Muxlislar O‘zbekistonning Osiyo Kubogidagi eng yaxshi futbolchisini aniqlashdi
Darvozabon Ignatiy Nesterov O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogi o‘yinlaridagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. «Tribuna» sayti muxlislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, faxriy futbolchi 67 foiz ovoz olgan, 10 mingdan ortiq kishi uning nomzodini tanlagan.
Shuningdek, Eldor Shomurodov (23 foiz) ham eng yaxshilardan biri deb topilgan. Javohir Siddiqov, Odil Ahmedov va Otabek Shukurov keyingi o‘rinlarda qolishgan.
Eslatib o‘tamiz, Ignatiy Nesterov O‘zbekiston Osiyo Kubogining nimchorak finalida Avstraliyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgach, terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi. U 2002 yildan buyon terma jamoaning asosiy darvozaboni sanalardi. Nesterov terma jamoa bilan 2011 yilgi Osiyo Kubogida to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. U terma jamoa safida jami 105 o‘yinda darvozani qo‘riqlagan.
Nesterov 2000-2001 yillarda Samarqandning «Dinamo», 2002-2009 yillarda Toshkentning «Paxtakor», 2009-2013 yillarda poytaxtning boshqa bir jamoasi «Bunyodkor» klubi safida bo‘lgan. 2014 yildan hozirgacha «Lokomotiv» sharafini himoya qilib kelmoqda.