Jamiyat | 14:39 / 07.02.2019
37909
9 daqiqa o‘qiladi

Andijon tomonlarda: MarHamatning loy yo‘llari va yo‘lka ustidagi «astanopka» haqida

Biror tanqidiy mavzuni yoritayotganda miyangda ming o‘y kechadi. O‘qigan odam «Muxbir mana shu joyda «maydalashibdi». Tuzuk-quruq muammo topsa bo‘lardi-ku?», demasmikin degan o‘yda xijolat ham bo‘lasan. Chunki, jurnalist uchun juda jiddiy muammo bo‘lib ko‘ringan jihat, kimlargadir hech narsani anglatmasligi mumkin. Nima bo‘lsa ham bugungi maqolamizdagi uch muammo jamiyat va kishilar uchun bir qadar dolzarbligiga ishontirishga harakat qilamiz.

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati, Marhamat tumani markazidagi serqatnov bo‘lgan Mustaqillik ko‘chasida piyodalar yo‘lakchasi o‘rtasiga savdo do‘koni va bekat qurilayotgani, tuman markazida yana bir talay muammolar mavjudligi haqida murojaat kelib tushdi. Arznomachilarni mahtal qilmay, Andijonning chekka tumani tomon yo‘lga chiqdik.

«Muxbir aka, zap keldingiz!»

Asaka orqali yo‘l bilan Marhamat tuman markaziga yetib kelib, «trotuardagi bekat muammosi»ni o‘rganishga chog‘lanayotganimizda, turnaqator turgan taksi haydovchilaridan bir guruhi yonimizga keldi. Ular salomlashgach, «Muxbir akalar, bekatdan ham muhimroq muammolarimiz bor.  Yordam berasizlarmi? Bizga o‘n daqiqa vaqt ajratsalaring bo‘ldi?», deya gap boshlashdi.

Ulardan biri, «Agar mumkin bo‘lsa, mashinamda shaharni bir aylanib kelsak», deya qattiq turib olgach, ular bilan shahar kezgani chiqdik.

Darhaqiqat, keyingi o‘n daqiqa davomida shahar aylanib, taksichi yigitlar bizga tuman markazidagi eng dolzarb muammolardan birini ko‘rsatganiga amin bo‘ldik. Ular bizni markazning Turkiston MFY hududidagi (aholi bu joylarni «Cheryomushka» der ekan) ko‘p qavatli uylarga olib boruvchi yo‘llarning ahvolini ko‘rsatishdi.

Mazkur hududdagi yo‘llarning, yo‘l degan nomi bor xolos. Aholi va transport qatnovi uchun yaroqsiz mana shu «so‘qmoq»lardan ishga qatnayotgan kishilar, maktabga borayotgan bolajonlarga rahmingiz keladi.        

Tuman markazidagi ko‘chalarda ozodalikka umuman e'tibor berilmasligi taajjublanarli. Markaz aylanib faqat dilimiz xira bo‘ldi, xolos. Eng gavjum ko‘chalar va ularning atrofida qachon obodonlashtirish ishlari  olib borilgani noma'lum. Hammayoq loy, ko‘lmak va chiqindi bilan to‘la. Ko‘chalar yomonligidan haydovchilar mashinalarini ham yuvmay qo‘yishibdi chog‘i, atrofda yuvilgan avtomashinaning o‘zi kam.

Ikki taksichi yigit G‘ayratbek Boynazarov va Muhammadjon Qodirov bizga ko‘rsatgan ko‘chalar naqadar ayanchli holatdaligi suratlarda ko‘rinib turibdi.

Biz o‘n daqiqalik sayr ichida Marhamatda yo‘llarni ta'mirlash korxonasi borligiga shubha qilib qoldik.

«Trotuardagi bekat»

Yuqorida aytganimizdek, haqiqatan ham tumanning eng markaziy va eng gavjum ko‘chasi trotuariga bekat qurilibdi. Mana shu joyda shahar va tumanlarimiz markazlarida bekatlar mavzusiga oydinlik kiritib ketaman. Jamoat transporti to‘xtashi uchun qurilayotgan barcha bekatlar ma'lum hujjatlarga asosan tadbirkorlarga berilyapti va ishbilarmonlarimiz ko‘chalar chetiga yarmi do‘kon va yarmi bekatdan iborat yengil konstruksiyali inshootlar barpo etishyapti.

Marhamat tumani markazidagi Mustaqillik ko‘chasi yoqasidagi ikki bekatni o‘rgandik. Qarangki, bekat shundoq piyodalar yo‘lakchasi ustiga qurilibdi. Endi piyodalar yo‘lakcha bo‘ylab harakatlanaturib peshonasini «do‘konli bekat» devoriga urishadi va aylanib, qisilgan holda do‘konlar yonidan yurishga majbur bo‘ladi. Aynan mana shu ko‘chaning narigi betida o‘tgan 2018 yil boshida bunyod etilgan yana bir «do‘konli bekat»ni ko‘zdan kechirdik. Haytovur, bu bekat trotuardan chetroqqa qurilgan ekan. Demak, bu inshootni bekat deb bo‘lmaydi. Chunki, uning oldida katta yo‘ldan ajratib turuvchi panjara ham bor edi. Qiziq, «bekat ham trotuar orqasiga quriladimi?». Ushbu binodan faqat do‘kon sifatida foydalanilyapti xolos.

Bizda tug‘ilgan, «O‘zi mana shu joylarga bekatlar zarurmidi?», degan savolga javob izlab tuman hokimligiga bordik. Tuman hokimligi binosi peshtoqidagi holatga maqolamiz so‘ngida to‘xtalamiz.

Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Omadbek Aslonov biz bilan muammoli holatni o‘sha joyning o‘ziga borib ko‘rishini aytgach, Mustaqillik ko‘chasiga birga qaytdik. Bu orada tuman arxitektori ham yetib keldi.

Har ikki mutasaddi piyodalar yo‘lakchasidagi mazkur bekat, viloyat yo‘l-harakati xavfsizligi boshqarmasi xulosasiga asosan, barcha qurilish me'yorlariga yong‘in xavfsizligi qoidalariga asosan barpo etilayotgani, mana shu piyodalar yo‘lakchasi ustiga qurilayotgan «astanopka» markazga suv va havodek zarur ekanligi haqida so‘zladi. Biz esa jimgina ularning so‘zini tinglab, piyodalar yo‘lakchasi chetidan ming qiynalib o‘tayotgan piyodalar oqimini kuzatdik.

Biroq bizning ko‘chaning narigi tomonidagi bekatdan faqat do‘kon sifatida foydalanilayotgani, hatto, bekatning katta ko‘cha tomoni panjara bilan o‘ralgani haqidagi savolimiz javobsiz qolaverdi.

Piyodalar yo‘lakchasidan mosuvo bo‘lib, uning yonidagi loyli va ko‘lmakli joyidan qiynalib o‘tayotgan aholi vakillari bilan mutasaddilar yonida suhbatlashdik. Ularning bari trotuar o‘rtasiga qurilgan bekat faqat noqulaylik tug‘dirayotganini aytishdi.

Shu yerdan o‘tib ketayotgan Nosirjon Mamadaliyev va Svetlana Gosticheva aholi uchun noqulay joyga qurilgan bekatdan hamma norizoligini bildirishdi.

Ayni paytda Marhamat tumani markazida jamoat transporti bo‘lgan avtobuslarning o‘zi yo‘q. Ko‘cha atrofi turli yo‘nalishlarga qatnovchi «Damas»larga to‘lib ketgan.

Bekatlar tadbirkorlarga jamoat transporti to‘xtash joyidan ko‘ra, savdo do‘koni uchun berilgani esa sir emas. Mutasaddilar mazkur masalani yana bir bor ko‘rib chiqishga va'da berishdi.

Tuman hokimligi peshtoqidagi savodsizlik

Endi o‘sha kim uchundir mayda, kim uchun esa muhim muammoga to‘xtalsak. Hokimlik binosi peshtoqiga katta harflar bilan, «Marxamat tumani xokimligi» deb yozib qo‘yilibdi.

Tumanning barcha sohalarini boshqaruvchi davlat organi hisoblangan bino yuzidagi yozuvda bunday imlo xatolar bo‘lishi kutilmagan holat. Nahotki, tuman hokimligida mana shu xatoni ko‘ra oladigan ziyoli kishi yo‘q. Axir, Marhamat - bir vaqtlar qadimiy Dovon davlati poytaxti bo‘lgan, Mingtepa deya dunyoga dong‘i ketgan Dukchi eshon yurti bo‘lsa...

Zamonamizning eng zo‘r o‘zbek shoiri Muhammad Yusuf ham marhamatlik. Bir avlod o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni mana shu insondan o‘rgandi.

«Ikkita yumshoq «h» o‘rniga qattiq «x» yozilishi fojiami? Oshirib yubormang?!», deya o‘ylasangiz xato qilasiz. Har kuni mazkur binoga yuzlab kishilar ko‘zi tushadi. Eng asosiysi, yosh avlod vakillari o‘sha peshtoqdagi yozuvni ko‘rib katta bo‘lishadi. Ular o‘z tumani nomi qanday yozilishini miyalarida saqlab qolishmaydimi?

Hokimlik binosi yonidagi soliq idorasida tuman nomi bexato, uning chap tarafidagi aholi bandligiga ko‘maklashuvchi Markaz binosida esa xato bilan yozilgan.

Marhamat tumani hokimligi ziyolilik borasida, o‘zbek tiliga hurmat borasida yosh avlodga «zo‘r o‘rnak» bo‘lyapti.

Marhamatdagi holatlardan dil xira bo‘lib qaytdik. O‘ylaymizki, mazkur maqolani o‘qigan mutasaddilarning ham dili biroz xira tortib, shijoat bilan kamchiliklarni bartaraf etishga kirishadilar.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid