Jamiyat | 21:43 / 11.03.2019
23606
5 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Marhamatda yo‘llar o‘nglangan, imlo xato to‘g‘rilandi, «astanopka»chi?

Bundan bir oy oldin, 7 fevral kuni Kun.uz saytida «Andijon tomonlarda: MarHamatning loy yo‘llari va yo‘lka ustidagi «astanopka» haqida» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Mazkur tanqidiy materialda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi bir talay salbiy holatlar keltirilgan.

Murojaatchilar tomonidan kelgan arznomaga asosan tuman markazi Mustaqillik ko‘chasidagi piyodalar yo‘lakchasi ustiga savdo do‘koni va bekat qurilayotgani bilan tanishib, bundan aholi vakillari noroziligi borasida tuman hokimligi vakillari bilan uchrashgan edik.

Shaharchadagi taksi haydovchilari bizga O‘zbekiston MFYdagi ko‘p qavatli uylarga olib boruvchi yo‘llarning ahvolini ko‘rsatishgan, aholi va transport qatnovi uchun yaroqsiz «so‘qmoq»lardan ishga qatnayotgan kishilar, maktabga borayotgan bolajonlar bilan suhbatlashib, mazkur holatlar maqolada suratlar orqali aks ettirilgandi.

 Uchinchi  muammo esa tuman hokimligi binosi peshtoqidagi imlo xatolar bilan bog‘liq edi.

Maqola e'lon qilingach, oradan bir kun o‘tib, hokimiyat binosi peshonasidagi imlo xato to‘g‘rilangani haqida ma'lumot olganmiz. Bu muammo katta mehnat talab qilmasligi uchun tez fursatlarda bartaraf etilgan.

Xo‘sh, O‘zbekiston MFYdagi yo‘l holati va Mustaqillik ko‘chasidagi trotuar ustiga qurilayotgan bekat masalalari qanday hal etildi? Biz aholidan takror tushgan arznomalardan so‘ng yana mavzuga qaytdik.

Yo‘llar ta'mirlangan

Tuman taksichilari bizni olib borib holatni ko‘rsatgan «Dukchi eshon» va «O‘zbekiston» MFY tutashgan joydagi ko‘pqavatli uylar atrofi yo‘llari bo‘yicha ma'lum ishlar amalga oshirilibdi.

Hududdagi «Oqibatli» va «Chorbog‘» ko‘chalarida yashovchi aholi va ularning farzandlari qatnaydigan 43-umumiy ta'lim maktabi va 20-maktabgacha ta'lim muassasasiga olib boruvchi yo‘llarda tekislash va shag‘allash ishlari olib borilgan. Umuman olganda, atrofidagi jami 2 kilometr yo‘llarda ta'mirlash ishlari yakunlangan. Ayni paytda mahalla aholisi ishga, ularning bolalari esa ta'lim maskanlariga «oyog‘i loy ko‘rmay» borib kelmoqda.

Trotuardagi bekat-chi?

Oldingi maqolada Mustaqillik ko‘chasining piyodalar o‘tish joyiga qurilayotgan bekatga alohida to‘xtalib, mazkur inshoot aholiga juda katta noqulayliklar tug‘dirayotgani haqida yozilgandi. Bu borada tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Omadbek Aslonov va tuman arxitektori muammoli holat tez orada hal qilinishini aytishgandi.

Oradan oy o‘tib, fuqarolar piyodalar yo‘lidagi bekat bo‘yicha umuman o‘zgarish bo‘lmagani haqida yana murojaat qilishdi.

Marhamat tumaniga borganimizda chindan ham Mustaqillik ko‘chasidagi bekat trotuarda turganiga guvoh bo‘ldik. Uning egasi do‘konni ishga tushirib, savdoni ham boshlab yuborgan. Fuqarolar «astanopka» orqasidan qisinib o‘tib yurishibdi.

Biz tuman hokimi bilan Shuhratbek Qamchiyev bilan suhbatlashdik. Mutasaddi bekat masalasida qaror va boshqa hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha ish ketayotgani va mart-aprel oylarida muammo to‘la bartaraf etilishini aytdi. Hokim matbuotda e'lon qilinayotgan har qanday tanqidiy-tahliliy maqola tuman hokimligi tomonidan e'tiborsiz qoldirilmasligiga alohida urg‘u berdi.

Kun.uz sayti fuqarolar murojaati asosida o‘sha joyga borib-o‘rganib yozilgan tanqidiy maqolalarga o‘z vaqtida ijobiy yechim topishga harakat qilgan mutasaddi tashkilotlar sa'y-harakatlarini ham yoritib bormoqda.

Marhamat tumani hokimligi ham kamchiliklarni bartaraf qilishga bel bog‘lagan.

O‘ylaymizki, tuman markazidagi bekat masalasi ham tez kunlarda aholi foydasiga hal bo‘ladi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid