O‘zbekiston | 00:09 / 20.01.2019
15418
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim viloyatlarda sektorlar faoliyati ko‘ngildagiday tashkil etilmagan

19 yanvar kuni Prezident Adminstratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov va bosh vazir Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Z. Nizomiddinov yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgan Davlat rahbarining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonining ijrosi masalalarini tahlil qilish mobaynida bir qator viloyatlardagi sektorlar faoliyatini tanqid ostiga oldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi.

Prezident Adminstratsiyasi rahbari o‘z ma'ruzasida, “Ba'zi hududlarda mavjud muammolarni yo‘l xaritasiga kiritib, viloyat, respublika darajasida hal etish masalalari to‘liq yechimini topmagan. Sektorlar faoliyatini tashkil etishda ham kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Misol uchun Namangan viloyatida “Sektorlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi viloyat hokimining qarorida sektorga umumiy tarzdagi vazifalar yuklangan bo‘lib, shtabning har bir a'zosi nima ish qilishi va aniq vazifalari belgilanmagan. Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida faqat sektor bo‘yicha shtab navbatchisining vazifalari belgilangan. Qashqadaryo viloyatida esa, tuman sektorlarining ishi respublikadan vakillar o‘rgangani kelgandagina tashkil etilgan. Viloyat shtabi faoliyati ham qoniqarsiz. Sektor rahbarlarining hisobotida 2018-yilda 21819 murojaat hal etilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Qashqadaryo viloyatidan Prezident Adminstratsiyasi va Xalq qabulxonasiga ko‘plab murojaatlar kelib tushgan”, deya ta'kidlagan.

Mavzuga oid