Jamiyat | 15:30 / 08.01.2019
64496
4 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar. Sariq nimchalilar olami bilan tanishuv

Kun.uz saytida muqaddam Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari haqida maqola va videolavha e'lon qilingandi. Muxbirlar mavzuni davom ettirishga qaror qilishdi. Ularning hayotini yanada yaqindan o‘rgangan muxbirlar sariq nimchalilarning dil so‘zlarini tinglashdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatidan qatnab poytaxtda ishlovchi xodimlar ishni o‘z vaqtida boshlash uchun soat to‘rt yarimda uyg‘onishar ekan (bu tasvirga olish jarayonida ma'lum bo‘ldi). Shuningdek, viloyatdan qatnovchi transportdan tashqari, shahar ichidagi transport bilan ham talay muammolar borligi ma'lum bo‘lib qoldi.

Tushlik vaqtida tamaddixonalar turli bahonalar bilan ularga xizmat ko‘rsatishdan qochishga harakat qilishadi, hech qanday sabablarsiz restoranni tark etishni so‘rashadi.

Afsuski, bu muammolarning oxiri emas. Kiyinish uchun joy yo‘qligi sababli kerakli anjomlarni (maxsus belgi, jiletka, ortiqcha kiyim) o‘zlari bilan olib yurishadi. Obodonlashtirish xodimlarini hojatxona yo‘qligi ham sarson qiladi. Ular esa har qanday sharoit va ob-havoda ham ishni to‘xtatmasliklari lozim. Ular o‘z ishidan nolimaydi...

«Mening pulim barakali, halol. Boshida shu ishga kirganimda farzandlarim xohlashmagandi. Ayniqsa, o‘g‘lim juda ham qarshi bo‘ldi: Ona, siz yurasiz, keyin ko‘cha-ko‘yda menga gapirishadi - onangni ko‘cha supuruvchi qilib qo‘ydingmi, boqa olmadingmi, deb menga malomat qilishadi, derdi. Mehnatning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Dunyoda o‘g‘irlik nomus. Mehnat odamni ko‘kka ko‘taradi, insoniyligini oshiradi. Oldin kimdir obodonlashtirish ishi bilan ham qiziqarmikan, deb o‘ylardim. Internetdan kelgan javoblarni o‘qib ko‘rib, ishim tufayli yana ham g‘ururlandim. Demak, odamlar bizga hali befarq emas ekan, bizning qadrimizga yetadiganlar bor ekan. Bu juda katta baxt. Ba'zida mashina, taksi to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Ustimda ish kiyimimiz bo‘ladi. Taksi bunday xalat kiyganga to‘xtamaydi. Sariq nimcha kiyganlar mashina to‘xtatishi mumkin emasmi?..» - deydi Muharram Mirjalilova.

Muharram Mirjalilova

«Odamlar bizni jinoyatchi, qilgan jinoyatining jazosini o‘tash uchun shu ishda ishlashadi, deb o‘ylashadi. Ba'zida «tozalagan joyimizni ifloslantirmang», degan dashnomimizga «jinoyatchisan, shunga arziysan», degan ta'nalar eshitamiz. Ammo bu noto‘g‘ri. Oramizda o‘qiganlar ham, maktabda dars berganlar ham bor. Har birimiz o‘ziga yarasha sabablar bilan shu ishdamiz. Jazo o‘tayotganlar yo‘q demayman, ammo ular shundoq ham jazolanishmoqda. Noo‘rin ta'nalar bilan yerga urishingiz ortiqcha», - deydi obodonlashtirish xodimlaridan biri.

Farog‘at Mirzayeva

Bir necha kunlik tasvirga olish ishlari davomida obodonlashtirish xodimlari bilan birga bo‘lib, avvalgi videolavhadan keyin ba'zi muammolarga uchraganliklaridan xabardor bo‘ldik. Xodimlarning ko‘pchiligi intervyu berishdan bosh tortishdi.

Biz bu video orqali mutasaddilarning e'tiborini mavjud muammolarga, aholining e'tiborini insoniylikka qaratmoqchi bo‘lgandik. Zero, o‘zganing mehnatini qadrlash – insonga xos odatdir.

Mo‘tabar Xushvaqtova

Mavzuga oid