O‘zbekistonda qancha amaldor korrupsiyaga qo‘l urdi?
Korrupsiyaga qarshi kurashning oltin qoidalari mavjud emas: u turli jamiyatlarda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab, 2018 yilda 1561 nafar turli toifadagi mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu shaxslarning 821 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish, 138 nafari pora olish va berish, qolganlari esa boshqa mansabdorlik jinoyatlarida ayblangan.
Hisobotda keltirilayotgan raqamlar kichik yo kattaligini tasdiqlab bo‘lmaydi. Shunga qaramay, korrupsiyaga qarshi kurash qanday kechayotganini tahlil qilish mumkin.
Nimalar qilindi?
O‘zbekistonning zamonaviy tarixida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi: BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilish, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun, «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori kuchga kirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional tuzilmasi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Ammo 2018 yil davomida faqat 138 nafar amaldorning pora olish va berish holati bilan qo‘lga tushgani, ishlar samarali tashkil etilganini anglatmaydi.
Negaki, korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning aksariyatini - xo‘jalik yurituvchi sub'yekt rahbarlari (580 kishi), ta'lim sohasi vakillari (247 kishi), sog‘liqni saqlash tizimi vakillari (83 kishi) va qolgan qismini boshqa soha vakillari tashkil qiladi. Ya'ni, korrupsion holatlarni fosh etish ijtimoiy soha vakillari orasida tez-tez uchrab turibdi, ammo jamiyatning boshqa kasb egalari haqida ma'lumot mavjud emas. Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 39 nafari respublika, qolganlari viloyat tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashning 5 yo‘li
1. Korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy richagi — jazoning muqarrarligi va javobgarlik mavjudligida. Qonunlarda javobgarlikni qat'iylashtirmasdan, har bir harakat uchun jazo muqarrarligini belgilamasdan, hech qaysi jamiyatda korrupsiyaga qarshi samarali kurash tizimini tashkil etib bo‘lmaydi. Masalan, O‘zbekiston Jinoyat kodeksida korrupsiya holatlarida ba'zan yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi ham mumkin.
Masalaning boshqa tomoni esa jazo mavjud bo‘lsa-yu, javobgarlikka tortish holati yoxud ishlari sust kechsa, u holda nima qilmoq kerak? O‘ylashimcha, buning uchun quyidagi bandalarga e'tibor qaratish lozim.
2. Ma'muriy va moliyaviy ish yuritish uslubini isloh etish kerak. Moliyaviy resurslarni samarali boshqarish, audit agentliklari rolini oshirish jamiyat hayotida kutilgan va ijobiy yangiliklarga sabab bo‘ladi. Fuqarolar uchun budjet e'lon qilindi, ammo davlat xaridlari masalasida yakuniy nuqta qo‘yilmagan. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar taqdim etayotgan kreditlar nima maqsadda, qanday sarflanayotgani haqida ham ochiq ma'lumotlar bazasi mavjud emas.
O‘zbekistonda juda ko‘p korrupsiogen holatlar maishiy yumushlar, xususan idora yo tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari bilan bog‘liq. Jahon tajribasida ekspress kassa tushunchasi yuritiladi, ya'ni xizmatlarning tezkor ko‘rsatilishi uchun qo‘shimcha pul to‘lash legallashtirilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashning bunday yechimi haqida ham o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi, chunki pora berish masalasi aynan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘p uchraydi. Shuningdek, ma'muriy boshqaruvdagi byurokratik to‘siqlar, sansalorlikka solish ham korrupsiyaning rivojlanishiga jiddiy sabab bo‘luvchi omillardan sanaladi. Buning uchun qonunchilikning korrupsiyaga moyil normalarini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
3. Matbuot erkinligi va ma'lumotlar ochiqligi korrupsiyaning ashaddiy kushandasi hisoblanadi. Freedom House inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti «Freedom in the world 2019» hisobotida 195 mamlakatidagi vaziyatni qiyosiy tahlil qilib, O‘zbekistonni so‘z erkinligi mavjud bo‘lmagan davlatlar qatoriga qo‘shgan. Bunday salbiy ko‘rsatkich matbuot erkinligiga ham taalluqlidir.
Davlat tashkilotlari, idora va xo‘jalik sub'yektlarining moliyaviy shaffofligi maqtovga arzigulik darajada emas, yillik hisobotlar esa davra suhbatida aytiladigan umumiy gaplar bilan to‘ldiriladi. Ahamiyatga molik tender, tanlov va imtiyozlar qay tartibda taqdim etilishi, berilgani deyarli mavhum qoladi. Rasmiy statistikaning imiji uzoq paytlar salbiy fonda qolgandi.
4. Parlament oldida mansabdorlar, tashkilot vakillarining hisobdorligini oshirish kerak, bu jarayonlar keng jamoatchilikka yetib borishida ko‘mak zarur. O‘zbekistonda davlat budjetidan tashqari, vazirlik, tashkilotlar huzurida turli maqomdagi jamg‘armalar mavjud. Uning mablag‘lari qanday sarf etilayotgani, balans haqida umumiy ma'lumot ham ommaga e'lon qilinmaydi. Masalan, shu paytgacha o‘tgan O‘zbekistondagi saylov kampaniyalari uchun qancha pul sarflangani OAVga ma'lum qilinmagan.
5. Lobbizm va davlat xizmatchilari, ularning yaqin qarindoshlariga oid ma'lumotlar ochiqlanishi kerak. Soddaroq qilib aytganda, tor doira shaxslar manfaatida parlament muhokamasida (bizning vaziyatda hukumat va quyi bo‘g‘inlarda ham) bir yoqlama ish ko‘ruvchilar maqomi rasman keltirilishi, davlat amaldorlari va biznes doirasining har bir uchrashuvi rasman ro‘yxatga olinishi lozim. Aks holda, ro‘yxatga olinmagan uchrashuv yoxud aloqaning uzviyligi aniqlansa, javobgarlik paydo bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilarining alohida maqomini belgilab beruvchi qonun qabul qilinishi lozim. Davlat xizmatchisi va uning yaqin qarindoshlari qancha mol-mulkka egaligi, orttirayotgan boyligi haqida rasmiy ma'lumot tarqatilishi lozim.
Korrupsiya davlat va fuqaro o‘rtasidagi ijtimoiy shartnomaga raxna soladi, jamiyatda vayronkor g‘oyalarning paydo bo‘lishiga, rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurash masalasi qanchalik siyosiy iroda bog‘liq holat ko‘rinsa-da, unga befarqlik oqibatlari faqat iqtisodiy bo‘hronlarga olib keladi. Korrupsiyaga qarshi kurash sohada yuqori texnologiyalarni joriy etmasdan turib, yaxshi natijaga erishish mumkin bo‘lgan harakat emas.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024