Jahon | 13:40 / 07.01.2019
17617
4 daqiqa o‘qiladi

Gabonda harbiy to‘ntarishga urinish: tafsilotlar

Foto: AFP

Gabon prezidenti Ali Bongoning 31 dekabr kuni qilgan murojaatidan darg‘azab bo‘lgan harbiylar davlat radiostansiyasini egallab olishdi. Bu haqda RFI xabar bermoqda.

Harbiylar mahalliy vaqt bilan soat 4lar atrofida radiostansiya ofisiga kelib, «Milliy tiklanish kengashi»ni tuzish niyati haqida e'lon qilishgan.

Radioefirda armiya nomidan bayonotni leytenant Ondo Obiang Kelli o‘qib eshittirdi. U mamlakat prezidenti Ali Bongoning yangi yil murojaatini «hukumatni qat'iy saqlab qolishning kulgili spektakli», deb atagan.

Gabon prezidenti Ali bin Bongo Ondimba 59 yoshda. U mamlakatni 2009 yilning oktyabrida otasi o‘limidan keyin hokimiyatni qabul qilib olgandi. Omar Bongo 42 yil davomida mamlakatni boshqargandi.

Ali Bongo
Foto: Reuters

Ali bin Bongo 2016 yilda saylovlarda ikkinchi muddatga saylandi, o‘sha saylovlar natijalari muxolifat tomonidan tanqid qilindi. 

2018 yilning 24 oktabr kuni Bongo Ondimba insultni boshidan o‘tkazdi va Saudiya Arabistonida reabilitatsiyadan o‘tkazildi, u hozirgi vaqtda Marokashda bo‘lib turibdi.

Yangi yil murojaatida u o‘z sog‘ligi yaxshilanib borayotgani va o‘zini yaxshi his qilayotgani haqida gapirgandi.

Hukumatni qo‘lga olgan harbiylar prezidentning murojaatiga keskin norozilik bildirishgan.

«U respublika prezidentligiga munosibligini shubha ostiga qo‘ydi», degan o‘zini Gabon qurolli kuchlari vatanparvarlik harakati yetakchisi sifatida e'lon qilgan leytenant Ondo Obiang Kelli.

Zobit yoshlardan ko‘mak so‘ragan, ularni o‘z taqdirlarini o‘z qo‘llariga olishga chaqirgan.

Isyonchi zobitlar armiyani xalq manfaatlari uchun jamoat transportini, qurol-yarog‘ omborlari va aeroportlarni nazorat ostiga olishga chaqirishgan.

Mamlakatdan tashqarida bo‘lgan prezident Bongo yaqin vaqtlar ichida maxsus bayonot bilan chiqishi kutilmoqda.

Prezidentning vaqtincha yo‘qligi munosabati bilan Gabon Konstitutsiyaviy sudi mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritdi. Respublika bosh vaziri Emmanuel Issoze-Ngonde sudga murojaat qildi, sababi mamlakat hayotiga oid bir qancha muhim qarorlar faqat Vazirlar kengashi tomonidan qabul qilinishi mumkin. Uni, mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, respublika prezidenti chaqirishga haqli. Shu bilan birga, konstitutsiyada amaldagi prezidentning vaqtinchalik yo‘qligida Vazirlar kengashi ishi jarayoni nazarda tutilmagan.

Ma'lumot uchun, Gabon Afrikaning YaIM bo‘yicha eng badavlat mamlakatlaridan biri sanaladi. Asosiy daromadi xomashyolar eksportidan, xususan, neft eksportidan  bo‘lgan bu davlat OPeK a'zosi hamdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) bo‘lib turgan amerikaliklarning xavfsizligini ta'minlash uchun Gabonga harbiy xizmatchilar yuborish haqida buyruq bergandi.

Mavzuga oid