Jamiyat | 14:53 / 29.01.2019
9955
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Gajkuli Odinayev Rossiyaga jo‘nab ketdi.

Xabaringiz bor Kun.uz xayriya aksiyalari o‘tkazib, ularning natijalarini siz azizlarga havola qilib keladi. Saytimiz orqali «18 yildan buyon farzandlari salomatligi uchun kurashayotgan ota yaxshilar saxovatidan umidvor» sarlavhali xayriya aksiyasi e'lon qilingan edi. Ushbu aksiyada Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida bir necha yillardan buyon farzandlari sog‘lig‘i uchun kurashib kelayotgan Olim Nazarov haqida so‘z boradi. Albatta farzand oila quvonchi, ota-ona orzularini ro‘yobga chiqaruvchi kelajakdir. Otaning 2007 yil dunyo yuzini ko‘rgan farzandi oyog‘ida tug‘ma nuqson, ya'ni ikki tomonlama maymoqlik kasalligi bilan tug‘iladi. Gajkuli 3 yoshga to‘lganida unda ichak patologik kasalligi aniqlanadi. Shu vaqtga qadar uning oyoq va qorin qismida 10 dan ziyod jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. 48 marotaba tibbiy muolajalarni boshidan kechirgan. Farzandi sog‘ligi uchun kurashayotgan ota shu vaqtga qadar tibbiy muolaja va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari uchun yashab turgan hovlisi va ko‘p qavatli uydagi xonadonini sotgan. Ayni vaqtda oila uysiz, Termiz shahridagi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan birida ijarada yashamoqda. Olim Nazarov Rossiyadagi klinikalardan biridagi mutaxassislar bilan bog‘langan. Davolash imkoni bor, ammo buning uchun mablag‘ zarur. Olim Nazarovning aytishicha, o‘g‘lini Rossiyada davolatish uchun 10 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ kerak.

Mehr-oqibatli, xayr-u saxovatli, bag‘rikeng xalqimiz yordami bilan mablag‘ yig‘ildi. Ular Rossiyaga jo‘nab ketishmoqda. Oq yo‘l tilash maqsadida ular bilan ko‘rishdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Olim Nazarov barcha yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorligini aytib o‘tdi. Dardiga sherik bo‘lgan, og‘ir kunida yolg‘izlatib qo‘ymagan saxovatpesha xalqimizni bir umr duo qilishini ta'kidlab o‘tdi. Shu o‘rinda Kun.uz jamoasi ham xayriya aksiyasida faol ishtirok etgan vatandoshlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoladi. Qilgan ehsonlaringiz Alloh huzurida qabul bo‘lib, savob va ajrlarini ko‘paytirib berishini so‘rab qolamiz. Zero, bir oilaning hayotga kulib boqishiga sababchi bo‘lish ham ulkan baxt, nazarimizda. Xayr-ehson qilishdan charchamang, aziz va saxovatpesha yurtdoshlar.

Mavzuga oid