DTM siyosati qanday o‘zgarmoqda?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi joriy o‘quv yilida ko‘p o‘zgarishlar bilan oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonini taqdim etgandi. Aslida o‘zgarishlar haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yildayoq gapirgandi.
«Men o‘zim testga qarshiman. Test bo‘lsa ham kompyuterda topshiradi. O‘sha kuni bahosini olib ketadi. Natijani kutib yuradimi? Bu yil test imtihonlari qattiq bo‘ldi. Bundan keyin ijodiy imtihon olinadigan oliy o‘quv yurtlarida test bo‘lmaydi», — degandi davlat rahbari.
Kutilganidek, 2018/19 o‘quv yili OTM kirish imtihonlarida test sinovlarining javobi bir kunda e'lon qilindi. Test sinovlarining o‘zi esa naq 15 kun davom etdi. Bunga qanday erishildi, degan tabiiy va asosli savol paydo bo‘ladi. Quyidagi omillar test sinovlarini boshqacha tashkil etishga ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin:
* Alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san'at, dizayn, tasviriy va amaliy san'at, musiqiy ta'lim, san'atshunoslik, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta'lim yo‘nalishlarida test sinovlari bo‘lmadi;
* Davlat test markazi xodimlarining soni keskin ko‘paytirildi va test javoblari varaqchalarini tekshiradigan qo‘shimcha uskunalar sotib olindi;
* Xorijiy tilni bilish darajasini aniqlovchi standartlashtirilgan ayrim test natijalari kirish imtihonlari uchun haqiqiy deb tan olindi.
Davlat test markazi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa – test sinovlarini o‘tkazish jarayoni imkon qadar shaffof bo‘lishiga erishish bo‘lgandi. Aslida ham shunday bo‘ldimi? Yo‘q. Ayrim holatlarda kuzatuvchi sifatida rasman e'tirof etilgan jamoatchilik vakillari, ayniqsa jurnalistlar ham test sinovlari o‘tkazilayotgan binoga yaqinlashtirilmagan vaziyatlar kuzatildi. Qolaversa, qayerdadir abituriyentlarning bino hududiga kiritilishi qat'iy vaqt bilan chegaralansa, boshqa joyda bemalol kiraverishganini ko‘rganman. Bu ijtimoiy adolatsizlikdan ko‘ra, tashkiliy masaladagi no‘noqliklar, standart reglamentga barcha amal qilmaganini bildiradi.
Shuningdek, Axborot kommunikatsiya va texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlari qanchalik zamonaviy texnika va uskunalar yordamida abituriyentlarning identifikatsiyasini o‘rnatishga harakat qilmasin, ayrim hollarda bu muvafaqqiyatsizlik bilan tugagan. Gap shundaki, test sinovini tashkil etgan xodimlar abituriyentlarni xonalarga kiritishda sustkashlik qilgani, harakatlarni kech boshlagani tufayli uskunalar har odam yuzini taniy olmadi. 2018/19 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari shunday o‘tkazildi.
DTM buyog‘iga qanday yangiliklar tayyorlagan?
Birinchidan, hujjatlarni qabul qilish masalasida sarson bo‘lishlar oldi olinmoqda. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov avvalroq aytgandi, uning aytganlari esa amalda sinovdan o‘tdi. Ya'ni Davlat xizmatlari markazi tomonidan qabul qilingan hujjatlar Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarni ko‘p ovora qilmadi.
Joriy yilda OTM joylashgan hududdan qat'i nazar, abituriyent hujjatlarini o‘zi yashayotgan joyga yaqin joylashgan DXM yetkazib bersa bo‘ldi. Shu zahoti ochiq qolayotgan masalalar yuzasidan fikr yuritsak. Davlat xizmatlari markazi yirik hajmdagi ishni amalga oshirishga tayyormi? Bir vaqtning o‘zida boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xizmat sifati tushib ketmaydimi?
Yana bir boshqa masala esa abituriyent hujjatlarini topshirishi uchun to‘laydigan 10-20 ming so‘m, ammo shu paytgacha transportga falon pul sarflab poytaxtga kelib ketib yurgan odamlar uchun yaxshi imkoniyat-ku?
Ikkinchidan, abituriyent bir vaqtning o‘zida 3ta (balki bu son yana ko‘payib qolar) OTMga hujjat topshirishi mumkin. Bunday imkoniyatdan foydalanish uchun uning tanlovi bir-biriga mos kelishi, fanlardan tushadigan savollarning ketma-ketligi ham bir xil bo‘lishi so‘ralmoqda. Balki bu talab ham keyinchalik bekor qilinar. Eng asosiysi esa abituriyent o‘zi yashab turgan joydan uzoqlashmay test sinovlarida ishtirok etishi mumkin. Mana shu amaliyot qanday amalga oshirilishi ko‘pchilikka noma'lum. Lekin agar bu korrupsiyaga yo‘l ochsa, hozirdanoq bunday taklifdan voz kechgan ma'qul.
Shuningdek, DTM test sinovlarini topshirgan abituriyentga sertifikat berishni rejalashtirmoqda. Unda, masalan, abituriyentning kirish imtihonida to‘plangan ballari aks etadi. Kelasi yillarda ham bu ball haqiqiy bo‘ladi, sertifikat bilan uch yil o‘qishga topshirsa bo‘ladi.
Uchinchidan, xalqaro kuzatuvchilar va yangi moslamalar paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ochig‘i bu yangilik emas, har yili kuzatuvchilar soni, huquq-tartibot organlari xodimlari jarayonlarga jalb etilishi odatiy holga aylangan.
To‘rtinchidan, abituriyentlar endi kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun pul to‘lashadi. Bu yil ta'lim muassasalarini bitirishi nazarda tutilgan, birinchi marta o‘qishga kirishni istagan yoshlar uchun bepul, ammo qolganlar to‘laydi. To‘plangan pullar nimalarga sarflanishi borasida turli asoslar keltirildi. Lekin Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgani, uning hisoboti bizga noma'lumligi haqida hech kim gapirmayapti.
Shunga qaramay, men kirish imtihonlari pulli bo‘lishini oqlayman, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Negaki, o‘z-o‘zidan o‘qishga kirishni istab qolgan yoshlar sun'iy yuklamani tushiradi, bekorchi odam esa foydali ish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Masalaning boshqa tomoni borki, har qanday xorijiy OTMda abituriyentning ijtimoiy ahvoli inobatga olinadi va unga chegirma taqdim etilishi mumkin, ya'ni hali o‘qishga ham qabul qilinmay turib, hujjat topshirish uchun ham pul topolmagan yoshga imkoniyat berish yaxshi amaliyotlardan biri.
Men esa yana o‘sha fikrimda qolaman: magarki, jamiyatda shaffof va samarali test sinovlarini tashkil etishni istarkanmiz, biz undan voz kechishimiz kerak. Axir jahonning yetakchi universitetlari ham talabalarini o‘zi qabul qilib, bitiruvchilarni jamiyatga qo‘yib yuboradi. Bozor munosabatlari ta'limda ham dolzarb hisoblanadi.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
15:10 / 07.12.2023
Avval test ishlab, keyin qayerda o‘qish tanlanadi – 2024 yildan abituriyentlar qabuli o‘zgaradi
15:07 / 03.11.2023
Umumta’lim fanlaridan o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati e’lon qilindi
15:01 / 21.09.2023
Maksimal ball to‘plab kontraktga kirgan talabalar grantga o‘tkaziladi
08:22 / 12.09.2023