Jahon | 16:38 / 27.02.2019
77613
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda tanasidan 10 ta igna topilgan chaqaloqning onasi 8 yilga qamaldi

Foto: ozodi.org

Tojikistonda 27 yoshli Muhayyo Yoqubova o‘z farzandining sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazganligi uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Hukm 26 fevral kuni Rudakiy tuman sudida chiqarildi.

Rudakiy tumanidagi Sarikishti qishlog‘ida yashovchi Muhayyo Yoqubova o‘g‘lining tanasiga 10 ta metall ignani atayin tiqqan, buning natijasida bola jiddiy zarar ko‘rdi, deya xabar berishgan «AP» suddan. Ammo, ular onani bunday shafqatsiz xatti-harakatni amalga oshirishga nima undagani bo‘yicha ma'lumot bermagan.

Foto: Videodan kadr

«Tojikiston Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Sog‘liqqa qasddan og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha ayol aybdor deb topildi. Hukm kuchga kirgunga qadar u ozodlikda bo‘ladi: ayol 10 kun ichida sud qarori bo‘yicha shikoyat bilan chiqishi mumkin», - deya ta'kidlab o‘tishgan sudda.

Foto: Videodan kadr

Shu bilan birga, Muhayyo Yoqubova o‘zini aybdor deb hisoblamayapti. «Ozodlik» radiosi bilan suhbatda u chaqaloqqa ignalarni tiqmagani va hech qachon bunday qilmasligi haqida  aytgan.

Ayol 2018 yil iyul oyida o‘z farzandi sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazganlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Avvaliga, u Rossiyada ishlayotgan erini qaytarish uchun shu ishni qilganini aytdi. Keyinchalik buni rad etdi va militsiya xodimlari tahdidi ostida tan olganini bildirdi.

Iyun oyi oxirida 9 oylik Mudassirning yaqinlari tanasida igna borligi payqab qolishgan hamda shifokorlarga murojaat qilishgan. U Milliy tibbiyot markaziga olib ketildi, shifokorlar esa IIVga ushbu holat haqida xabar berishdi.

Rentgen orqali tekshiruvda bolaning boshi, burnining ostki qismi, oyoqlari, bo‘yni, ko‘krak qafasi va boshqa a'zolarida ignalar borligi aniqlangan. 

Ayrim ignalar tananing ichiga chuqurlab ketgani oqibatida shifokorlar chaqaloqni qayta operatsiya qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Shifokorlar o‘shanda bu ignalar bola tanasida kamida uch oydan beri mavjudligini aytgan edilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2018 yil yanvar oyida 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan Azizbek Abdumajidov badanida 16ta po‘lat igna borligi aniqlanib, og‘ir ahvolda Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. U 17 yanvar kuni operatsiya qilindi. 9 soat davom etgan operatsiyada 10 ga yaqin shifokorlar ishtirok etdi va bolaning tanasidan 13 ta igna chiqarib olindi.

Azizbekning tanasiga ignalar qanday kirib qolgani hanuz sirligicha qolmoqda. O‘sha paytda ham uning badanida igna sanchilgani belgilari bo‘lmagan. 

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida voyaga yetmagan Azizbek Abdumajidovning ichki organlaridan ignalar topilgani holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish yoxud boshqa biron-bir jinoyat tarkibi aniqlanmaganini inobatga olib, 2018 yil 31 mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan harakatdan tugatish haqida qaror qabul qilingan.

Mavzuga oid