Sport | 16:50 / 22.02.2019
26913
2 daqiqa o‘qiladi

Javohir Siddiqov jamoasini o‘zgartirdi

O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Javohir Siddiqov jamoasini o‘zgartirdi. U yangi mavsumni «Paxtakor»da boshlaydi.

Tribuna.uz manbasi xabar berishicha, Siddiqov ijara asosida «Paxtakor»ga o‘tgan. 

22 fevral kuni «Qo‘qon-1912» jamoasi futbolchilari Toshkentda normativ topshirishdi, unda Siddiqov qatnashmadi. Kunning ikkinchi qismida esa futbolchi «sherlar» jamoasi mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.

22 yoshli ushbu futbolchi «Paxtakor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2016 yilda ijara asosida «Qo‘qon-1912» jamoasiga o‘tgandi, keyinchalik qo‘qonliklar futbolchining transfer huquqini sotib olishgandi.

Ta'kidlash kerakki, «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze jamoa Osiyo Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma olganidan so‘ng jamoa tez kunda yana bir transferni e'lon qilishini va bu legioner emasligini aytgandi.

Osiyo Kubogidagi ishtirokidan keyin Siddiqovga xorij klublaridan ham takliflar bo‘lgandi, ammo u OChL yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, «Paxtakor» taklifini qabul qilgani aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, OChL saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan «Paxtakor» 5 mart kuni guruh bosqichining birinchi tur o‘yinini Tehronda «Persepolis»ga qarshi o‘tkazadi. O‘zbekiston Superligasi esa 8 martdan boshlanishi e'lon qilingan.

Mavzuga oid