2019/2020 o‘quv yilidan boshlab OTMga qabul davlat buyurtmasi asosida amalga oshirilishi mumkin
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:
oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga bo‘lgan davlat ehtiyojining parametrlari ishlab chiqilgan;
aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan davlat buyurtmasi, hamda bitiruvchilarning mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashuvi yuzasidan olib borilgan monitoring natijalari asosida, davlat ehtiyojlari uchun 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlari shakllantirilgan.
Belgilanishicha, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
oliy ta'lim muassasalariga qabul iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning maqsadli investitsion loyihalarni inobatga olgan holda Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sohalar uchun oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning Davlat buyurtmasi asosida;
qo‘shimcha qabul parametrlari oliy ta'lim muassasalari tomonidan mavjud quvvatlari va professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda real bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligini hisobga olgan holda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta'lim muassasasi (ta'lim yo‘nalishi)ga hujjat topshirish huquqi berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda abituriyentlarni bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmni ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tasdiqlanadi.
Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar beriladi:
bakalavriat ta'lim yunalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish;
bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq oliy ta'lim muassasasi (ta'lim yo‘nalishi)ga hujjat topshirgan abituriyentlarni kirish test sinovlari natijasiga ko‘ra to‘plagan ballari tavsiya etishga yetarli bo‘lgan oliy ta'lim muassasalariga taqsimlash;
yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat hamda magistraturaning davlat buyurtmasi parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish;
iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan tumanlarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.
Tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda tasarrufidagi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘yicha o‘rinlar kvotasini ta'lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda belgilangan davlat ehtiyoji parametrlaridan kelib chiqib, oliy ta'lim muassasalari tomonidan qo‘shimcha mustaqil belgilashlari mumkin bo‘lgan qabul ko‘rsatkichlarini aniqlab, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat komissiyasiga kiritilishini ta'minlaydi;
tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oliy ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki bo‘limlariga qabul kvotalari yuzasidan, salohiyatli talabgorlarning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ehtiyojlarini hisobga olib asoslangan takliflarni, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat komissiyasiga kiritadi;
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy ta'lim muassasalarini o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish, ularga moliyaviy masalalarda mustaqillik berish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024