Sport | 12:16 / 09.01.2019
37858
12 daqiqa o‘qiladi

Kuperning siri nima? Yoxud to‘g‘ri savollarga egri javoblar

Bugun, 9 yanvar kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogidagi ishtirokini boshlaydi. «F» guruhidan o‘rin olgan Ektor Kuper shogirdlari bugun «Sharja» stadionida Ummon terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi. O‘yinni janubiy koreyalik FIFA referesi Kim Dong Jin boshqarib boradi.

Jamoalar saviyasi tenglashib qoldimi?

Osiyo Kubogi biroz kutilmagan natijalar bilan boshlandi. Avvaliga BAA terma jamoasi Bahrayn bilan zo‘rg‘a durang o‘ynagan bo‘lsa, keyin Avstraliya iordaniyaliklarga mag‘lub bo‘ldi. Xitoy Qirg‘izistonni, Janubiy Koreya esa Filippinni yutishi oson bo‘lmadi. Keyingi o‘yinlarda Eron va Saudiya Arabistoni yirik g‘alabalarga erishib, tarozi pallasini favoritlar tomon og‘dirgan bo‘lsada, o‘rinli savol – rostdan ham Osiyoda o‘rtamiyona jamoalarning darajasi o‘sib bormoqdami? Ya'ni, qatnashchilar soni oshirilishi to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshganmidi? Yoki bizga tegishli qismi, agar kuchsiz jamoaning o‘zi qolmay, hamma futbol o‘ynashni o‘rganib olgan bo‘lsa, bugun favoritroq hisoblanayotgan O‘zbekiston uchun ham qiyin bo‘ladimi? Ha, ishonavering, reytingda ancha pastlab ketganimiz bilan, o‘yinda O‘zbekiston yaqqol favorit sifatida e'tirof etilmoqda. Masalan, bukmekerlik kotirovkalarida vakillarimizning imkoniyati ikki barobar ko‘p deb baholanyapti. Umuman, tarkibning saviyasi, futbolchilarning darajasi bo‘yicha ham ustunlik katta, buni raqib murabbiyi ham, ummonlik jurnalistlar ham ko‘p ta'kidlashyapti.

Menimcha, aslida unday emas. Dastlabki turdagi natijalarning boshqacharoq, haqiqatga yaqinroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan izohi. Bu aynan qatnashchilar sonining o‘sgani bilan ham asoslantirilishi mumkin.

Guruhlar tarkibi va ba'zi guruhlarda uch jamoa keyingi bosqichga chiqishi mumkinligidan kelib chiqsak, Avstraliya, Yaponiya yoki Koreyaning guruhda qolib ketishi mumkinligini tasavvur qilish ham oson emas. Buni o‘sha favoritlarning o‘zi ham juda yaxshi biladi va bu omil ularning turnirga tayyorgarlik strategiyasida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yo‘q, raqibni mensimaslik haqida gap bormayapti. Gap shundaki, guruhdan chiqish masalasi ularning kun tartibida turmaydi, bu o‘z o‘zidan sodir bo‘ladigan voqea sifatida qaraladi. Guruh bosqichi bu jamoalar uchun haqiqiy o‘yinlar, ya'ni pley-offga tayyorgarlik bosqichi sifatida qabul qilinadi.

Misol uchun, men shu fikrlarni yozib o‘tirgan paytimda Son Xon Min «Tottenhem» tarkibida «Chelsi»ga qarshi Angliya Ligasi kubogi yarim finalida o‘ynamoqda va yakshanba kuni «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘ynab, keyingina, ya'ni Koreya guruhda ikki o‘yinni o‘tkazib bo‘lganidan so‘ng, BAAga keladi. To‘g‘ri, bu qaror londonliklarning avgust oyida futbolchini Osiyo o‘yinlariga indamay qo‘yib yuborganiga minnatdorchilik sifatidagi yon bosishdir, shunday bo‘lsa-da, koreyslar uchun haqiqiy turnir pley-offda boshlanishini payqash qiyin emas. Yoki «Nyukasl» hujumchisi Mutoning «MYu»ga qarshi o‘yinda atigi bir necha daqiqa o‘ynab, shundan so‘ng Yaponiya ixtiyoriga kelib qo‘shilganini olaylik.

Umuman, qisqa turnirlarda oxirigacha borishni niyat qilgan jamoalar yuksak sport formasiga turnir davomida chiqib borishlari tajribada oddiy hol. Dastlab o‘yinlargacha ham ruhiy, ham jismoniy cho‘qqiga chiqishga urinish jamoani biroz toliqtirib qo‘yadi, qisqa vaqtda bir qator muhim o‘yinlarga tayyorgarlik qiyinlashib ketadi. Shuning uchun turnirni juda yengil, imkon boricha rotatsiyalar bilan boshlashga harakat qilinadi. Bu holatda ham maksimal ochko olinishi – qo‘shimcha bonus.

Maqsadi sovrindor bo‘lish emas, imkon qadar uzoqroqqa borish, guruhdan chiqish bo‘lgan kuchsizroq jamoalar uchun esa, har bir o‘yin ahamiyatli. Tayyorgarlik ham mana shundan kelib chiqib rejalashtiriladi va birinchi turga eng yuqori formaga chiqishga harakat qilishadi. Bor imkoniyat bilan guruh bosqichi hal etilsa, bo‘ldi, keyingi mag‘lubiyatlar ham soya solmaydi. Muvaffaqiyat sifatida baholanadi.

Esingizda bo‘lsa, ikki yil oldin ishtirokchilar sonini ko‘paytirgan Yevropa ham shunday holatni boshdan kechirgan, dastlabki kunlarda favoritlar qolib, o‘rtamiyona va autsayder jamoalar yaxshi taassurot qoldirishgandi. Yevropadagi Islandiyaga mos ravishda, ilk turlarning qahramonlari Hindiston bo‘lib turgani ham bejiz emas.

Kutilmagan natijalar asta-sekin kamayib boradi. Bu jarayon boshlandi ham. Balki Avstraliya va BAAning sensatsiyalari boshqa favoritlarni ham hushyor torttirib, vaziyatga jiddiyroq qarashga undagan bo‘lishi ham mumkin.

O‘rtoqlik o‘yinlari nega kerak?

So‘nggi paytlarda eng ko‘p e'tibor qaratilgan mavzu. Chunki, Osiyo Kubogiga yaqin birorta ham o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmagan yagona jamoa – O‘zbekiston bo‘ldi. Dekabrda yig‘inlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, birorta ham o‘yin tashkil etilmadi. Kecha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham Kuperga berilgan savollarning yarmi shu haqida bo‘ldi va bu argentinalik murabbiyni biroz asabiylashtirdi.

Avvalo, o‘rtoqlik o‘yinlari tayyorgarlikning faqat ma'lum bir bo‘lagi ekani va yakuniy natijalar doim ham bunday o‘yinlar soni va sifatiga bog‘liq emasligini ta'kidlagan bo‘lardim. Chunki bu o‘yinlar avvalo murabbiyning tarkib haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishi va ma'lum amaliyotni sinab ko‘rishi uchun kerak. Agar u o‘sha o‘yinlarsiz ham yetarli ma'lumotlar va ko‘nikmalar hal qilingan deb hisoblasa, o‘rtoqlik o‘yinlariga ehtiyoj sezmaydi. Aksincha, murabbiyning xayolini endi butunlay boshqa narsalar band etadi, olinishi mumkin bo‘lgan jarohatlar riski, masalan.

Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbayev «Futbolium» kanalida shunday yozadi:

«Dastlabki tur natijalari turnir oldidan jamoalarning qancha va kimlar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazganining natijalarga ta'siri yo‘qligi borasidagi farazni yana bir bor isbotladi. Avstraliya atigi besh kun oldin Ummonni yirik hisobda tor-mor etdi (5:0 - tahr), Iordaniya esa, Qirg‘iziston va Qatardan mag‘lubiyatga uchragandi. Ilk turda esa, Iordaniya 3 ochkoni ilib ketdi.

Avstraliya hatto, jahon chempionatidan keyin o‘tkazilgan to‘rt o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan, Iordaniya esa, oxirgi to‘qqizta o‘rtoqlik o‘yinidan atigi bittasida g‘alabaga erishgandi. Kimning ustidan deysizmi? Hindiston. Shuning uchun o‘rtoqlik o‘yinlari soni va ularda ko‘rsatilgan natijalarga haddan ziyod e'tibor berishni to‘xtatinglar».

Agar esingizda bo‘lsa, sakkiz yil oldingi Osiyo Kubogiga Xitoy juda qattiq tayyorgarlik ko‘rgan, qatorasiga sakkiz o‘yinda maydonga tushib, aksarida ijobiy natija qayd etgandi. Hatto, Fransiya terma jamoasi safarda mag‘lub etilgandi. Ammo Qatarda xitoyliklar O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olgan va guruhda qolib ketgan, o‘rtoqlik uchrashuvlarida natija ko‘rsatmagan O‘zbekiston esa (Vadim Abramov jamoasi 2010 yil davomida faqat mag‘lubiyatli o‘yinlar o‘tkazgan, faqat noyabr oyiga kelib Bahraynga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ilk g‘alabani qayd etgandi) birinchi o‘rinni olgandi.

Yo‘q, bu gaplar tayyorgarlik va o‘rtoqlik o‘yinlari ahamiyatini pasaytirish uchun yozilmadi. Shunchaki, tayyorgarlikni rejalashtirish va o‘rtoqlik o‘yinlarini bu rejaning qaysi qismiga qo‘yish to‘liq murabbiyning zimmasidagi va javobgarligidagi ish ekanini tushunish kerak. Ba'zi jamoalar individual va jismonan tayyor bo‘ladi, futbolchilarning jamoaviy bog‘lamlarini, ko‘nikmalarini oshirish uchun ketma-ket o‘rtoqlik o‘yinlariga ehtiyoj seziladi. Ba'zan esa, ikkinchi faktor hal qilingan, asosiy urg‘uni jamoani vazifalar uchun jismonan tayyorlashga yo‘naltirish lozim bo‘ladi.

Konkret vaziyat haqida eng to‘g‘ri va so‘nggi ma'lumotlar faqat murabbiylar shtabida bor. Terma jamoamiz ayni paytda qanday yuklamalarga ehtiyojmand ekanini ham ular yaxshiroq biladi

Kuper nega o‘rtoqlik o‘yinlaridan voz kechdi?

Bu savolning rasmiy javobi – «futbolchilarni kutilmagan jarohatlardan asrash». Buni Kuper Turkiyadagi yig‘in paytida ham, kechagi matbuot anjumanida ham ta'kidladi. Murabbiy jarohatdan qachon qo‘rqadi? O‘yinning o‘rtasida. Chunki, futbolchi mashg‘ulotda ham jarohat olishi mumkin, to‘g‘rimi? Kuper allaqachon jarohatlarni o‘ylay boshladimi, demak, tagdor ma'no ham bor - jamoa musobaqaga tayyor. Jamoa kamida Ummon bilan o‘yinga tayyor. Kuperning miyasida Ummonga qarshi kim va qanday o‘ynash pishib bo‘lgan, shuning uchun ham uni endi, qanday tayyorlanish emas, keyingi bosqich – jarohatlar tashvishlantira boshladi.

Shu yerda, yuqorida tilga olingan strategiya mavzusi o‘rtaga chiqadi. Nazarimda, Kuper jamoasi turnirga emas, Ummon bilan o‘yinga tayyor bo‘lib ulgurdi. Ummon bilan o‘yin esa, o‘z navbatida, turnirga bo‘lgan tayyorgarlikning bir bo‘lagidir.

Ilk turlarda Yaponiya bilan emas, Ummon va Turkmanistonga qarshi o‘ynashimiz Kuper uchun ideal taqvim bo‘ldi, menimcha. Ham tarkib, ham saviya va tajriba borasida bu raqiblarda yaqqol ustunmiz. Demak ular uchun alohida bir raqib tanlab, o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishga ehtiyoj sezmaslik normal holat. Har doim shunday bo‘lishi kerak, demoqchi emasman, axir Avstraliya o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi-ku, to‘g‘ri.

Lekin Kuperning qarorida ham mantiq bordek. Menimcha, u Ummon va Turkmaniston bilan o‘yinlarda ijobiy natija qayd etishga ishonyapti. Yaponiya bilan o‘yin uchun esa, turnir oldidan o‘rtoqlik o‘yini shart emas, aynan guruhdagi dastlabki turlar ham Yaponiya bilan o‘yin uchun tayyorgarlik  vazifasini o‘tab bera oladi. Kuper tinmasdan jamoaning tayyorligi, salbiy natijaga to‘liq javobgarlikni bo‘yniga olishini ta'kidlayotganidan ham bilish mumkinki, murabbiy jamoasiga qattiq ishonmoqda.

Kuper so‘nggi oylarda hammadan yashirayotgan va qiziqtirayotgan buyuk syurpriz, ya'ni sir, aynan mana shu ishonch bo‘lsa ajab emas.

(mulohozalarning «strategiya»ga atalgan davomi borki, buni faqat Ummon bilan o‘yindan so‘ng gaplashish mumkin)

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid