O‘zbekiston | 21:02 / 03.01.2019
19143
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida muayyan idoraga rahbarlik qilish amaliyoti bekor qilinishi mumkin

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning tarkibidagi idoralar faoliyatini tubdan takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada: 

bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida muayyan idoraga rahbarlik qilish amaliyotini bekor qilish;

vazirlik va idora rahbarlari shaxsiy mas'uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida ular tomonidan tayyorlangan hujjatlarni Bosh vazirga bevosita axborot berish tartibini joriy etish;

Vazirlar Mahkamasi tomonidan uning ish rejasida nazarda tutilmagan majlislarni o‘tkazishni taqiqlash;

hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, hududiy rivojlanish, shuningdek, tashqi-siyosiy va tashqi-iqtisodiy sohalardagi vakolatlarini, uning a'zolari javobgarlik chegaralarini aniq belgilash;

Vazirlar Mahkamasining Prezident, Oliy Majlis, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa markaziy idoralar bilan hamkorligi mexanizmini ishlab chiqish;

ijro hokimiyati organlari tizimini optimallashtirish nazarda tutiladi.

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamalari 2019 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hujjatga muvofiq, 1 aprelga qadar bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida muayyan idoraga rahbarlik qilish amaliyotini bekor qilishni ko‘zda tutuvchi Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilishi lozim.

Ma'lumot uchun, bosh vazir Abdulla Aripovning soha va tarmoqlar bo‘yicha 8 nafar o‘rinbosari mavjud. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi rahbari hisoblanadi, bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov — moliya vaziri, Suhrob Xolmurodov — Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi, Tanzila Norboyeva esa Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid