O‘zbekiston | 22:53 / 31.12.2018
6628
12 daqiqa o‘qiladi

2018 yil O‘zbekiston sayyohlik sohasi uchun qanday kechdi? XSTU sarhisobi

2019 yil eshik qoqmoqda, ikki yil orasidagi davr nafaqat bayram tadbirlarini o‘tkazish, balki o‘tayotgan yilni sarhisob qilish uchun ham qulay fursatdir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) vakillari 2018 yilda turistik bozorda ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlash va soha kelajagiga nazar tashlash imkonini beruvchi savollar bilan soha mutaxassislariga murojaat qilishdi. Savollarga "Vantage Focus" kompaniyasi rahbari Dilmurod Sobirov (D.S.), "Silk tour" kompaniyasi direktori Ziroat Rasulova (Z.R.), "Novotours Silk Road" kompaniyasi direktori Odiljon Raupov (O.R.), “Miran International”  mehmonxonasi bosh menejyeri Farhod Toshtemirov (F.T.) va "Hotelios", OrexCA.com va Otpusk.uz saytlari boshqaruvchi hamkori Leonid Ibragimov (L.I.) javob berishdi.

2018 yil yakuniga yetmoqda, bu yil professional jihatdan siz uchun qanday kechdi? O‘tayotgan yilda sodir bo‘lgan eng muhim va yorqin hodisalarni qayd etib o‘tsangiz.

D.S. – 2018 yil bizning kompaniyamiz uchun juda omadli keldi. Tafsilotlarga berilib o‘tirmayman, lekin aytishim mumkinki, O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar ta'sirini o‘z faoliyatimizda his qilyapmiz. O‘tayotgan yilda faoliyatimiz davomidagi eng yorqin hodisa – Singapurning yetakchi kompaniyasi bilan bir martada 120 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatuvchi tur borasidagi hamkorlikni boshlaganimiz.

Z.R. – 2018 yil bizning kompaniyamiz va umuman O‘zbekiston turizmi  uchun juda qizg‘in va samarali yil bo‘ldi. Quyidagilarni alohida qayd etishni istardim:

1.   Sayyohlar uchun vizasiz rejimning yo‘lga qo‘yilishi;

2.   Viza olish tartibining soddalashtirilgani. Elektron viza tizimining yo‘lga qo‘yilgani;

3.   Temiryo‘l reyslari sonining oshgani, poyezdlar tarkibidagi vagonlarning yangilangani va ta'mirlangani;

4.   Xalqaro va mahalliy festivallar va tanlovlarning o‘tkazilishi;

5.   O‘zbekistonga individual dasturlar bo‘yicha tashrif buyuruvchi sayyohlarga manzilli yordam ko‘rsatuvchi turistik politsiya faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani;

6.   O‘zbekistonning barcha sayyohlik shaharlaridagi ko‘chalarning tozaligi, shuningdek, ko‘chalarda urnalarning o‘rnatilishi.

L.I. – 2018 yil bizning tashkilotimiz uchun shiddatli keldi. Biz yangi bozorlarni rivojlantira boshladik, shtatimizni kengaytirdik, yanada keng va zamonaviy ofisga ko‘chib o‘tdik.

O.R. – Professional jihatdan olganda, yil oson kechmadi. Mening faoliyatimda yorqin hodisalar kuzatilmadi. Biroq joriy yil O‘zbekistonda islohotlar davom etishi va bizning zamon bilan hamnafas harakat qilishimiz kerakligiga ishora qilgani bilan yodda qoldi. Fikrimcha, tadbirkorlar hamjamiyati o‘zgarishlarga tez moslashadi, albatta, joylardagi davlat idoralari vakillariga ham  shuni tilab qolgan bo‘lar edim.

F.T. – 2018 yil bizning kompaniyamiz uchun ancha sermahsul va muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. Xorijiy turistlar soni 2017 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan oshganini qayd etdik, zero bizning mehmonxonamizda to‘xtagan sayyohlar soni bu davrda 2,5 baravarga oshdi. Bu har qanday biznes uchun juda yaxshi ko‘rsatkichdir. Bizning mehmonxonamizda asosan Yevropa mamlakatlaridan kelgan mehmonlar joylashishadi. Bu ko‘pincha Italiya, Ispaniya, Germaniya, Belgiya va Angliyadan tashrif buyurgan sayyohlardir. Shu bilan birga, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklaridan keluvchi sayyohlar soni ham sezilarli darajada oshdi.

Sizning nazaringizda qanday voqea va trendlar O‘zbekistondagi turizmni rivojlantirishga kuchli ta'sir ko‘rsatdi?

Z.R. – Turizm rivojiga quyidagi omillar katta ta'sir ko‘rsatdi:

·      sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar, viza olish tartibining soddalashtirilgani;

·      raqobatbardosh narxlar;

·      aeroportlarda “yashil koridor”ning yo‘lga qo‘yilishi va sayyohlar tomonidan deklaratsiya to‘ldirish annulyatsiyasi.

Va, albatta, asosiysi, bu – yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik.

O.R. – Trendlarni bilmadim-ku, lekin turizm sohasi rivojiga ta'sir ko‘rsatgan hodisalarni sanab o‘tishim mumkin:

·      elektron vizaning yo‘lga qo‘yilishi;

·      turistik maqsadlar uchun atotransport vositalarining ba'zi toifalariga nisbatan imtiyozlarning kiritilishi;

·      qo‘shimcha nazorat-o‘tish punktlarining ochilishi;

·      xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonga kelish va ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarining soddalashtirilishi va mamlakatga keluvchi turistlar oqimini oshirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatgan boshqa omillar.

D.S. – Vizalarning bekor qilinishi va elektron vizalarning yo‘lga qo‘yilishi.

L.I. – Viza olish jarayonining soddalashtirilishi, vizalarning bekor qilinishi, E-Visa’ning yo‘lga qo‘yilishi, mehmonxonalar va transport kompaniyalari uchun imtiyoz va preferensiyalar. O‘zbekiston turistik salohiyati promousheni kuchaytirilgani ham quvontiradi.

F.T. – Xorijiy sayyohlar uchun avtomobillarni ijaraga olish imkonining paydo bo‘lishi, bu turistlar imkoniyatlarini kengaytiradi.

O‘zbekistonda turizm sohasi rivojiga qanday omillar to‘sqinlik qilmoqda?

O.R. – Umuman olganda bunday omillar talaygina, biroq, o‘ylashimcha, asosiylaridan biri – bu turistik infratuzilmaning rivojlanishdan ortda qolishi, joylardagi byurokratiya va ovoragarchiliklar. Respublikada mehmonxonalar, gid-tarjimonlar, temiryo‘l va aviatransport, rivojlanmagan yo‘l bo‘yi infratuzilmasi va h.k. Hatto turistik mavsumda turoperatorlar talabni qondira olmagani natijasida “over tourism” tushunchasi paydo bo‘ldi. 

D.S. – Ta'kidlash joizki, “O‘zbekiston havo yo‘llari” monopoliyasi va shartlar diktati boshqa aviakompaniyalarga bozorga kirish va tariflarni belgilashiga imkon bermaydi. Bu O‘zbekistonga sayohatni nisbatan qimmatlashtiradi va oxir-oqibat sayyohlar boshqa yo‘nalishlarni tanlashadi.

Shuningdek, asosiy mamlakatlarda O‘zbekiston targ‘iboti faol emas. O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalarida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining faqat yo‘nalish targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi, media, ijtimoiy mediaresurslar, turoperatorlar va agentliklar bilan ishlovchi bittadan xodimi bo‘lishi kerak.

L.I. – Ular bir nechta. Birinchidan, turizm rivoji yo‘lida xizmat qiluvchi menejyer va amaldorlarda profilli ta'lim va tajribaning yo‘qligi. Ikkinchi salbiy omil turizm rivoji koordinatsiyasi markazining yo‘qligi yoki yetarlicha muvofiqlashtirilmaganligi.

Shu bilan birga, amaldorlarning tajribali turoperatorlar va otelerlarning maslahatlariga quloq tutishni istamasligini ham qayd etish kerak. Hozircha juda ko‘p o‘zgarishlar qog‘ozda va yig‘ilishlar bayonnomalarida qolmoqda. Sohaning asosiy ishtirokchilari sifatida turkompaniyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning yo‘qligi ham tashvishga solmoqda. Bundan tashqari, xalqaro reyslarga chiptalarning narxining yuqoriligi va ichki reyslarning kamligi ham soha rivojini sekinlashtiruvchi omil bo‘lmoqda.  

Z.R. – O‘zbekistonda turizm rivojiga to‘sqinlik qilayotgan omillar: qonunlar turizm spetsifikasi, masalan, QQS kiritilishini  hisobga olmagan holda qabul qilinadi. Yil oxirida bu yangiliklarning kiritilishi O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar oqimiga katta ta'sir ko‘rsatadi, zero narxlar va sanalar e'lon qilib bo‘lingan, narxlarning oshishi esa guruhlarni tuzishga ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi, O‘zbekistonni o‘z katalogiga endigina qo‘shgan mamlakatlar esa uni yana olishi mumkin, bu esa 2020 yilga borib turistlar hajmining keskin kamayishiga olib keladi.

2019 yilda qanday innovatsion qarorlar va trendlar O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini oshirishga yordam beradi?

Z.R. – Turizm sanoati rivojiga yangicha turtki berishga yordam beruvchi bir necha qarorni sanab o‘taman:

1.   Yangi qonunlarni bosqichma-bosqich amaliyotga kiritish;

2.   Poyezdlar tarkibidagi vagonlar sonini yanada oshirish;

3.   Chegara hududlarida transport vositalari uchun neytral zonalar yaratish;

4.   Balansida avtotransport bo‘lgan turistik kompaniyalar uchun dizel yoqilg‘isini ajratish tizimini yo‘lga qo‘yish;

5.   Derbend, Uxum, Xayyat, Asraf aholi punktlaridagi yo‘nalishlarda yo‘llar markirovkasini ta'minlash zarur.

F.T. – Yuqorida aytib o‘tganimdek, 2018 yil bizning soha uchun juda omadli keldi. O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni o‘sdi. Ushbu pozitiv tendensiya saqlanib qolishi uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirish kerak.

O.R. – Kirish va ichki turizm mamlakat YaIMga o‘z hissasini oshirish uchun juda yuqori imkoniyatga ega. Bizning ba'zi takliflarimiz regulyatorga ma'lum qilingan. Trendlar haqida gapiradigan bo‘lsak, sayyohlar mamlakatimizda o‘zlarini xuddi mahalliy aholidek his qilishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilish kerak, bizning mentalitetimiz va ko‘p asrlik mehmondo‘stlik an'analarimiz ham aynan shu yo‘lda xizmat qiladi.     

L.I. – Fikrimcha, quyidagi qarorlar yuqori salohiyatga ega:

1.   Turizm sanoatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sektor hamkorligi;

2.   Mehmonxonalar hamda poyezd va samolyotlar, muzey va sayyohlar uchun qiziqarli bo‘lgan boshqa obektlarga chiptalarni band qilish tizimlari.

D.S. – Bu yo‘nalishda quyidagi qarorlar yordam berishi mumkin:  

1.   Nafaqat alohida shaharlar, balki butun O‘zbekiston aeroportlari uchun “ochiq osmon” rejimini e'lon qilish;

2.   O‘zbekistonga bir reysda 100 dan ziyod kishidan iborat sayyohlar guruhlarni (100 dollar/1 kishi) yo‘llovchi xorijiy turoperatorlarga nisbatan davlat subsidiya tizimini joriy qilish (masalan, Yaponiya – 150 dollar/1 kishi, Turkiya – 50 dollar/1 kishi va h.k.). Bu charter reyslarni oshirishga katta turtki beradi.

Mavzuga oid