Jamshid Kenjayev sud ishida navbatdagi guvoh ko‘rsatmalari e'tirozlarga sabab bo‘ldi
21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida boshlangan Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Sud jarayonining oldingi majlislarida ekspertlar va guvohlar so‘roq qilinib tinglangan edi.
Bugun, 21 fevral kuni sud jarayonining boshlanganiga bir oy bo‘ldi.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, bugungi majlisda Ibrohim Sindarov guvoh sifatida chaqirilgan. Guvohga sud hay'ati, davlat ayblovchisi, ayblanuvchilar va ularning himoyachilari savollar berib o‘tishgan.
«O‘sha kuni «Chinatown» kafesida tug‘ilgan kun nishonlagandik. U yerdan chiqib «Aurum-898»ga bordik. O‘yin-kulgi uchun 10-15 daqiqaga kirish niyatida edik. Kim bilandir urishishni xayolimizga keltirmagandik. U yerga 5 kishi bo‘lib borgandik. Ochig‘i, hammasi tez vaqt ichida bo‘lib ketdi. Ko‘p narsani bilmay ham qoldim. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin shok holatiga tushgandim. Ancha vaqtgacha o‘zimga kelolmay yurdim. «To‘xtanglar» deyilsa ham qo‘llaridagi tayoqlar, stullar bilan kelaverishdi. Men hammasini ko‘rishga ulgurmadim. To‘liq holatni keyinroq videoni ko‘rib bildim. Shodali Jamshid akam bilan nimalarnidir gaplashdi. Keyin Jamshid akam shapaloq qo‘yib yubordi. Mendan taxminan 2 metrlar narida turgani uchun nimalarni gaplashishgani menga qorong‘i. Ko‘p narsani ilg‘amay ham qoldim. O‘sha joyda qotib qoldim. Undan uyog‘ini aql ilg‘amay qoldi», deydi guvoh Sindarov.
Guvohning ko‘rsatmalari davomida unga nisbatan ko‘plab e'tirozlar bo‘lib turdi. Ayblanuvchilarning himoyachilari u tergovdagiga nisbatan boshqacha ko‘rsatma berganini aytishdi va bu haqida sud raisiga shikoyat bildirishdi.
Advokat va prokurorning savollaridan so‘ng, jabrlanuvchi (marhumning bevasi) o‘z savollarini berdi.
Sud majlisi yakunida jabrlanuvchi sud majlisiga bir necha savollar mavjudligi tufayli tergov o‘tkazgan shaxslarni ham chaqirishni so‘rab iltimosnoma taqdim etdi. Bunday savollardan biri nega aybdorlar kursisida atigi 4 kishi o‘tirgani bo‘yicha edi.
Sud hay'ati prokuror va ayblanuvchilardan iltimosnoma bo‘yicha fikrlarni tingladi. Iltimosnoma barvaqt topshirilgan deb hisoblanib, rad etish so‘raldi va raislik qiluvchi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etdi.
Boshqa guvohlar keltirilmagani sababli sud majlisi 28 fevral keyingi payshanba kuniga qadar qoldirildi.
Mavzuga oid
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024
“Xalqimizning soddaligi sabab bo‘lmoqda”- Toshkent shahar sudi raisi Panorama Airways ishiga to‘xtaldi
14:10 / 31.10.2024
Sudgacha sanatsiya qilish jarayonida davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi
18:06 / 17.10.2024