Sport | 12:40 / 28.02.2019
23784
9 daqiqa o‘qiladi

Beshafqat klasiko: «Barsa» ikkinchi raqamda o‘ynab «Real»ni sovrindan mahrum qildi

Foto: David Ramos/Getty Images

28 fevralga o‘tar kechasi Madridda Ispaniya Kubogi yarim finali doirasidagi javob uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

«Real» – «Barselona» – 0:3 (0:0)
Gollar: Suares, 50 (0:1). Varan, 69 – avtogol (0:2). Suares, 73 – penaltidan (0:3).
«Real»: Navas, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Regilon, Kroos, Kazemiro (Valverde, 75), Modrich, Vaskes (Beyl, 68), Benzema, Vinisius Junior (Asensio, 81).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto, Buskets (Artur, 86), Rakitich, Messi, Suares (Vidal, 78), Dembele (Koutinyu, 75).
Ogohlantirishlar: Vaskes, 58. Buskets, 65. Kazemiro, 72. Semedu, 81.
Hakam: Sanches Martines.
27 fevral. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.
Birinchi o‘yin – 1:1.

Ispaniya Kubogining yarimfinalidagi javob uchrashuviga bu ikki jamoa ikki xil kayfiyatda yetib kelgandi. Fevral oyini muvaffaqiyatli o‘tkazgan «Barselona» Madridga safar arafasida «Sevilya»ga qarshi yorqin o‘yin o‘tkazdi, Messi yubiley 50-het-trigini nishonladi hamda Suares golsiz seriyasini nihoyalashiga yordam berdi. «Real» esa avvaliga YeChL nimchorak finalida «Ayaks»ni bahsli vaziyatlardagi gollar bilan mag‘lub etdi, keyin ichki chempionatda autsayder «Jirona»ga o‘z maydonida yutqazdi, «Levante»ga qarshi safar o‘yinida penaltidan urilgan gollar evaziga qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Videotakrorlar bilan bog‘liq mojarolar klubni bosim ostida qoldirgandi.

«Real» oxirgi 4 mavsumda biror marta ham turnirning yarimfinaliga yetib kelmagan, o‘tgan mavsumlarda faqat «Barselona» kubokni o‘ziniki qilgandi. Birinchi o‘yindagi 1:1 hisobi tufayli madridliklar kelajakka umid bilan qarashayotgandi. Statistika ham yaxshilikdan mujda qilayotgandi: «Qirollik klubi» o‘z tarixida «Barselona»ga qarshi safardagi durang natijalardan keyin 38 holatdan 34tasida keyingi bosqichga chiqa olgan.

Bu o‘yin Messi uchun faoliyatidagi 40-klasiko edi, u endi Sanchis, Xento, Xavi va Serxio Ramos kampaniyasida.

Argentinalik futbolchi bu o‘yindan keyin qatorasiga oltinchi marta (rekord) Ispaniya Kubogi finaliga yo‘l oldi. Javob uchrashuvi yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida mahalliy muxlislar tribunalarni tark etayotgan, bu vaqtda Garet Beyl chap oyog‘ida to‘pni osmonu falakka yo‘naltirib, o‘yinga mantiqiy manzara baxsh etayotgandi. 

Holbuki o‘yin intrigasi birinchi bo‘limda ter Shtegen darvozasi yaqinida o‘lishi, qarama-qarshilik taqdiri hal bo‘lishi mumkin edi. 

Ammo klasikolarning «oxirgi romantigi» bo‘lib qolayotgan Vinisius Junior o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Shunday bo‘lsada, bu janubiy amerikalik talantning o‘yin davomidagi harakatlari muxlislarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Birinchi bo‘limdagi barcha e'tiborli lahzalar Vinisius ishtirokida kechdi. Avvaliga u raqib jarima maydonida Samedu tomonidan yiqitildi, hakam bu vaziyatni e'tiborsiz qoldirdi. Braziliyalik futbolchi bo‘lim davomida kataloniyaliklar mudofaasini bosim ostida ushlab turdi, ammo uning 5ta zarbasidan birortasi darvozaga kirmadi, ulardan eng xavflisi Regilonning pasidan keyin darvozabon hududida turib to‘pni darvoza to‘riga kirita olmagani bo‘ldi. Bo‘lim oxirida u Benzemani qulay vaziyatga chiqardi, ammo fransuz hujumchisi germaniyalik darvozabonga duelda yutqazdi, ter Shtegen oldingi vaziyatlardagi kabi o‘zini ko‘rsatdi.

Birinchi bo‘limda madridlik futbolchilarga aniqlik yetishmadi, kataloniyaliklar esa deyarli hujum qilishmadi va Navas darvozasi tomon birorta aniq zarba berishmadi - zarbalar bo‘yicha statistika Madrid foydasiga: 6(2) - 1(0). O‘yin hakami ham qator follarga qaramasdan, cho‘ntagidan kartochka chiqarmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq katalonlar kuch tejab o‘ynash qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishdi. O‘yinda ikkita hal qiluvchi vaziyat bo‘ldi: Ramosning xatosi va ter Shtegenning qahramonligi. Avvaliga Alba Karvaxalni dog‘da qoldirib, tezkor Dembeleni oldinga tashladi, fransuz futbolchisining jarima maydoniga tashlab bergan to‘piga birinchi bo‘lib Suares yetib keldi. Bu vaziyatda madridliklar sardori Serxio Ramos o‘ta sust harakat qildi va urugvaylik hujumchini qo‘riqlamadi, to‘p yo‘liga oyoq tashlaganida kech bo‘lgandi, Suares o‘zining 13-klasikosida 10-golini urdi.

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin mezbonlar to‘liq kuch bilan oldinga borishdi, ammo ter Shtegen hisob tenglashishiga yo‘l qo‘ymadi. Vinisiusning pasidan keyin Regilonning bosh bilan darvoza burchagi tomon yo‘llagan qaytarib bo‘lmas zarbasini qaytargan darvozabon o‘yindagi muvozanatni o‘zgartirdi. Agar bu vaziyatda hisob tenglashganida, o‘yin butkul boshqacha ssenariyda davom etgan bo‘lardi. Keyingi vaziyatda mehmonlarda hakamga e'tiroz uchun asos bo‘ldi, Rakitich raqib jarima maydoni tomon intilganida yiqitildi, ammo hakam folni qayd etmadi.

Undan keyingi vaziyatda esa Vinisius o‘z fintlari bilan Pike va Sameduning boshini aylantirib, zarba berish nuqtasiga chiqdi, ammo bu safar ham maqsadiga erisha olmadi. U o‘z texnikasi bilan vatandoshi Neymarni eslatib yubormoqda, ammo u gol urishni ham o‘rganishi kerak. Shundagina u jahon darajasidagi yulduzga aylana oladi.

U bu borada Luis Suaresdan o‘rnak olsa bo‘ladi. Urugvaylik hujumchi bu o‘yinda het-trik muallifi bo‘lishi mumkin edi. Ammo unga Rafael Varan to‘sqinlik qildi, 69-daqiqada u darvozabon hududida Dembele tomonidan Suaresga uzatilgan to‘pni qaytaraman deb o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.

Endi keyingi 20 daqiqa ichida mezbonlar 3ta gol urishi talab etilardi. Shu maqsadda oldinga tashlangan jamoa qarshi hujumni o‘tkazib yubordi, Kazemiro jarima maydonida Suaresni qo‘pollik bilan to‘xtatishga majbur bo‘ldi va hakam penalti belgiladi. Suares zarbani keyingi vaqtlarda Ramosning uslubiga aylanib borayotgan panenka uslubida ijro etdi - 3:0.

Bu o‘yinda kataloniyaliklarning asosiy futbolchisi Messi o‘ziga o‘xshamadi, u hech bir vaziyatda o‘zini ko‘rsata olmadi, balki endi unga klasikolar Ronaldusiz qiziq ham emasdir. Lekin uning passivligi «qaymoqranglilar»ga yordam bermadi. Ularning keyingi 5 yil ichida ilk marta Ispaniya Kubogi finaliga chiqish uchun umidi ko‘k-anorranglilar tomonidan «ko‘mildi». 

Futbolda adolat yo‘q, bu o‘yin bir tomon ustunligida o‘tib, ikkinchi tomonning yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.

«Real» 23 yil ichida birinchi marta bir mavsumda 5 marta yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi: «Sevilya» (0:3), «Barselona» (1:5),  «Eybar» (0:3), «TsSKA» (0:3), «Barselona» (0:3). 

Bu to‘qnashuv ikki prinsipial raqibning rasmiy musobaqalar doirasida kechgan 241-o‘yini bo‘ldi. Kechagi natijadan so‘ng jamoalarning El-klasikodagi g‘alabalari soni tenglashdi – endilikda «Barsa» hisobida ham «Real»dagi kabi 95ta g‘alabali klasiko o‘yini bor. Qolgan 51ta o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati bo‘yicha ustunlik hamon «Real» tarafida qolmoqda – 403:398

Santyago Solarini endi faqat Chempionlar ligasi qutqarishi mumkin - madridliklar boshqa turnirlarda sovrin yutish imkoniyatini yo‘qqa chiqarishdi. «Barselona» esa mavsumdagi gollari sonini 100taga yetkazgan holda sovrinlar uchun kurashni davom ettiradi.

Mavzuga oid