Qudratxo‘jayev: “Biz hali ham tosh asridamiz”. Toshkentda O‘zbekiston-Koreya Xalqaro media konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Osiyo qadriyatlarini qayta kashf etib” (Rediscovery of Asian values) nomli birinchi O‘zbekiston – Koreya Xalqaro ilmiy Media Konferensiyasi-2019 o‘z ishini boshladi. Unda Janubiy Koreya universitetlaridan tashrif buyurgan professor-mutaxassislar hamda o‘zbekistonlik professorlar, doktorantlar o‘z ma'ruzalari, taqdimotlari bilan ishtirok etishdi va sohadagi mavjud kamchiliklarni muhokama qilishdi.
Konferensiya doirasida bosma OAV va ularning transformatsiya jarayonida duch kelayotgan o‘zgarishlari, teleradiojurnalistikaning Osiyo mamlakatlarini birlashtirishdagi o‘rni, axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar sohasining rivoji, internet jurnalistikasi hamda zamonaviy mass-mediada kutilayotgan o‘zgarishlar mavzulari ko‘rib chiqildi.
Universitet rektori Sherzod Qudratxo‘jayev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida mazkur seminarning ahamiyati va kelgusidagi rejalar xususida aytib o‘tdi:
“Bizga ma'lumki, Koreyaning iqtisodi dunyodagi eng ilg‘orlardan biri hisoblanadi. Uni “mo‘jizalar mamlakati” deb ham atashadi. Lekin bu mo‘jizalarga yetishish uchun insonlar ancha ter to‘kishgan, zahmat chekilgan. Shu ma'noda Koreyaning tajribasi biz uchun juda muhim. Sababi, shu xalq bir g‘oya, bir maqsad yo‘lida birlashib, ikkinchi jahon urushidan keyin, atrofida qo‘zg‘olon bo‘lgan bir paytda, Yaponiyaning zo‘ravonliklariga qaramay, 30-40 yilda juda katta muvaffaqiyatga erishdi. Albatta, bunda jurnalistika katta o‘rin tutgan. Odamlarni uyg‘otish, yangi g‘oya bilan oziqlantirish, tadbirkor bo‘lishga, Vatanni sevib, uning rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shishda jurnalistikaning o‘rni katta bo‘lgan. Bugungi kunga kelib Janubiy Koreya iqtisodiy, inson kapitali, harbiy nuqtai nazardan dunyoning eng katta rivojlangan mamlakatlar sirasiga kiradi. Bugun biz Koreyaning tajribasidan foydalangan holda o‘zbek jurnalistikasida ham ana shu sifatlarni shakllantirishimiz kerak”.
Rektor shuningdek, Koreya jurnalistikasi Axborot texnologiyalaridan foydalanishda ham ancha ilg‘or ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi.
“Koreyaning yana bir o‘ziga xos jihati - AT sohasida rivojlangani, ijtimoiy tarmoqlarda ishlashi, kommunikatsiya sohasida to‘plagan boy tajribasi biz uchun juda ham kerak. Biz hali ham qaysidir ma'noda tosh asrida qolib ketganmiz. Ayniqsa, tuman gazetalarining adadi kamligi, majburiy obunalar kamaytirilganligi sababli gazetalar inqirozga uchradi. Biz hali ham shu inqiroz uchun koyib o‘tiribmiz. Yo‘q, biz bugun internet rivojlantirish orqali bu muammolarni hal etishimiz lozim. Bosma gazetalarda ham dolzarb masalalarni ko‘tarish, tahlil bilan yondashadigan bo‘lsak, ularning ham adadi oshadi. Chunki gazeta doimo kerak. Uni o‘qiydigan auditoriya mavjud. Kimdir planshet bilan o‘qisa, yana kimdir bir piyola qahva bilan gazetani varaqlashni xush ko‘radi.
Koreya televideniyesi o‘z tomoshabinlarini jalb etish uchun iste'dodidan foydalanib, noodatiy janrlarni ishlatadi. Bunda ular nafaqat o‘zining, balki Yevropa hamda Amerika tajribasini ham o‘rganadi. Biz esa Osiyo sharoitida Koreya jurnalistikasida mana shu xususiyatlarni olishimiz mumkin”.
Konferensiya so‘ngida ma'ruzachilarga universitet ma'muriyati tomonidan sertifikat berildi.
Ma'lum bo‘lishicha, mazkur seminar ikki tomonlama tashkil etilib, jurnalistika oliygohlaridan o‘zbekistonlik professorlar ham may oyida Koreyaga borib, tajriba oshirib, mahalliy OAV bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi. Shuningdek, koreyalik professorlar tomonidan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida onlayn ma'ruzalar, mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
15:42 / 30.10.2024
Ma’lumotlar “kaft ustida” bo‘lsa, to‘g‘ri qaror chiqarish ehtimoli ortadi – Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
12:29 / 03.10.2024
“Resurslar tugaydi, g‘oyalar esa yo‘q” – kreativ iqtisodiyot konferensiyasi davom etmoqda
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
10:27 / 24.05.2024