Light | 20:11 / 27.02.2019
12864
5 daqiqa o‘qiladi

Maktub haqida Tsvaygga maktub 

«Janob Tsvayg! Siz bu maktubni hech qachon o‘qimasligingizni men, albatta, ongli ravishda idrok etaman. Lekin baribir bu maktubni yozishga qaror qildim. Yozmasam bo‘lmasdi. Yozishga undagan narsa sizning «Notanish ayolning maktubi» asaringiz (mulohazalarimni maktub tarzida yozishga ham aynan asarning yozilish uslubi sabab bo‘ldi, ehtimol).

1920-1922 yillar mobaynida yozilgan «Notanish ayolning maktubi» (Brief einer Unbekannten) novellangizda kuchli dramatizm seziladi. 

Bu dramatizmning haqqoniyligiga birinchi jahon urushidan keyin odamlarda tug‘ilgan beparvolik, «faqat bugun yasha» kayfiyati paydo bo‘lishiga ham asos bo‘lsa, ajabmas. 

Asarda bitta markaziy personaj mavjud (asar nomidan kelib chiqqan holda, uning shaxsi noma'lum), fabula ham aynan uning taqdirini aks ettiradi. Shaxs psixologiyasining eng ichkari, eng nozik chizgilari muhabbatning hech kim aniq bilmaydigan, ayni vaqtda hammaga juda tanish ranglari bilan chizilgan. 

Balki bu asar psixoanalitik Zigmund Freyd bilan ko‘p muloqotda bo‘lganligingiz mahsulidir. 

13 yoshli qizchaning 25 yoshli yigitga bo‘lgan va umrining oxiriga qadar davom etgan muhabbati chizilgan asarni turk tiliga tarjima qilgan Ahmad Jamol uni «Muhabbat psixologiyasi» deb ataydi. Bir kambag‘al qiz o‘zidan 12 yosh katta, o‘z nazarida mukammal bo‘lgan qo‘shni yigitga mehr qo‘yadi (fikrimcha, otasi yo‘q, onasidan mehr ko‘rmagan qiz xayolan o‘zining najot farishtasini yaratadi va aynan o‘sha yigit timsolida uni ko‘radi).

Hali kichkina qizaloq bo‘lganida ham, durkun qiz bo‘lib yetishganda ham, ko‘cha-ko‘yda oshiqlari bilan yetaklashib yurganda ham, mahbubining farzandini dunyoga keltirgandan so‘ng ham, yigit (R. ismli yozuvchi) uni tanimadi, nigohlarini his etmadi. 

O‘z muhabbatiga faqatgina jism ehtiyojini qondirish istagini ko‘rsatuvchi javobni oldi. 

«Men sen uchun hatto ismsiz edim. Meni bir necha soniyagagina ko‘rgan xizmatkoring Jon ham meni tanidi hatto, ammo sen tanimading. Buning o‘rniga menga – bolaligidan borlig‘ini senga baxshida etgan, o‘zing ham tanimaydigan farzanding onasi bo‘lgan ayolga pul tiqishtirding...»

Bir o‘rinda qahramoningiz keyingi taqdirini (o‘quvchi uchun hech kutilmagan tarzda) quyidagicha bayon qiladi:

«O‘zimni sotdim. Fohisha yoki ko‘cha qizi bo‘lganim yo‘q, lekin o‘zimni sotdim.

Buni sen uchun, bolam uchun qildim...

Farzandimda sening timsolingni ko‘rardim, shuning uchun uning hech narsadan zoriqmay, bekamu ko‘st yashashini istadim...

Tanam faqat senga tegishli edi, lekin sen meni sevmading. Endi badanim nima bo‘lishi menga qiziq emasdi...» 

To‘g‘ri, bizning dunyoqarashlarimiz mutlaqo farqli. Siz g‘arb odamisiz, meni esa sharq tarbiyalagan. Yevropalik va osiyolikning nuqtai nazarlari kesishmasligi tabiiy.

Lekin, kechirasiz, o‘z muhabbatiga erisha olmaslik, sevgilisi tomonidan tan olinmaslik, javobsiz tuyg‘ular tanani sotish uchun asos bo‘la olmaydi. Hech bir jamiyat, hech bir aqidada. Agar javobsiz muhabbat bu uchun asos bo‘la olganda Yer yuzidagi ayollarning juda, juda ham ko‘pchiligi fohisha bo‘lib ketar edi. 

Ayol butun hayotini bitta maktubga sig‘dirib, hamma gapni sevgilisiga bildiradi. Lekin na ismi, na manzilini oshkor qiladi. Mahbubiga na xatosini tuzatishga, na barchasini o‘zgartirishga imkon beradi. Va moviy vaza bo‘sh qoladi... Bu juda original jazo. Bundan munosibrog‘ini o‘ylab topish qiyin.

Asar mutolaasidan so‘ng asabiylashdim, jahlim chiqdi. Lekin qog‘oz qoralagan shaxsning maqsadi ham aslida shu-ku: o‘quvchida salbiy bo‘lsin, ijobiy bo‘lsin – emotsional to‘ntarish hosil qila olish. Agar o‘quvchi befarq qolsa, hech narsani his etmasa, bu asar uchun ham, muallif uchun ham haqiqiy fiasko. Siz esa maqsadga erishdingiz. Tabriklayman».

Kitobxon
Stefan Tsvayg​, «Notanish ayolning maktubi»​

Mavzuga oid