Jahon | 22:01 / 17.02.2019
23226
2 daqiqa o‘qiladi

Solsberidagi soborga Rossiya bayrog‘ini ilib ketishdi

Britaniyaning Solsberi shahridagi soborga Rossiya bayrog‘ini ilib ketishdi. Bu haqda mahalliy Spire FM radiosi xabar bergan.

Bayroq sobor binosiga yondashgan qurilish havozasiga osib qo‘yilgan. Uni 17 fevral tongida payqashgan. Bir necha soat o‘tib bayroqni olib tashlashgan.

Sobor bosh ruhoniysi Nikolas Papadopulos hodisani «ahmoqona harakat» sifatida baholagan.

Nashrlar bu ish Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlanganiga bir yil to‘lishi arafasida ro‘y berganiga e'tibor qaratishmoqda.

GRUning sobiq ofitseri Sergey Skripal va uning qizi Yuliya 2018 yilning 4 martida Solsberida noma'lum moddadan zaharlanishgandi.

Buyuk Britaniya hukumati bu ish GRU agentlari Ruslan Boshirov (haqiqiy ismi Anatoliy Chepiga) hamda Aleksand Petrov (haqiqiy ismi Aleksandr Mishkin) tomonidan sodir etilganini bildirgan. Bu shaxslar RT bosh muharriri Margarita Simonyanga bergan intervyusida barcha ayblovlarni inkor qilib, Solsberiga shunchaki aylanish uchun borishganini aytib o‘tishgan.

Mavzuga oid