Jahon | 00:54 / 17.01.2019
7131
2 daqiqa o‘qiladi

YouTube’da hayot uchun xavfli chaqiriqlar va pranklar videosini joylashtirish taqiqlandi

Foto: REUTERS/Dado Ruvic

YouTube videoxostingi ma'muriyati foydalanuvchilar uchun qoidalarni yangiladi. Kompaniya blogida ma'lum qilinishicha, endi hayot uchun xavfli chaqiriqlar va pranklar videosini joylashtirish taqiqlandi. Bunday roliklar o‘chiriladi.

“Biz hayot uchun xavfli chellenjlar (chaqiriqlar) va jabrdiydalari o‘zlarini xavfda qolgan deb hisoblaydigan pranklar yoki bolalarda jiddiy hissiy iztiroblarni chaqiruvchi pranklarni taqiqlaymiz”, deyilgan xabarda.

Ta'kidlanishicha, YouTube’da Tide Pod Challenge yoki Fire Challenge kabi hayot uchun xavfli chaqiriqlarga o‘rin yo‘q.

Bundan tashqari, videoxosting videoga yoki ko‘rilgan videolar ro‘yxatida tashqi havolalarning moderatsiya qilinishini kuchaytirdi. Jumladan, spam, zararli dasturlar va pornografiyaga yo‘llovchi havolalar taqiqlandi. Sayt ma'muriyati videoning muqovasiga zo‘ravonlik yoki pornografiya sahnalari aks etgan suratlarni qo‘yishni taqiqladi. Qoidabuzarlar strayk (ogohlantirish) oladi. 90 kun ichida uchta strayk olish akkauntning o‘chirilishiga olib keladi.

Mavzuga oid