Jamiyat | 23:25 / 14.03.2019
116554
9 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda hokim fermerlarni haqorat qilib, o‘tirgan stulini otdi

Ijtimoiy tarmoqda Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimi Alisher Salayev yig‘ilish vaqtida fermerlarni haqorat qilib, ularga o‘tirgan stulini otgani haqida xabar tarqaldi.

Gurlan tumani hokimi Alisher Salayev
Foto: Xorazm viloyati hokimligi

Xabarda yozilishcha, tuman hokimi 11 mart kuni hokimlik zalida o‘tkazilgan majlisda fermerlarni haqorat qilgan va 22 yoshli fermer Dilshod Do‘smetovga kursisini otgan.

Voqea tafsilotlariga ko‘ra, 12 nafar fermer zal sahnasiga chiqarilgan va Alisher Salayev tomonidan haqorat qilingan, bir fermer esa kaltaklangan. Xabarda keltirilishicha, tuman hokimi Alisher Salayev «Saxu diyori» fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Do‘smetovning o‘rniga majlisga kelgan 22 yoshli o‘g‘li Dilshod Do‘smetovga kursini otgan, natijada kursi unga kelib tekkan va sinib ketgan.

Audioni tinglash (Tas-IX)

Kun.uz muxbiri Gurlan tumani hokimi Alisher Salayev bilan uchrashib, bu voqea yuzasidan izoh oldi. Savollarga javob berish asnosida hokim o‘zi qilgan ishlarni yashirib o‘tirmadi, ammo voqealar rivoji boshqacha bo‘lganini aytdi.

«Xorazm viloyati hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Qo‘chqorov Yangibozor tumanida seminar-majlis o‘tkazdi. Unda Yangibozor tumanidan barcha fermerlar qatnashgan bo‘lsa, Gurlan tumanidan 57 fermer bormadi. Gurlan tumani hokimi sifatida bu holatdan qattiq izza bo‘ldim. Men ijro intizomiga amal qiladigan, shunga o‘rgangan rahbarman, qo‘l ostimdagilardan ham shuni talab qilaman.

Shundan so‘ng, shu kuni soat 11:00da tadbirga bormagan fermerlarni chaqirib, Gurlan tumani hokimligi zalida majlis o‘tkazdim. Shu majlisga ham 12 fermer kechikib keldi. Ularni sahnada turgizib qo‘yib tanbeh berganim rost. Jahlim chiqqanidan o‘zim o‘tirgan kursini ularning ustiga emas, minbardan pastga otganman. Mana bu kursini ko‘ring (stulni ko‘rsatib), bunday og‘ir kursini dast ko‘tarib, kimningdir ustiga qarata otib yuborish osonmi? Bundan tashqari, bunday kursi kimgadir borib tegsa, kursining oyog‘i emas, odamning bir joyi sinib ketadiku?

Jahl ustida qattiq gapirgan bo‘lishim mumkin, «harom» degan so‘zni ishlatdim, ammo hech kimning shaxsiyatiga tegadigan so‘zlar, uyat gaplar bilan haqorat qilmadim», - deydi Alisher Salayev.

Kun.uz muxbiri «Saxu diyori» fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Do‘smetovdan bu voqea yuzasidan izoh oldi. Ota hokimdan xafa emasligini bildirdi.

«Internetda tarqalgan bu xabarni o‘qib o‘zim ham hayron qoldim. Bu juda bo‘rttirilgan xabar ekan. Bundan tashqari, kimdir o‘g‘limni jabrlanuvchi qilib ko‘rsatibdi. Bilmadim, balki fermerlar ichida yoshi kichik bo‘lgani uchun shunday qilishgandir.

O‘g‘lim Dilshod mening o‘rnimga majlislarda qatnashib yuradi. Yangibozor tumanidagi tadbirga bormagan. Gurlan tumanidagi yig‘ilishga esa kechikib borgan. Shundan so‘ng, hokim kechikib borganlar qatori o‘g‘limni ham o‘rtaga chiqarib, tanbeh bergan. Menimcha, ish yuzasidan rahbar va xodim o‘rtasida bo‘ladigan gaplar. «Kursini o‘g‘limning ustiga otdi, kursi sinib ketdi», deb yozishibdi. Unday bo‘lmagan. O‘tirgan kursisini sahnadan pastga otgan, qarsillab polga tushgan, buni ovozidan ham sezish mumkin. Afsuski, bu voqea juda bo‘rttirilibdi.

13 mart kuni viloyat prokuraturasi o‘g‘limni chaqirdi, tekshiruv o‘tkazishayotgan ekan. Men ham birga bordim. Bo‘lib o‘tgan voqea to‘g‘risida so‘rashdi, shu gaplarni ularga ham aytib berdi. Hech kim bizga do‘q urmadi, bosim ham o‘tkazilmadi. To‘g‘risi, bu voqea juda ham bo‘rttirilishidan o‘zimiz ham taajjubdamiz», - deydi Shuhrat Do‘smetov.

Ayni paytda bosh prokuratura voqea yuzasidan tekshiruvlarni davom ettirmoqda.

Ma'lumot uchun, Alisher Salayev 2018 yilning dekabrida, prezidentning Xorazm viloyatiga tashrifidan keyin Gurlan tumanini 2012 yildan buyon boshqarib kelgan Qahramon Madrahimov o‘rniga tumanning yangi hokimi etib tayinlangandi. U muqaddam Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda hokim tomonidan mushtumzo‘rlik qilinishi yangilik emas. Bungacha ham bir necha marta zo‘ravon hokimlar haqida OAVga ma'lum bo‘lgandi.

Dilshod Rahmatullayev

Bunday voqealardan eng shov-shuvlisi 2017 yilning kuzida ro‘y bergan, Andijon shahri hokimi Dilshod Rahmatullayev maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini so‘kib haqoratlab, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urgani internetga «chiqib ketgan»di.

Keyinroq prokuratura tomonidan unga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan, u sud qarori bilan MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarimaga tortilgandi. 2018 yilning bahorida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokidagi yig‘ilishda ushbu holat esga olinib, Rahmatullayev oxirgi marta ogohlantirish olgandi.

 

2017 yilning avgustida Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev yig‘ilish vaqtida o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilgan holda maktab direktorlarini kaltaklagandi. Voqea tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqda tarqalib ketgach, hokim uzr so‘ragandi. Ammo zo‘ravon hokimga nisbatan ish ochilgan, 2017 yilning dekabrida uning harakatlarida MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr qimmatini qasddan kamsitish va 183-moddasi nazarda tutilgan mayda bezorilik, ya'ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish huquqbuzarligi alomatlari mavjud bo‘lgani sababli, unga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgandi. Hokim keyinchalik jarima to‘ladi va 2018 yilning yanvarida ishdan olindi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Shu yilning yanvarida esa Buxoro viloyati, Olot tumani hokimi Shavkat Salomov fermerlardan birini do‘pposlagan, fermerga tibbiy yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri kelgandi. Keyinroq viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev hokim va fermerni yarashtirib qo‘ygan, Sherali Salomov fermerdan uzr so‘ragan, fermer uning uzrini qabul qilgandi. Mushtumzo‘r hokimga chora ko‘rilmagandi.

Xorazmdagi voqea yuqoridagi misollardan Buxorodagisiga yaqinroq. Buxorodagi voqeada ham jabrlanuvchi tomon da'vosi yo‘qligini bildirgan. Natijada, sitamgar jazolanmay qolgan.

Nazariy jihatdan Gurlan tumani hokimining harakatlariga qarshi ham ma'muriy, ham jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkin.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41-moddasiga binoan, haqorat qilgani, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgani uchun eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilangan.

Shuningdek, hokimning harakatlari jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi ham mumkin. Jumladan, hodisaning holatlaridan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 205-moddasi («hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish») yoki 206-moddasi («hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») bilan javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Bunday holatda hokimga eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolari tayinlanishi ham mumkin.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasiga binoan, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar asosida jinoyat ishini qo‘zg‘atishi mumkin. Buning uchun jabrlanuvchining arizasi talab etilmaydi.

Lekin ko‘p ehtimolki, Xorazmdagi voqea ham Buxorodagisi kabi natijasiz yakunlanadi va ish «bosdi-bosdi» bo‘lib, hokim suvdan quruq chiqadi.

Mavzuga oid