Jamiyat | 21:54 / 14.02.2019
10719
5 daqiqa o‘qiladi

«Dul-dul» mahallasidagi muammolar hal etilmoqda. Navbahor tumani hokimligi tegishli ishlarni amalga oshirdi

Kun.uz saytida 2019 yil 7 fevral kuni «Kesib ketilgan gaz quvuri, loy ko‘chalar va ta'mirtalab maktab. Navbahor tumanidagi «Dul-dul» mahallasi muammolari» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda tuman hokimligi tomonidan ushbu mahalladagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Tahririyatga Navbahor tumani hokimligi tomonidan shu mazmundagi ma'lumot taqdim etildi.

Ma'lumotda ta'kidlanishicha, mahalla hududi tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalar ro‘yxatiga kiritilgani sababli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 apreldagi 47-sonli yig‘ilish bayoni va tuman hokimining tegishli qarorlariga asosan ushbu hududdagi aholi xonadonlari tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan. Ushbu mahallada yashovchi aholi tuman gaz ta'minoti uchastkasidan o‘rnatilgan tartibda ijara shartnomasi asosida maishiy gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlanib kelinmoqda. Tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan aholi ehtiyoji uchun ajratilgan arzon ko‘mir va ko‘mir briketi o‘rnatilgan tartibda to‘lovi amalga oshirilgan holda ajratiladi.

Mahalladagi xonadonlar tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgandan keyin Navbahor tumani hokimining 2015 yil 5 avgustdagi Q-501-sonli va 2017 yil 26 avgustdagi Q-1069-sonli qarorlariga asosan gaz taqsimlash qurilmalari va gaz quvurlari demontaj qilinib, maqsadli foydalanish maqsadida «Beshrabot» va «Yangi yo‘l» mahallalaridagi namunaviy arzon uy-joylarni gazlashtirishda foydalanilgan.

Avtomobil yo‘llari bo‘yicha ushbu mahalladagi ta'mirtalab bo‘lgan

250 metr uzunlikdagi ichki xo‘jaliklararo yo‘llar homiylik mablag‘lari hisobidan shag‘al qoplamaga o‘tkazilgan. Tuman «Yo‘llardan foydalanish» UK balansida bo‘lgan mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini dastur asosida joriy ta'mirlashga takliflar berilgan.

Bundan tashqari, mahalladagi 1985 yilda maktabgacha ta'lim muassasasiga mo‘ljallab qurilgan va 1996 yilda umumta'lim maktabi uchun moslashtirilgan 24-umumiy o‘rta ta'lim maktabi binosini 2019 yilda joriy ta'mirlash maqsadida 100 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni ajratish yuzasidan tuman moliya bo‘limi tomonidan dasturga kiritilgan.

Suv ta'minoti bo‘yicha mahalla aholisiga hozirgi kunda maxsus texnikalar orqali toza ichimlik suvi uzluksiz yetkazib berilmoqda. Ushbu mahalla aholisini tizimli ravishda uzluksiz ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida 20 kilometr asosiy tarmoq va 10 kilometr ichki tarmoq quvurlari tortish hamda suv yig‘ish va tarqatish inshooti qurilishi uchun 2020 yil dasturiga kiritish takliflari tayyorlanmoqda.

Ushbu mahalla aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlashni yanada yaxshilash maqsadida 2019 yil dasturi asosida 1,2 kilometrlik 0,4 kV.li va 0,1 kilometrlik 10 kV.li havo elektr uzatish tarmog‘i hamda 1 dona transformator punkti qurish rejalashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyuldagi «Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari hamda Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bo‘yicha ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida nizomlarni tasdiqlash haqida»gi 595-sonli qaroriga asosan, bugungi kunda mahalladagi Mariya Norova va Norjon Norova tomonidan oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasini ochish yuzasidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, bitim tuzish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi bandligini ta'minlash choralarini ko‘rish va aholining turmush darajasini yaxshilash hamda ish bilan bandligini ta'minlash maqsadida parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, asalarichilik, tikuvchilik yo‘nalishlarida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish va undan samarali foydalanilishini nazorat qilish yuzasidan tegishli mas'ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan.

Tuman hokimligi taqdim etgan ma'lumot yuzasidan mahalla aholisi bilan takror uchrashdik. Ular bilan mahallada olib borilayotgan ishlar yuzasidan suhbatlashdik. Mahalla aholisi hududda amalga oshirilayotgan ishlardan xursandligini aytib o‘tishdi.

Ayni vaqtda abgor holatdagi ichki yo‘llarga shag‘al to‘kilib, tekislangan. Mahalla aholisini qiynab kelayotgan ariqdagi suv quvurlari almashtirilgan.

Ushbu ishlar boshida turgan tuman mutasaddilari mahallada bu kabi ishlar davom etishini bildirishdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid