Jamiyat | 14:31 / 07.01.2019
49925
4 daqiqa o‘qiladi

«Eshitish qobiliyati susaysa, qayta tiklanmaydi». Mutaxassis quloqchinlar zarari haqida

Hozirgi kunda quloqchinlardan keng foydalaniladi. Uyda, yo‘lda, ishxonayu ta'lim maskanlarida, metro va avtobus kabi jamoat transportlarida – xullas, hamma joyda hammabop: yoshlar ham, kattalar ham birday foydalanishi mumkin. Bu elektron jihozning ko‘pgina qulayliklari bilan bir qatorda ba'zi noxush oqibatlari ham bor. Kun.uz «Sog‘lom hayot» loyihasi ko‘p uchraydigan kasalliklar haqida foydali ma'lumotlar berishda davom etadi. Shifokor Dilbar Hamidjonova bilan suhbatda quloqchinlarning insonga yetkazadigan zararlari to‘g‘risida so‘z boradi.

Dilbar Hamidjonova, Otolaringolog.

Bugungi kunda ish jarayonimdan kelib chiqib ayta olamanki, quloqchinlarning sog‘liqqa zararli tomonlari haqida ko‘plab savollar bilan murojaat qilishadi. Quloqchinlarni ishlatish mumkin emas deb bo‘lmaydi. Masalan, yoshlar til o‘rganishda foydalanishadi, ba'zida yoqtirgan narsalarini eshitishadi. Quloqchinlarning foydali jihatlarini inkor etib bo‘lmaydi. Lekin me'yoridan oshib ketsa, judayam ko‘p zararli oqibatlarga olib keladi. Quloqchinlarning asosiy zarari quloqning eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi.

Video: Tas-IX

Video: YouTube

Quyida quloqchinlarning ba'zi zararlarini sanab o‘tamiz.

Birinchidan, u e'tiborni buzadi.

Ikkinchidan, eshitishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ya'ni, eshitishning pasayishiga olib keladi. 

Quloqchinlar qulog‘imizda bo‘lgan vaqtda kelayotgan tovush to‘lqinlarining masofasi qisqaradi. Bu degani quloqchinsiz biz normal holatda havodagi qarshilik bilan qulog‘imizga yetib kelgunicha, uning kuchi pasayadi. Quloqchin taqqanimizda esa masofa qisqarib, ta'siri balandroq, kuchliroq bo‘ladi. Natijada, quloq nog‘ora pardasining kuchli tebranishi va toliqishi hisobiga eshitish qobiliyati susayadi.

Quloqchinlarni uzoq muddat taqib yurish mumkin emas. Ko‘pi bilan 40 daqiqa yoki 1 soatgacha taqib, undan keyin yechib ma'lum muddatdan so‘ng yana taqish mumkin. Hozirda ayrim yoshlar quloqchinlar taqilgan holda uxlashadi yoki biron ish qilish davomida taqib olishadi. Quloqchinlar quloqda uzoq vaqt qolib ketganini o‘zlari bilmay qolishadi. Iltimos qilardim, hurmatli ota-onalar, farzandlaringizga e'tibor qiling. Ularni doim nazorat ostiga oling.

Bizning qulog‘imiz 3 qismdan iborat. Bular: tashqi, o‘rta va ichki.

Tashqi quloq bu – tashqaridan kelayotgan to‘lqinlarni qabul qilib, uni tashqi quloq yo‘llari orqali nog‘ora pardasiga uzatib beradi. Nog‘ora pardasining orqa qismida uchta quloq suyakchalari bor. Bular bolg‘acha, sandoncha, uzangicha, deyiladi. Mana shu suyakchalar kuch bilan ishlashi natijasida toliqish paydo bo‘lib, keyinchalik bu bosh miyaga uzatilayotgan to‘lqinlarning kuchli zarbidan nerv faoliyati susayishiga olib keladi, ya'ni eshitish pasayadi. Shuning uchun quloqchinlarni uzoq muddatga taqish mumkin emas.

Yo‘lni kesib o‘tayotganda ham ko‘pchilik qulog‘iga quloqchin taqib oladi. Bularning salbiy tarafi birinchi o‘rinda e'tibor buzilib, qoidani buzishadi. Kelayotgan avtomashina signal bersa, eshitmay qolishi mumkin. Demak, quloqchinlardan me'yorida foydalanmaslik nafaqat eshitish qobiliyatini pasaytiradi, balki inson hayoti uchun ham xavfli.

Bundan tashqari, quloqchinlarni baland ovozda eshitib ketishlarini ko‘p uchratamiz. Quloqchindan chiqayotgan tovush hatto atrofdagilarga ham eshitiladi. Musiqa eshitish mumkin, lekin maksimaldan sal pastroq darajada eshitish maqsadga muvofiq. Shunisi achinarliki, eshitish nervining retseptorlari tiklanmaydi. Ular kuchli ovoz ta'sirida o‘la boshlaydi. Hozir bilinmasligi mumkin, lekin yosh o‘tishi bilan ta'siri yaqqol sezila boshlaydi. Eshitish qobiliyatining pasayib ketishini oldini olish uchun o‘sha holatni saqlab qolish mumkin xolos, lekin oldingi holatiga qaytarib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid