O‘zbekiston | 09:00 / 17.03.2019
69688
5 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlikka sobiq nomzod Madaniyat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi va Yoshlar ittifoqi faoliyatini tanqid qildi

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalar xususida bildirilgan fikrlar va boshqa muammolarga munosabat bildirdi.

«Ikki kun avval men ko‘rdim, «Siyosiy partiyalar nima ish qilayapti, nimani hal qilishdi?», «Umuman partiyalar nima kerak o‘zi?» kabi savollarni. Tan olish kerak, so‘nggi ikki yil ichida hayot umuman o‘zgarib ketdi. Ochig‘ini aytaman, oldinlari siyosiy partiyalarni hech kim tan olmasdi, tuzuk gaplashmasdi. Hozir esa haftasiga kamida 2-3ta muammo, masalalar ko‘tarilgan xat vazirlik, idoralarga ketyapti. Lekin bizning bitta muammomiz bor: targ‘ibot-tashviqotimiz juda bo‘sh, sust», – deya partiya rahbarining so‘zlarini keltirmoqda O‘zA.

Otamuradovning fikricha, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar saviyasi, kadrlar salohiyati borasida ham ayrim muammolar bor.

«O‘tgan yili biz respublika bo‘yicha ma'daniy meros obektlarini inventarizatsiya qildik. Aslida bu ishni Madaniyat vazirligi qilishi kerak edi. Ular budjetdan bu ish uchun pul oladi, ammo qilmagan. Vazirlik qayerda nima joylashganini ham yaxshi bilmaydi, madaniy meros obektlari joylashuvi bo‘yicha bergan ma'lumotlarining 30-40 foizi noto‘g‘ri, obektlarning ba'zilari buzilib ketgan. Vazirlik ma'lumotiga qarasak, respublikada taxminan 7480ta obekt bor, aslida ular 6975ta. Qolganlari-chi? Yo‘q, joyi tep-tekis, asfalt yotqizilgan yoki umuman buzilib ketgan. Bundan tashqari, 370ta yangi madaniy obektni aniqladik. Bu yil hukumatga masala qo‘ydik, bu ishlar uchun avval ajratilayotgan 50 milliard so‘m mablag‘ni 67 milliardga chiqardik. Mahalliy budjet xarajatlaridan ortgan pulning bir qismini mazkur muammolarni hal etishga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qildik», – degan Otamurodov.

Uning ta'kidlashicha, ba'zi madaniy meros obektlarining kadastr hujjati yo‘q, davlat muhofazasiga olinmagan. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida joylashgan XVI asrda qurilgan qadimiy Abdulazizxon madrasasini omborxona qilib qo‘yishgan.

«Partiyamiz vakilari bilan bu hududni topib, o‘rganib, rasmlar, xulosalarni Madaniyat vazirligiga topshirdik, hozirda bu borada ishlar olib borilmoqda. Yil oxirigacha bu muammo hal etilishi kerak», – deydi u.

Otamurodovning so‘zlariga qaraganda, Xalq ta'lim vazirligi faoliyatida ham qator kamchiliklar bor. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakillari Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan 4ta maxsus maktabga borib vaziyatni o‘rgangan: 

«Ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat budjetidan ajratilgan pullar talon-toroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli, homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi. Maktabni bitiraman, deb turgan yoshlar harf tanimaydi, o‘z ismini ham yoza olmaydi. Bu juda achinarli, vaziyatni o‘rganib boshimiz qotib qoldi. Qani bu yerda Xalq ta'lim vazirligining mas'uliyati, nega bu muammolarga yetib borishmayapti? Bu savollarga javob so‘raydigan vaqt ham keldi. Biz bu maxsus maktablardagi muammolarni hukumat, Bosh vazir darajasigacha olib chiqdik, prokuratura organlari ham shug‘ullandi. Hozir biroz bo‘lsa-da vaziyat yaxshilanmoqda», – degan Sarvar Otamurodov.

Partiya markaziy kengashi raisining aytishicha, Yoshlar ittifoqining ham taqdim etayotgan ayrim statistikalari real hayotga mos kelmaydi, amalda bu ko‘rsatkichlar umuman boshqacha.

Eslatib o‘tamiz, Sarvar Otamurodov O‘zbekiston prezidentligi uchun sobiq nomzod hisoblanadi. U 2016 yilning dekabrida o‘tkazilgan saylovda «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etgandi.

Mavzuga oid