Jamiyat | 09:00 / 24.03.2019
32613
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligi Sarvar Otamurodovning tanqidiga javob qaytardi

Xalq ta'limi vazirligi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodovning Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan to‘rtta maxsus maktabdagi vaziyat yuzasidan bildirgan tanqidiy fikrlariga raddiya bildirdi.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda alohida sharoitlarda ta'minlash, tarbiyalash va ta'lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan to‘rtta ta'lim muassasalari mavjud. Bular Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tasarrufidagi Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji va Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Xalq ta'limi vazirligi tasarrufida Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidir.

Mazkur maktab-internatlariga ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining mohiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan, yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay, huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan 11—14 yoshli voyaga yetmaganlar ma'lum bir muddatga (6 oydan 3 yilgacha, to axloqan tuzalgunlariga qadar) joylashtiriladi. Tarbiyalanuvchilar axloqan tuzalganlaridan so‘ng, umumta'lim maktablarida ta'lim olishni davom ettiradi.

Xalq ta'limi tizimiga qarashli Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida jami 113 nafar tarbiyalanuvchiga 43 nafar, Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida jami 40 nafar voyaga yetmagan bolalarga 20 nafar pedagog ta'lim-tarbiya beradi.

«Ma'lumotlarda keltirilgan jumlalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, avvalo ‘… homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi’ qabilidagi gaplar keltirib o‘tilgan. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, vazirlik tasarrufidagi yuqorida keltirib o‘tilgan ta'lim muassasasida 11—14 yosh qizlar tarbiyalanadi. Tarbiyalanuvchi qizlar orasida esa bu kabi holatlar qayd etilmagan», — deyiladi bayonotda.

Vazirlikning e'tiroziga ko‘ra, xalq ta'limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar sud ajrimi va xalq ta'limi vazirligining yo‘llanmasiga asosan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan holda qabul qilinadi. Tarbiyalanuvchilarning homiladorligi haqida tarqatilgan noto‘g‘ri ma'lumotlar esa 11—14 yoshli qizlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tahqirlashga sabab bo‘lmoqda.

Sarvar Otamurodov maxsus maktablardagi ahvolni «kriminal bo‘lib yotibdi, davlat budjetidan ajratilgan pullar talon-taroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli» degandi.

Vazirlikning qayd etishicha, mazkur ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari 2018 va 2019 yillar davomida bir necha bor Bosh prokuratura, turli tashkilot va idoralar hamda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida ta'lim muassasasi faoliyati va tarbiyalanuvchilar tomonidan aytib o‘tilgan salbiy holatlar aniqlanmagan.

2016 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyevga raqiblik qilgan (va saylovchilarning atigi 2,35 foiz ovozini qo‘lga kiritgan) «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Sarvar Otamurotov o‘z chiqishida Xalq ta'limi vazirligini, Madaniyat vazirligi va Yoshlar Ittifoqini tanqid qilgandi.

Keyinroq Otamurodovning so‘zlariga javoban, Madaniyat vazirligi vakillari «tosh otishning turli yo‘llari borligini biz ham bilamiz» qabilida javob qaytargan edi.

Mavzuga oid