O‘zbekiston | 17:27 / 28.01.2019
99950
5 daqiqa o‘qiladi

Savdo do‘konlarida paketlar nega pulli bo‘ldi? ​

Foto: Pinterest

Aholi yildan yilga ko‘p va yana ko‘p plastik paketlardan foydalanmoqda. Xususan O‘zbekistonda yiliga bu ko‘rsatgich 26,2 ming tonnani tashkil etmoqda. 

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, Sultonobod MFY yashovchi, mahalla faoli Xalil Qarshiboyev​ ham chiqindi masalasi o‘z yechimini kutayotgan asosiy muammolardan biri sanaladi, agar u zudlik bilan hal etilmasa, yaqin orada barchamiz global chiqindixonada yashashga majbur bo‘lamiz, deb hisoblaydi. ​Plastik paketdan samarali foydalanish, shu orqali insoniyatning ekologiyaga salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida 2019 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda plastik paketlar pulli etib belgilandi.

Plastik paketlar, asosan, qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslardan – neft va gazdan tayyorlanadi. Aksariyat plastik paketlar yer yuzida 1000 yil, suvda 450 yilda parchalanuvchi polietilendan tayyorlanadi. 

Suv va quruqlikdagi hayvonlarning ozuqa izlab, plastik paketlar yeb nobud bo‘lishi kabi holatlar yildan yilga oshib bormoqda. Negaki tirik mavjudotlar organizmining plastik paketlar hazm qilish imkoniyatiga ega emas.

Xitoyda 2008 yil 1 iyundan boshlab juda ham yupqa (qalinligi 0,025 mm.gacha) polietilen paketlarni ishlab chiqarish hamda ularni savdo do‘konlarida bepul tarqatish ta'qiqlangan. Xitoy xalq respublikasi Davlat kengashi mazkur qarorni mamlakatda aholi tomonidan haddan ziyod ko‘p polietilen mahsulotlaridan foydalanilishi, o‘z navbatida ularni o‘rnatilgan tartibda qayta ishlash va utilizatsiya qilish imkoni mavjud emasligini hisobga olgan holda qabul qildi. Mazkur yangi qaror talablarini buzgan savdo do‘konlari katta miqdordagi jarimaga tortiladi yoxud mahsulotlari konfiskatsiya qilinadi.

Lyuksemburgda 2004 yildan boshlab aholi o‘rtasida shunday targ‘ibot kompaniyasi boshlandiki, unga ko‘ra odamlar o‘ziga qulay bo‘lgan hamda qayta va yana qayta ishlatishi mumkin bo‘lgan sumkalardan (mahalliy aholi bu kabi sumkalarni Öko-Tut deb nomlaydi) foydalanishga va polietilen paketlardan voz kechishga da'vat etdi. 2007 yilga kelib esa bir marotabalik polietilen paketlarni bepul tarqatish man etildi, 2009 yilga kelib bunday paketlardan foydalanish 55 mln.dan 6,5 mln.gacha tushdi. Öko-Tut sumkalari Yevropa komissiyasi tomonidan polietilen chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha eng yaxshi namuna sifatida e'tirof etilib, maxsus sovg‘ani qo‘lga kiritgan.

O‘tgan yili Keniyada plastik paketlarni olib kirish, foydalanish va ishlab chiqarishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Unga asosan, qonunbuzarlarni 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki 40 ming AQSh dollarigacha jarimaga tortish mumkin.

Shuningdek, hozirda BMTning dengiz chiqindilariga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot kompaniyasi doirasida poletilen paketlaridan foydalanishni cheklash yoki plastik materiallar bilan qadoqlangan mahsulotlarni yuqori soliq stavkasi bilan soliqqa tortishni taklif etilmoqda.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor – bu nafaqat ekologiyaga, balki aholi salomatligiga ham jiddiy xavfni yuzaga keltiradi. Xususan:

polietilen paketlarni ishlab chiqarishda zaharli modda -qo‘rg‘oshindan foydalaniladi. Organizmda mazkur moddaning to‘planishi turli kasalliklarning yuzaga kelishiga zamin yaratadi;

qadoqlash materiallari choklarini birlashtirishda kimyoviy yelimdan foydalaniladi, bu esa aksar holatlarda mahsulotlarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi;

reklama maqsadlarida aksar holatlarda polietilen paketlariga turli yorqin ranglardan iborat tashkilot logotiplari tushiriladi. Odamlar paketlardagi mazkur ranglar tarkibida inson organizmi uchun zararli bo‘lgan, yuqori darajada zaharli moddalar borligini anglamagan holda unga oziq-ovqat mahsulotlarini soladilar;

polietilen tarkibida bakteriyalar juda ko‘p bo‘lganligi sababli, paketga solingan mahsulot tez buziladi;

polietilen paket muzlatgichga qo‘yilganda, undan inson uchun xavfli toksinlar ajraladi

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda ham ushbu masalada maqsadli yo‘nalishga ega bo‘lgan bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu ishlar doirasida, birinchi navbatda, savdo do‘konlarida plastik paketlarni bepul tarqatishga cheklov o‘rnatish, ular sonining kamayishiga, o‘z navbatida atrof-muhit ifloslanishining oldi olinishiga erishiladi.

Ko‘cha-kuyda, suv obektlari atroflarida, dam olish hududlarida ularning uyulib yotishi, eski maishiy chiqindi poligonlarda chiqindilarni tashkillashtirilmagan holda ko‘milganligi natijasida sanitar me'yorlarni buzilishi, o‘z navbatida, shamol ta'sirida paketlarning yon-atrofga tarqalishiga barham berish ustuvor vazifalardan biridir.

Mavzuga oid