Jahon | 11:19 / 20.03.2019
71273
3 daqiqa o‘qiladi

Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishdi

Foto: Sputnik/RIA «Novosti»

Qozog‘iston Senati (parlament yuqori palatasi) raisi Qosim-Jomart Toqayev qasamyod keltirdi va mamlakat prezidenti lavozimiga kirishdi.

Tadbir parlament palatalari qo‘shma yig‘ilishida bo‘lib o‘tmoqda.

«Qozog‘iston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy rioya etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, Qozog‘iston Respublikasi prezidentiga yuklatilgan yuksak vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali ravishda qasamyod qilaman», - dedi Toqayev.

Bundan oldin, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z vakolatlarini topshirgandi. Bu haqda u 19 mart kuni televideniye orqali millatga maxsus murojaatida e'lon qildi.

«Men prezident sifatidagi o‘z vakolatlarimni tugatishga qaror qildim. Bu yil eng oliy lavozimni egallab turganimga 30 yil to‘ladi. Xalq menga mustaqil Qozog‘istonning birinchi prezidenti bo‘lish imkoniyatini berdi», — dedi Nursulton Nazarboyev jonli efirga namoyish etilgan murojaatida. 

Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashiga raislik qiladi. U umrining oxiriga qadar shu lavozimda qolishi mumkin. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi Qozog‘iston parlamenti tomonidan 2018 yil may oyida qabul qilingandi.

U shuningdek, «Nur-atan» partiyasi rahbari, mamlakat konstitutsiyaviy kengashi a'zosi hisoblanadi.

Shu tariqa, mustaqil Qozog‘iston tarixida ilk marta prezident o‘zgardi.

Qosim-Jomart Kemelevich Toqayev 1953 yil 17 may kuni Olmaotada tug‘ilgan, Qozog‘iston davlat arbobi, siyosiy fanlar doktori, sobiq bosh vazir (1999—2002), Senat raisi (16 oktabr 2013 yildan). 

1975 yilda SSSR tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro aloqalar institutini bitirgan. 1975-1979 yillarda - SSSRning Singapurdagi elchixonasi xodimi, 1979 yildan 1985 yilgacha SSSR Tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda ishlagan. 1985-1991 yillarda SSSR tashqi ishlar vazirligi Diplomatik Akademiyasida tahsil olgan. 1992-1994 yillar - Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, 1994-1999 yillar - tashqi ishlar vaziri, 1999-1999 yillar - bosh vazir o‘rinbosari, 1999-2002 yillar - bosh vazir, 2002-2007 yillar - tashqi ishlar vaziri, 2007-2011 - Senat raisi, 2011-2013 - BMT bosh kotibining o‘rinbosari – Jyenevadagi vakolatxonasi rahbari, 2013 yildan yana Senat raisi. Rus, fransuz, ingliz va xitoy tillarini biladi.

Mavzuga oid