O‘zbekiston | 14:30 / 05.02.2019
87574
3 daqiqa o‘qiladi

Ochilboy Ramatov «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisligidan ketdi. Uning o‘rniga yangi rahbar tayinlandi

Hukumat qarori bilan Xusnutdin Nuruddinovich Xasilovga «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining raisi vazifasini bajarish yuklandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.

Xusnutdin Xasilov shu kunga qadar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJda Bosh menejyer lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. U endi 2002 yildan buyon «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruv raisi sifatida ishlab kelgan Ochilboy Ramatov o‘rnini egallaydi.

Bundan avvalroq Ochilboy Ramatov prezident farmoni bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari - Transport vaziri lavozimiga tayinlangandi.

2019 yildan O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish doirasida bosh vazir o‘rinbosarlari soni optimallashtirildi va bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida muayyan idoraga rahbarlik qilish amaliyotini bekor qilindi. Prezident qaroriga binoan bosh vazir o‘rinbosarlari xo‘jalik jamiyatlari va kompaniyalar, shuningdek, davlat ulushiga ega bo‘lgan boshqa tashkilotlar faoliyati ustidan bir vaqtning o‘zida rahbarlik qilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Shu tufayli Ochilboy Ramatov «O‘zbekiston temir yo‘llari» rahbarligini tark etdi.

Xusnutdin Xasilov (mikrofon tutgan)

Xusnutdin Xasilov 1970 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, 1992 yilda Toshkent temiryo‘l muhandislari institutini injyener-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1992 yilda «O‘zinterservis» qo‘shma korxonasida tarmoq boshlig‘i sifatida boshlagan. 1999-2002 yillar «O‘ztemiryo‘lmashta'mir» unitar korxonasida turli lavozimlarda ishlagan. 2002-2008 yillar strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i, bir vaqtning o‘zida «O‘zbekiston temir yo‘llari» DATK bosh menejyer – bosh muhandisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2011 yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari» DATK bosh menejyer – bosh muhandisi lavozimiga tayinlangan. 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Departament mudiri lavozimiga tayinlangan. 2016 yil 1 apreldan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qaroriga muvofiq «O‘zbekiston temir yo‘llari» Aksiyadorlik jamiyatining bosh menejyer – bosh muhandisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid