O‘zbekiston | 13:59 / 02.03.2019
7853
4 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida yangi markaz tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining "Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 30 oktyabrdagi PF-5564-son farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Tarmoq bozorlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi tashkil etilgan.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish;

ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga bo‘lgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek, ishlab chiqariladigan va iste'mol qilinadigan mahsulotlar ichki bozorda narxlarning o‘zgarishi haqidagi ma'lumotlar bazasini shakllantirish;

tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning o‘zgarishi dinamikasini tahlil va monitoring qilish hamda shu asosda tegishli takliflar tayyorlash;

tarmoq bozorlari kon'yunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks o‘rganish, ularning muvozanatli rivojlanishi to‘g‘risida takliflar tayyorlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Markaz direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlari sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining departamenti boshlig‘iga tenglashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining budjetdan tashqari Markazni axborot bilan ta'minlash va moddiy rag‘batlantirishni tashkil etish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Vazirlik va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning buyurtmalari bo‘yicha shartnoma asosida tovarlar va xizmatlar bozorini tadqiq etish borasida bajarilgan ishlar uchun olingan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar budjetdan tashqari Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilandi.

Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari;

budjetdan tashqari Jamg‘armaning to‘lov asosida bajarilgan ishlar uchun olingan mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi tugatilayotgan Tovar bozorlari kon'yunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertiza qilish respublika markazining asosiy vositalari, mulki va boshqa aktivlari, arxiv hamda boshqa hujjatlari Markazga berildi.

Mavzuga oid