkaga o‘tinni tiqib, sho‘r suvni ichib yuribmizda.

Mansabdor shaxslarni umuman tanimaymiz. Deputat kim, hokim kim, umuman bilmaymiz. Agar ular kelib qolsa, majlisga dardini aytadiganlar yaqinlashtirilmaydi.

Televizorni yoqsang, yashaging kelib ketadi. O‘zgarishlardan masofada turib rohatlanyapmiz, xolos», - dedi bir necha yil maktab tizimida ishlagan Qurbonjon xola.

Ularga suhbat orasida o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollarni berdik.

«Inson yaxshi yashashi uchun birinchi navbatda sog‘liq kerak. Buning uchun uylar issiq bo‘lishi va elektr energiyasi o‘chmasligi kerak. Xalq hammasini to‘lashga tayyor. Foydalangani uchun to‘laydi ham. Yaxshi sharoit qilib berilsa, xalq o‘zini rivojlantiradi. O‘z-o‘zidan davlat ham rivojlanadi. Yo‘qsa, hech qachon o‘zgarish bo‘lmaydi», - deydi ulardan biri.

Qo‘shnilar bilan bir necha soat suhbatlashib o‘tirdik. Gaplashilmagan mavzu qolmadi hisob. Mahalla fuqarolar yig‘ini, hokimiyat, maktab, bog‘cha va hokazolar. Ularning aytishicha, davlat va xalq o‘rtasidagi zanjir uzilgan. Shuning uchun bu yerda islohotlar umuman sezilmaydi. Vaqti-vaqti bilan, suhbat orasida pechkaga o‘tin tashlab turdik. Uyni isitish uchun.

Yarim tunda uyquga chog‘landik. Uy egasi o‘tinni qancha miqdorda va qancha muddatda solish kerakligini tushuntirdi. Pechka yaxshi qizib olishi uchun bir necha bo‘lak o‘tin solish kerak ekan. Taxminan 3-4 soatda uyg‘onib, yana olov yoqish zarur bo‘larkan.

Kun bo‘yi murojaatlarda yurib charchagandik. Tezda uyquga ketibmiz. Uxlayotganimizda xonadagi harorat o‘rtacha edi. Mezbon tavsiyasi bilan issiq kiyimlarga o‘ranib yotdik. Ko‘p o‘tmay uy harorati ko‘chadagi bilan bir xil bo‘lib qoldi. Tabiiy «budilnik» uyg‘otib yubordi. O‘rnimdan turdim-da, sherigimni ham uyg‘otdim. Vaziyatni kameraga olishi kerak edi-da.

Hammaga vaziyatni ko‘rsatish kerak edi. Bir necha urinishdan so‘ng, pechkadagi o‘tinlarni yoqishga erishdim...

Xalqdan rivojlanishni talab qilishdan avval ularga barcha imkoniyatlarni yaratib berish kerak. Oddiy misol: ishxonangizda ham hech qachon yaxshi oylik bermay turib, mehnat unumdorligini oshirib bo‘lmaydi. Sharoit bo‘lsa, bu xalq yulduzlarni boshqatdan sanashga ham tayyor. Bu xalq qanday qiyinchiliklarni ko‘rmadi deysiz.

Sabrli va samimiy o‘zbek xalqi qachondur yelkasiga haqiqiy oftob tafti tegishiga umid qilib yashamoqda. Bunga sababchi bo‘lish ayni vaqtda o‘z qo‘limizda. Ularga inson yaxshi yashashi uchun kerak bo‘lgan sharoitni yaratib berish kerak. Qolgani o‘z o‘rniga tushib ketadi.

Zafar Solijonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi - Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid