Sport | 14:56 / 21.03.2019
11944
6 daqiqa o‘qiladi

Lyubinko Drulovich: «Iloji boricha ko‘proq gol urib, g‘alaba qozonmoqchimiz»

Ertaga Toshkentda 2020 yilgi Osiyo chempionati U-23 saralashining «F» guruhi bahslariga start beriladi. Unda O‘zbekiston, Tojikiston va Hindiston olimpiya terma jamoalari ishtirok etishadi.

Bugun, 21 mart kuni turnir oldidan uchala terma jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Tribuna.uz muxbiri mutaxassislarning o‘yinoldi fikrlarini keltirib o‘tdi.

Derrik Pereyra, Hindiston OTJ bosh murabbiyi:

«Toshkentga qisqa tayyorgarlik bilan tashrif buyurdik. Mamlakatimizda futbol mavsumi hali davom etayotgani uchun mashg‘ulotlarga vaqtimiz ko‘p bo‘lmadi. Jamoani imkon qadar jakllantirishga harakat qildik. Tarkibni imkon qadar belgilanganidan ham yoshroq futbolchilar bilan to‘ldirishga urinyapmiz. Bu yerga kelishdan oldin Qatarda yig‘in o‘tkazib, bu mamlakat termasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik.

Imkon qadar yosh futbolchilarni olib kelganimiz sababi – biz sekin-asta jamoaviy o‘yinni shakllantirishda yoshlarga ko‘proq tayanmoqdamiz. Ular orasida Jahon chempionatida qatnashganlari ham bor. Qolaversa, ayrim futbolchilarimizda jarohat bor. Biz kelajakni o‘ylagan holda ish tutyapmiz. Asosiy terma jamoa uchun o‘yinchilarni tayyorlab borishni ham maqsad qilganmiz. Shu bilan birga hozir ham yaxshi natijalar qayd etish niyatidamiz.

Raqiblarimizni imkon qadar o‘rganishga harakat qildik. Misol uchun, O‘zbekiston qit'ada o‘z o‘rniga ega. Ular – amaldagi chempion. Qolaversa, Tojikiston haqida ham faqat ijobiy fikrlar ayta olaman. Usmon Toshev bilan do‘stmiz. Uning jamoasi yaxshi shakllangan.

Raqiblarni o‘rgangan bo‘lsak-da, asosiysi o‘z o‘yinimizni namoyish eta olishimiz kerak.

Pokiston termasining ishtirok etmayotgani bizga foyda yoki ziyon ekani haqida bir narsa deyishim mushkul. Ular ham bo‘lishganida yana bitta ko‘proq o‘yin o‘tkazardik.

Ha, tayyorlanish uchun vaqtimiz ko‘p bo‘lmadi. Bu yerga kelishdan oldin birgina yig‘inda bittagina o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. Aslida Toshkentga ikki kun oldin kelmoqchi edik, ammo ba'zi muammolar sabab bugun yetib kela oldik. Shunday bo‘lsa-da, turnirni ijobiy ruhda o‘tkazmoqchimiz».

Lyubinko Drulovich, O‘zbekiston OTJ bosh murabbiyi:

«Bizni muhim musobaqa kutib turganiga aminman. Saralashni o‘z uyimizda o‘tkazyapmiz. Ikkala raqibni ham hurmat qilamiz. Maqsadimiz – barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish. Ispaniyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdik, futbolchilarning harakatlaridan qoniqish hosil qildim. Men ularga ishonaman.

Birinchi galda ertaga Hindistonga qarshi bo‘ladigan o‘yinga e'tibor qaratyapmiz. Yaxshi o‘yin ko‘rsatib, imkon qadar ko‘proq gol urishni ko‘zlayapmiz.

Hindiston haqida ma'lumotga egamiz, lekin men uchun asosiysi – o‘z jamoamning o‘yini, qanchalik ko‘proq gol ura olishimiz.

Pokistonning musobaqaga kelmagani bizning foydamizga ishlamaydi. Ko‘proq o‘yin o‘tkazgan bo‘lardik.

Amaldagi chempion ekanimiz bizga bosim yuklamaydimi? Bosim – futbolning ajralmas qismi. Bu haqda o‘ylayotganimiz yo‘q. Uni yengish uchun muxlislarimizning ko‘magi zarur bo‘ladi. Muxlislar ko‘p bo‘lsa, bizga yordamchi bo‘lishardi.

Bobur va Abrorning jismoniy holatida kichik muammo bor. Ular borasida bugungi mashg‘ulotdan keyin yakuniy qarorga kelamiz.

Superliga o‘yinlarida 22 yoshga to‘lmagan kamida bir nafar futbolchining maydonga tushirilishi majburiy etib belgilanganini hamma uchun foydali deb hisoblayman. O‘yinchilar qimmatli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishadi, o‘zlaridan katta futbolchilarga qarshi o‘ynashadi. Bu esa o‘z navbatida men uchun ham foydali. Bu qarorning ijobiy tomonlari ko‘p. Masalan, «Nasaf» yoki «Bunyodkor»da hozir ko‘proq yoshlar o‘ynashyapti.

Usmon Toshev, Tojikiston OTJ bosh murabbiyi:

«Avvalo Navro‘z bilan tabriklamoqchiman. Bu musobaqa biz uchun yaxshi xalqaro tajriba bo‘ladi. Turnirga reja bo‘yicha tayyorlandik. Yaxshi natija ko‘rsatishga urinamiz.

O‘zbekiston ham, Hindiston ham yaxshi jamoalar. Ularga yetarlicha qarshilik tug‘dira olamiz, deb o‘ylayman.

Pokiston OTJ ham kelsa, yaxshi bo‘lardi. O‘zbekiston va Hindistonning kuchini teng baholayman».

Ma'lumot uchun, saralashning «F» guruhidan Pokiston OTJ ham o‘rin olgan, ammo pokistonliklar Hindiston bilan siyosiy nizo keskinlashuvi fonida turnirda ishtirok etmasligi ma'lum bo‘ldi. Natijada guruh o‘yinlari taqvimi quyidagicha ko‘rinish oldi:

22 mart. O‘zbekiston - Hindiston
24 mart. Tojikiston - Hindiston
26 mart. O‘zbekiston – Tojikiston

Barcha uchrashuvlar «Paxtakor» markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi va soat 17:00da boshlanadi. Guruh g‘olibi, shuningdek, barcha guruhlarda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ikkinchi o‘rin sohiblaridan 4tasi 2020 yil yanvarida Tailandda o‘tadigan Osiyo chempionati final bosqichiga yo‘l oladi. Ushbu musobaqada eng yuqori 3ta o‘rinni olgan terma jamoalar Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Mavzuga oid