Jahon | 13:09 / 15.02.2019
27033
3 daqiqa o‘qiladi

Skripalni zaharlashda qatnashgan uchinchi shaxsning haqiqiy ismi aniqlandi. U Qozog‘istonda tug‘ilgan

Foto: Getty Images/Bellingcat

Britaniyaning Bellingcat surishtiruv guruhi bildirishicha, 2018 yilda GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani Britaniyadagi Solsberi shahrida zaharlashga aloqadorlikda gumon qilingan uchinchi shaxsning haqiqiy ismi aniqlandi. Bu haqda uning saytida xabar qilingan.

Bellingcat xodimlari surishtiruvi The Insider nashri, Chexiyaning Respekt, shuningdek, Finlyandiyaning Helsingin Sanomat gazetasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Ularning bildirishicha, Sergey Vyacheslavovich Fyodotov - aslida Rossiya TIV Diplomatik akademiyasi bitiruvchisi hamda GRUning yuqori darajadagi vakili Denis Vyacheslavovich Sergeyevdir.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Sergeyev, o‘zining o‘ylab chiqarilgan shaxsi kabi, 1973 yil 17 sentyabrda Qozog‘istondagi harbiylashgan kichik shahar Usharalda tug‘ilgan. U Krasnodar o‘lkasidagi Novorossiysk shahrida armiyada xizmat qilgan, 2000-2002 yillarda Moskvaga o‘tkazilgan hamda Diplomatik akademiyaga o‘qishga kirgan. Ko‘rsatilishicha, erkak uylangan, uning katta yoshli qizi bor.

Xabar qilinishicha, 2002-2012 yillarda Sergeyev o‘zining haqiqiy shaxsi ostida Rossiyadagi sakkizta kompaniya aksiyadori yoki boshqaruvchi direktori bo‘lgan - keyinchalik tugatilgan soxta korporatsiyalarda. Shu vaqt davomida u million dollarlik bank kreditini olgan.

Surishtiruvchilarning bildirishicha, u 2010 yilda yangi shaxsini olgan, pasport Skripallarni zaharlashda gumon qilinayotgan ikki boshqa shaxsga hujjatlar tayyorlagan bo‘lim tomonidan berilgan. U yerda tug‘ilish joyi Ryazan oblastining Apushka qishlog‘i sifatida ko‘rsatilgan. 

Qayd etilishicha, u o‘ylab topilgan nomi bilan chet elga ko‘p marotaba sayohat qilgan, ham Yevropada, ham Markaziy Osiyoda bo‘lgan. Shu bilan birga, Bellingcat’ning yozishicha, so‘nggi oylarda bu shaxsning mavjudligi haqidagi yozuvlarni o‘chirib tashlash bo‘yicha faol kampaniya o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Skripallarni zaharlashda qatnashgan uchinchi shaxs suiqasddan keyin Britaniyada qolgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid