Aviakompaniyalar Hindiston-Pokiston mojarosi sababli o‘z yo‘nalishlarini zudlik bilan o‘zgartirishmoqda
Hindiston va Pokiston chegarasidagi mojaro sababli ikki yadroviy davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Ma'lum qilinishicha, Pokiston armiyasi 27 fevralda Hindistonning mamlakat hududini kesib o‘tgan ikkita harbiy samolyotini urib tushirdi.
Hindiston tomonining ta'kidlashicha, Kashmir ustida yuz bergan havo jangi Hindiston va Pokiston samolyotlarining urib tushirilishi bilan yakunlandi. Hind tomoni versiyasiga ko‘ra, Pokiston armiyasining F-16 qiruvchi samolyoti Hindistonning Jammu va Kashmir shtati hududini kesib o‘tgan, uni tutish uchun ikkita hind samolyoti havoga ko‘tarilgan. Havo jangida Pokiston samolyoti Hindistonning MiG-21 samolyoti tomonidan urib tushirilgan, biroq hind tomoni ham bitta MiG-21’ni yo‘qotgan.
Pokiston vakillarining ta'kidlashicha, Hindistonning ikkita samolyoti Pokiston havo hududini buzgan va mamlakat qurolli kuchlari tomonidan urib tushirilgan. Samolyotlardan biri Hindiston tomonga, ikkinchisi Pokiston tomonga tushgan.
Vaziyat keskinlashgandan keyin Islomobod o‘z havo hududini parvozlar uchun yopishga qaror qildi. Shu sababli dunyoning barcha aviakompaniyalari o‘z yo‘nalishlarini Pokistonni chetlab o‘tadigan qilib o‘zgartirmoqda. Butun dunyo bo‘ylab samolyotlar harakatlanishini kuzatuvchi Flightradar sayti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Pokiston ustidagi osmon bo‘m-bo‘sh. Osiyoga uchuvchi barcha samolyotlar Arabiston dengizi va Hindiston orqali uchmoqda.
TASS axborot agentligining xabar berishicha, Yevropada ham 400 ga yaqin reys yo‘nalishi o‘zgartirilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida Kashmir bahsli hududi sababli keskinlik o‘tgan asrning o‘rtalaridan beri davom etib keladi va 3 marta jangovar harakatlarga olib kelgan.
Mavzuga oid
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
15:12 / 09.11.2024