O‘zbekiston | 19:06 / 01.03.2019
22017
5 daqiqa o‘qiladi

«Pasport berish tizimida muammolar mavjud»​. Bosh vazirga parlament so‘rovi yuborildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi farmoniga muvofiq,  xorijga chiqish pasportini muomalaga to‘liq kiritish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev ma'lum qildi.

Senatorning ta'kidlashicha, parlamentariy tomonidan Ichki ishlar, Tashqi ishlar vazirliklari va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish va berish bilan bog‘liq qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilganda qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

«Xususan, fuqarolarga xorijga chiqish pasportini doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turadigan joylarida berish uchun ichki ishlar organlarining tuman (shahar) tarmoqlarida, Toshkent shahridan tashqari, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarining ma'lumotlarni yig‘ish punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Bugungi kunda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish va berish Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida, viloyatlar markazlarida, Toshkent shahar va Toshkent shahar tumanlari tarmoqlarida hamda Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida amalga oshirilmoqda xolos. Ya'ni bunday xizmatlar tumanlarda yo‘lga qo‘yilmagan»​, — deydi senator.

Dadaxo‘jayevning aytishicha, biometrik ma'lumotlarni yig‘ish qurilmalariga bo‘lgan minimal ehtiyoj Ichki ishlar vazirligi organlarida 213 ta va Tashqi ishlar vazirligi organlarida 51 ta bo‘lgani holda, 2019 yil 5 fevral holatiga mazkur qurilmalar faqatgina 34 tasi ichki ishlar vazirligi organlarida va 1 tasi Tashqi ishlar vazirligida o‘rnatilgan, xolos. 

«Bundan tashqari, ushbu qurilmalar bilan Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentidan tashqari xorijdagi birorta konsullik muassasasi ta'minlanmagan. Vaholanki, hech kimga sir emas millionlab vatandoshlarimiz bugungi kunda xorijda xizmat qilmoqda. Demak, konsulliklarda biometrik ma'lumotlarni yig‘ish qurilmalari o‘rnatilmaganligi bois millionlab vatandoshlarimiz xorijiy biometrik pasport olish uchun o‘z tumanlariga qaytishga majburdirlar. Bu esa ularga moddiy zarar keltirishi tabiiy»​, — deydi u.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida»​gi nizomda ichki ishlar organlariga kelish imkoniyati yo‘q, ya'ni jismoniy imkoniyati cheklangan, nogiron yoki kasalligi tufayli bir joyda qolgan yoxud tibbiy muassasalarda statsionar sharoitda davolanayotib, zudlik bilan chet elga jarrohlik va boshqa tibbiy amaliyotni o‘tkazish uchun chiqishi lozim bo‘lgan fuqarolarga pasport berilishi tartibga solinmaganini ta'kidladi.

«Shu bilan birga, belgilangan tartibga ko‘ra, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish va berish jarayonida Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Adliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat feldʼegerlik xizmati organlari ishtirok etishadi.

Biroq ular o‘rtasida ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, tushunmovchilik va sansalorliklarning oldini olish, har bir idoraga tegishli jarayon muddatini va mas'uliyatni belgilash borasida idoralararo hamkorlik to‘g‘risida normativ hujjat ishlab chiqilmagan»​, — deya qayd etdi Dadaxo‘jayev.

Senatda nutq so‘zlagan Farrux Dadaxo‘jayev birgina biometrik ma'lumotlarni yig‘ish qurilmalarining yetishmasligi, xorijga chiqish pasportini berish muddatlarining jiddiy buzilishiga sabab bo‘lishini aytdi.

Shu munosabati bilan Senat fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish bilan bog‘liq qonun hujjatlari ijrosi holati hamda ushbu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborish tashabbusini ma'qulladi.

Mavzuga oid