O‘zbekiston | 17:10 / 15.02.2019
60859
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ikki yirik universitetni shahardan tashqariga chiqarish taklif etildi

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari​ Tursun Ahmedov O‘zbekistondagi ikki yirik oliy ta'lim muassasasi – O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti bino va joylashuvini shahardan tashqariga chiqarishni taklif etdi. Bu haqda 15 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Bu shunday bo‘ladi, degani emas. Biz oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tekshirish institutlari yirik shaharlarda qanday joylashtirilganini jahon tajribasi misolida chuqur o‘rgandik. O‘rganishlardan kelib chiqqan holda, aytish mumkinki, yirik institut va ta'lim muassasalari shahar tashqarisida yo atrofida joylashadi. Bu (o‘zgarish nazarda tutilmoqda - tahr.) ertaga bo‘ladi, degani emas. Balki, 5 yil yo ma'lum vaqtdan keyin bo‘lar, negaki, yirik megapolislarning o‘ziga xos qonuniyati bor. Unda ko‘proq biznes markaz, xizmat va savdo markazlari joylashadi, boshqa obektlar shahar atrofi yo tashqarisida bo‘lishi nazarda tutiladi», – deydi u. 

Ahmedovning ta'kidlashicha, urbanizatsiya darajasi asosan shaharlashuv, shaharda yashayotgani aholining o‘sib borishiga bog‘liq. Jahon tajribasini inobatga olib, shahar markazida bo‘lgan yirik ishlab chiqarish, obektlarni uning atrofiga joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, 1991 yil O‘zbekistonda shaharliklar umumiy aholining 40,3 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu raqam 50,6 foizga o‘sdi. 

«Urbanizatsiya darajasi bo‘yicha O‘zbekistonning jahonda tutgan o‘rni past. BMT xalqaro reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda 233 mamlakat orasida 155-o‘rinni egalladi. Vaholanki, bu sohada dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 55,3 foizdir», – deyiladi vazirlik axborotida.

Mavzuga oid