Qaydasiz, jo‘qchilar?!
Bolalik boshqacha-da. Eng shirin xotiralar, quvnoq o‘yinlar, betashvish kunlar... Lekin o‘sha beg‘ubor bolalik bilan birga yo‘qolib ketgan yoki ketayotgan shunday narsalar borki, eslab dilimiz entikadi.
«Mollarg‘a jyemish soldingmi? Ertalabdan beri sening bu jurishingga ishanippan, becharalar bir narsa jyegani jo‘q!», derdi Samarqanddagi enam o‘yinqaroqligimga koyib.
Jizzaxda yanayam qiziq so‘zlarni eshitardim. Dasturxon yozilishi bilan mezbonlar – «ongsizlar, yengsizlar» deyishardi mulozamat qilib.
Andijonning shaharga yaqingina tumanlarida «q» harfi o‘rniga «x» va «h» o‘rtasidagi qandaydir tovushni qo‘yib gapiruvchilar bor edi (balki hamon bordir). Ularni so‘zlarini yozib tushuntirib bo‘lmaydi, faqat gapirish kerak, maza qilib eshitish kerak...
Yaqinda ona yurtimga, Samarqanddagi qishlog‘imizga bordim. «Jo‘qchi»lardan birortasini uchratmadim. Tsivilizatsiya...
Bolalik bilan birga yaqin o‘tmishdagi asrlar davomida saqlanib kelgan shevalar ham yo‘qolib ketibdi. Hammasi bir avlodning ko‘z o‘ngida...
Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 7097ta til qayd etilgan. Ammo globalizatsiya va texnologiyalar zamonida haftasiga bitta til o‘lik tilga aylanmoqda. Dunyo ahlining qariyb 70 foizi nari borsa 40 tilda gaplashadi, 3,5 mingdan ortiq tilda so‘zlashuvchilar yer aholisining 0,2 foizini tashkil qiladi xolos.
Bu endi tillar bo‘yicha holat. Ammo tillarning atrofida aylangan, adabiylikka da'vo qilmasa-da, o‘zlikni anglatib turgan, har bir hududga rang-baranglik baxsh etib turgan shevalar-chi? Ular qanchalik tezlikda yo‘qolib borayapti ekan?..
Hozir bizda faqat xorazmcha shevalar nisbatan yaxlit saqlanib turibdi, balki markazdan uzoqlik «yordam» qilayotgandir. Lekin xorazmliklarning aksariyati ham Toshkentga yetib kelishlari bilan «vottilash»ni boshlashadi.
«Jo‘qchi»larga qaytamiz. Bu shevaning qamrovi shu qadar keng bo‘lganki, bizning davlatimiz hozirgi hududining har bir viloyatida ishlatilgan. Ammo madaniyatimiz oshayotgani andak shubhali bo‘lgan bir paytda, madaniylikdan yiroq hisoblanib, shevalardan voz kechilayotgani, ular shiddat bilan yo‘qolib borayotgani juda og‘riqli. Biroq biz buni faqat kuzatib tura olamiz xolos, kimnidir qaysidir shevada gapirishga majburlab bo‘lmaydi-ku?
Eldar Asanov, tilshunos:
«Jo‘qchi» shevalar ilmiy tilda qipchoq lahjasiga mansub shevalar deb ataladi. Aslini olganda, «j»lash bu shevalarning asosiy belgisi emas, chunki Surxondaryoda, Samarqandda, Farg‘onada, Xorazmda va boshqa viloyatlarda «j»lamaydigan qipchoq shevalari juda keng tarqalgan. Ularni boshqa belgilardan, masalan, o‘ziga xos intonatsiyadan, so‘z oxirida «q» tushib qolishidan (sariq>sari), «g‘» «v»ga aylanishidan (og‘iz>oviz) tanib olish mumkin. Shunga qaramay, eng esda qoladigan va tanilgan belgi o‘laroq mana shu «j»lash ko‘pincha tilga olinadi.
Afsuski, nafaqat jurnalistlar, yozuvchilar, til masalasi haqida yozuvchi va gapiruvchi intellektuallar, balki hatto tilshunos olimlar ham ko‘p hollarda shevalarga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘ladi. Til, fan va madaniyatdagi konservatorlik shu darajaga yetib borganki, ziyolilarimiz orasida adabiy tilni targ‘ib qilish bahonasida shevalarning ahamiyatini yerga uradiganlar va umuman tan olmaydiganlar, hatto shevalardan voz kechishga chaqiradiganlar bor. Shevalarning qamrov doirasini «qishlog‘ingda gapirasan» qabilida cheklab qo‘yuvchilarni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
Ilgari ham juda ko‘p ta'kidlaganman: shevalar — tilning tirik, jonli qismlaridir; adabiy til shevalarga asoslanadi, shevalardan quvvat oladi. Shunday ekan, adabiy til shevalardan ustun bo‘la olmaydi. Adabiy tilni yoyish maqsadida shevalarning qo‘llanish doirasini toraytirish og‘ir oqibatlarga olib keladi. Gap shundaki, shevalar tilning o‘ziga xos genofondi deb aytsa bo‘ladi: shu tilda gapiruvchi xalqning tarixi, madaniyati, dunyoqarashi, qadriyatlari haqidagi axborotni tashiydi va avloddan-avlodga o‘tkazadi. Adabiy til ham shunga o‘xshash funksiyalarni bajaradi, ammo, umuman olganda, uning vazifalari, qo‘llanish doirasi, ahamiyati umuman boshqa. Shevalarning yo‘qolishi butun boshli madaniy plastlarning, tarixiy faktlarning yo‘qolishiga olib keladi. Shu shevadagi ko‘plab so‘zlar, madaniy tushunchalar ham yo‘qolib ketishi hech gap emas.
Bizda shevalarning yashab qolishiga to‘sqinlik qiluvchi yana bir yomon jihat bor — shevalarga nisbatan hurmat saqlanmaydi, ayrim holatlarda ochiqchasiga ksenofobik yondashuvni ham kuzatish mumkin. Ayniqsa «j»lovchi shevada gapiruvchilar «qishloqi», «harip» kabi haqoratlar eshitishi hech gap emas. Bir so‘z bilan aytganda, bizda shevalarning sotsiolingvistik (ijtimoiy-lisoniy) holati yaxshi emas. Shevalarga nisbatan shakllantirilmagani uchun ham ko‘p yoshlar o‘z shevasidan butunlay voz kechib, «modniyroq» Toshkent shevasiga yoxud adabiy tilga o‘tib ketyapti.
Bu holatning oldini olish, shevalar yo‘qolishini to‘xtatish uchun zudlik bilan ularning mavqeini oshirish lozim deb o‘ylayman. Misol keltiradigan bo‘lsam, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida qiziq amaliyot joriy qilingan: shaharga boshqa hududlardan odamlar ko‘chib kelaverib, asl sheva unutila boshlagani uchun maxsus klub tashkil qilingan; ushbu klub ishtirokchilari yig‘ilib, shaharning asl shevasida gaplashib turadi.
Bizda ham shunday klublar tashkil etish, shevalarning qo‘llanish doirasini kengaytirish, folklorga bo‘lgan qiziqishni o‘stirish, maxsus TV va radiodasturlar tashkil qilish mumkin. Asosiysi — odamlarga shevalarning ahamiyatini tushuntirish, shevalarni qadrlashni o‘rgatish. Bir necha yil muqaddam shevalarning mavqeini tenglashtirish hamda «j»lovchilarga nisbatan ksenofobiyani bartaraf etish uchun bir taklif aytgan edim: o‘zbek adabiy tiliga «j»lashni «y»lash bilan bir qatorda kiritish — «yo‘q» deb yozsang ham, «jo‘q» deb yozsang ham xato bo‘lmasin. Bunday narsa tatar tilida allaqachon joriy etilgan...
Hasan Karvonli, tilshunos:
Orqada-ku janglar, oldinda ham jang
Bundan yigirma besh yilcha burun hamsoyatovoq, hashar kabi udumlarimiz yo‘qolib borayotgani haqida gap ketganda institutdagi domlamiz bunga bir jihatdan urbanizatsiya ham sabab bo‘layotganini aytgan edi. Bu gapda jon bor. Shahardagi domlarda yashovchi qo‘shnilarning aksariyati bir-birini tanimagach hamsoyatovoq ham, hashar ham bo‘lmaydi.
Shevalarimiz haqida ham shunday deyish mumkin. Shu paytgacha butun dunyoda aholi qishloqlardan shaharlarga intilib keldi. Shaharda esa odamning oyog‘i yerdan uziladi. Oyog‘i yerdan uzilgan odam o‘zgaradi. Qishloqdoshlarining havasini keltirib, «shaharlik» bo‘lib qolgisi keladi. O‘z shevasida gapirishga or qiladimi, «toshkancha» gapirishga urinadi. Hatto radio-televideniyeda ham shu ahvol.
O‘zbek adabiy tili – katta daryo. U o‘nlab, yuzlab kichik shevalardan tashkil topgan. Chunki bu qishloqdan u qishloqqa o‘tsangiz so‘zlardagi tovush tovlanishlarini his qilasiz. Tilimizda «ota»ning «dada», «ada», tasdiq ma'nosidagi «ha»ning «hovva», «hiyyi», «ovqat»ning «taom», «jyegilik» kabi sinonimlari bor va bunday misollar juda ko‘p. Men ularning hech biriga o‘gay ko‘z bilan qaramasdan, hammasini adabiy tilda, badiiy asarlarimizda teppa-teng ishlataverish tarafdoriman. Lekin keyingi o‘n-yigirma yildan beri qishlog‘imizda «ota»lar kamayib, «dada»lar ko‘payib borayotgani meni o‘ylantiradi. Bu ketishda nebara-chebaralarimiz «uchovora», «chingalak», «o‘viz», «qavachoq» kabi so‘zlarni, «Buning jumirimg‘a juq bo‘maydi», «Bor og‘aynimdi olti kilometrdan toniyman, jo‘q og‘aynim jo‘limnan chiqsayam tonimayman» kabi iboralarni tushunishga qiynalib qoladimi deb og‘rinaman.
Hozir shaharlarimizda qayoqqa qarasangiz o‘rischa, inglizcha so‘zlarga ko‘zingiz tushadi. Hatto jurnalistlarimiz orasida ingliz tili qoidalarini o‘zbek tiliga tatbiq etuvchilar ham paydo bo‘lgan. Xullas, Omon Matjon iborasi bilan aytganda «orqada-ku janglar, oldinda ham jang». Tilimizni asrab qolish uchun ko‘p ish qilishimiz kerakligi tobora ayon bo‘lib bormoqda...
O‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi ortida adabiy tilning nufuzi tiklandi, oshirildi. Biroq asosan yozuvda ishlatilib, rasmiy bo‘lmagan o‘zaro suhbatlarda deyarli hech kim foydalanmaydigan adabiy tilga e'tibor qanchalik kuchayayotgani singari shevalar yo‘qolishi shiddati ham oshib borayotganday.
Ha, sheva ham o‘zlikning bir bo‘lagi. Uning ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib ketishi achinarli baribir.
Abror Zohidov