Sport | 11:39 / 27.01.2019
42728
2 daqiqa o‘qiladi

Ignatiy Nesterov Saudiya Arabistoni klubiga o‘tdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Lokomotiv» futbol klubi darvozaboni Ignatiy Nesterov Saudiya Arabistoni klubida to‘p suradigan bo‘ldi. Bu haqda «Uhud» klubining Tvitter akkaunti ma'lum qilmoqda.

Ignatiy Nesterov Madina shahrining «Uhud» klubi bilan shartnoma imzolagan. Hozircha shartnoma shartlari aniq emas.

«Uhud» klubi Madina shahridagi, 24 ming kishiga mo‘ljallangan Shahzoda Muhammad ibn Abdulaziz stadionida o‘ynaydi.

Ayni paytda klub Saudiya professional futbol ligasida 16 turdan so‘ng 6 ochko bilan so‘nggi — 16-o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ignatiy Nesterov O‘zbekiston Osiyo Kubogining nimchorak finalida Avstraliyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgach, terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi.

U 2002 yildan buyon terma jamoaning asosiy darvozaboni sanalardi. Nesterov terma jamoa bilan 2011 yilgi Osiyo Kubogida to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. U terma jamoa safida jami 105 o‘yinda darvozani qo‘riqlagan.

Nesterov 2000-2001 yillarda Samarqandning «Dinamo», 2002-2009 yillarda Toshkentning «Paxtakor», 2009-2013 yillarda poytaxtning boshqa bir jamoasi «Bunyodkor» klubi safida bo‘lgan. 2014 yildan hozirgacha «Lokomotiv» sharafini himoya qilib kelayotgandi.

Mavzuga oid