Yordam o‘rniga xalaqit berishmoqda. Tashnalikda qolgan piskentliklar
Islohotlar ko‘p mehnat va mashaqqatni talab etadi. Ijtimoiy masalalar esa bu ishning eng og‘riqli nuqtasi hisoblanadi, degandi mamlakatimizga kelgan Jahon banki vakili. Bunday og‘riqli ijtimoiy masalalardan biri ichimlik suvidir.
Navbatdagi murojaat sabab ijodiy guruhimiz bilan Toshkent viloyat Piskent tumaniga otlandik. Murojaatchilar bu safar «Anor» bog‘dorchilik uzumchilik shirkati a'zolari va rahbarlari edi. Shirkat hududida bir guruh shikoyatchilar va ularning advokati bilan uchrashdik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Hozirgi kunda ko‘plab qishloqlar prezidentning «Obod qishloq» dasturiga binoan obod qilinib kelinmoqda. Biz esa o‘z hududlarimizni o‘zimizning kuchimiz bilan ko‘rkamlashtirish niyatida ichimlik suvini hal qilmoqchi edik. Shu masalada ichimlik suvi chiqarish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdik. Ushbu yig‘ilishda Jamiyatning 80dan ortiq a'zolari ishtirok etishdi. Bir ovozdan qaror qabul qilindi. Jamiyatimiz hududida sobiq ittifoq davrida qurilgan metall quvurlarni kesib olib, ularni sotib, evaziga 128 million so‘m elektr energiyasi qarzdorligini qoplamoqchi bo‘ldik. Qolgan mablag‘lar hisobiga ichimlik suvi to‘plash minorasi o‘rnatib, plastmassa quvurlar orqali har bir ko‘chaga suv olib kirishga qaror qildik. Shu yilning 18 oktabr kuni ishlar boshlab yuborildi, suv to‘plash minorasi olib kelib o‘rnatildi, quvurlar ko‘mish uchun chuqurlar kavlandi. Ammo, 20 oktabr kuni Olmaliq shahar IIBdan tezkor vakil kelib, biror qarorsiz va bayonnoma rasmiylashtirmasdan, jamiyatimiz mulki ortilgan avtomashinani shahar IIBga olib ketdi. Bu holatga e'tiroz bildirsakda, e'tirozlarimiz eshitilmadi, inobatga olinmadi. Bizga o‘xshash boshqa shirkatlar shunday qurilishlarni qilishmoqda. Nega biz buni o‘zimizning hisobimizdan qilamiz», deydi shirkat rahbari Tohir Irisbayev.
Aholining boshqa vakillari bilan suhbat qurganimizda ular ko‘plab e'tirozlar bildirishdi.
«IIB xodimi hech qanday hujjatsiz kelib shirkatning mulkini olib ketaveradimi? Niyatimiz shu yerlarni obod qilish bo‘lsa, buning davlatga qanday zarari tegyapti?», deydi ular.
«Hududimizdagi trubalar 1986 yilda o‘rnatilgan. Nasos ishlataylik desak, boshqa mahallalar suvsiz qoladi. O‘g‘irlik deb trubalarimizni olib ketishdi. Qanday qilib? Axir, bizning balansdagi mulk-ku? Hukumatni kutsangiz, navbatimizni kutish kerak. Suvsiz holda. Suvni uzoq joylardagi zapravkalardan olib kelardik. Hozir ular ham bermay qo‘ygan. O‘zimiz qilamiz desak, yo‘l bermasa. Noqonuniy ish qilayotgan bo‘lsak, yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatishsin. Qonuniy qilaylik. O‘zimizning hisobimizdan, birovga og‘irligimiz tushmasdan. O‘zimizda sharoit bo‘la turib, boshqa joylardan suv olib kelamiz. Daraxt eksak, qurib ketyapti. Bu daraxtlarni ham pulga sotib olgan edik. Shu joylarimiz obod bo‘lsin deb. Tirikchilik maqsadida mol-qo‘y sotib ololmasak. Masalan, menda yo‘q. Tomorqaga ekin ekolmaymiz. Ro‘zg‘or uchun ozgina sabzavot olay deb bozorga boramiz. Bozor ham uzoq. Yana ham xalq sabr qilyapti», deydi yoshi ulug‘ murojaatchi Inobat Do‘stova.
Murojaatchilarning arz-dodlarini tinglagan holda hududni ko‘rib chiqdik. Bizni ko‘rgan jon borki, umid ilinjida o‘z dardini aytadi. Hududga kimdir kelib nima bo‘lganini so‘rab qolsa, obdon boshidan tushuntirib beraverishadi. Biz ham ularni tingladik. Shundan so‘ng, Olmaliq tuman IIB binosiga ravona bo‘ldik.
Tuman bo‘limining navbatchi xodimi, o‘zini «navbatchi To‘rayev» deya tanishtirgan ichki ishlar mayor holatdan xabari borligini aytdi va shu ish bilan shug‘ullanayotgan tergovchi, IIB xodimi mayor Shuhrat Do‘stov bilan bog‘lab berdi. Ushbu xodim suhbat davomida bu suv quvurlari shirkatning mulki bo‘lganini tan oldi. Uning aytishicha, hozir bu ish prokuratura nazoratiga olingan.
Mayor bilan suhbat vaqtida murojaatchining advokati e'tiroz bildirdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 329-moddasi talabiga ko‘ra, jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa ma'lumotlar ro‘yxatga olinishi va darhol tekshirish zarurati bo‘lgan hollarda o‘n sutkadan kechiktirmasdan hal etilishi lozim. Alohida hollarda asoslantirilgan qarorga ko‘ra, prokuror tomonidan bir oyga uzaytirilishi mumkin. 2018 yil 20 oktyabrda boshlangan tergovga qadar tekshiruv Olmaliq shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan oradan 2 oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham yakunlanmagan yoki qonuniy qaror qabul qilinmagan. Fuqarolarga qaytarilishi lozim bo‘lgan quvurlar qaytarilmay, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va erkinliklari buzib kelinmoqda», dedi advokat.
Huquqni muhofaza qilish organi xodimlariga birovning mulkini o‘g‘rilikda gumon qilib, tortib olish shunchalik osonmi? Tortib olgandan so‘ng, mulkni ularning balansida turganini bilib ham qaytarmay, aholini suvsiz qoldirish mumkinmi? Bu ishlar qonuniy yoki noqonuniy qilingani haqida xulosa chiqarishga bizning vakolatimiz yo‘q. Biroq, o‘z kuchi bilan suv chiqarmoqchi bo‘lgan aholiga to‘siq emas, ko‘mak bo‘lish maqsadga muvofiqdir.
Mavzuga oid
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
12:00 / 26.10.2024
Qishloq xo‘jaligida suv olish limiti xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi
13:30 / 25.10.2024