Sport | 21:59 / 21.02.2019
15893
3 daqiqa o‘qiladi

«U zalni hech narsaga ishlatib bo‘lmaydi». Vazir sobiq jamg‘arma moliyalashtirgan sport zallarini tanqid qildi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

2002 yilda O‘zbekistonda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tuzilgan va o‘tgan yilga qadar uning mablag‘lari hisobidan respublika bo‘ylab keng ko‘lamda sport majmualarini qurish ishlari olib borilgan edi. Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning fikricha, yillar mobaynida ushbu jamg‘arma tomonidan namunaviy loyihalar asosida sport inshootlarini bunyod etish ishlariga noto‘g‘ri yondashib kelingan.

«Yillar davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ko‘p-ko‘p sport inshootlari foydalanishga topshirilgan. Bilasizlar, ularning hammasi «tipovoy» bo‘lgan. Loyihalar beshta tipdan iborat bo‘lgan», – degan Nabiyevning matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Ularning qurilishiga joylashuvi, sharoitidan kelib chiqib yondashilmagan. Chunki, misol uchun, joylarda yurganda ko‘ramiz, 18x42 o‘lchamdagi katta zal, uni o‘rtasida bitta ring qo‘yib qo‘yadi. Shu bilan uni na mini-futbolga, na voleybolga, na basketbolga, na badminton va na gandbolga ishlatsa bo‘ladi. U zalni hech narsaga ishlatib bo‘lmaydi. Yoki teskarisi, zal kichkina. Bu sport zallari sport o‘yinlariga mo‘ljallanmagan va aholi sonidan kelib chiqmagan holda qurib qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan yurtboshimiz topshiriq berdilar. Bu tashabbus dastlab Sirdaryo viloyatida amalga oshiriladi. Tez bitadigan, yengil konstruksiyadan iborat, sendvich panellar asosida quriladigan yangi loyihalar ishlab chiqildi. Ular zamonaviy, ko‘p xarajat talab qilmaydi, isitish va sovutish ham oson. Bunday binolarga xizmat ko‘rsatish ham juda qulay», – deya aytib o‘tdi Dilmurod Nabiyev.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sport inshootlari qurilishi va ta'miri bo‘yicha 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil mart oyida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning hududiy bo‘linmalari tugatilib, ularning negizida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan edi.

Mavzuga oid